Metrologiyaning ahamiyati haqida hamma ham bilavermaydi. Biroq aslida hayotning o‘zi o‘lchovlar, tenglamalar, hisob-kitoblar, hisobchilar aytmoqchi, “balans”dan iboratdir.
Metrologiya sohasining Yangi O‘zbekistonda jadallik bilan rivojlanayotganiga barchamiz guvohmiz. Bu esa har bir mamlakat iqtisodiyoti uchun g‘oyatda oqilona yechim ekanini anglash vaqtiga yetganimizning belgisi. Ayniqsa, Xalqaro Savdo Tashkilotiga a‛zolikka intilayotgan mamlakat sifatida istiqbolimizni belgilashda “yetti o‘lchab bir kesish” amaliyotini joriy etishning ayni fursati ekani ham ayon.
Bu masalaning bir jihati bo‘lsa, undanda muhimroq yana bir tomoni bu – sifat sari jiddiy qadam qo‘yayotganimiz, deb o‘ylayman. Ko‘pchilik nazdida «balans» iborasi faqatgina iqtisodchi-yu hisobchilargagina tegishli so‘zdek tuyuladi. Aslida, nazarimda bu so‘z o‘ta hayotiy va hammaga birdek tegishli atamadir.
Nega deng! Keling ijodkorlik bilan bog‘liq jihatlariga bir nazar tashlab ko‘raylik.
She’riyatda bo‘g‘inlarsiz ish bitmaydi. Demak, avvalo, har bir qatorning o‘z o‘lchovi borki, undan chiqib keta olmaysiz. Yanada muhimrog‘i, fikrning tugallanishi. Bu nafaqat nazmda, balki jurnalistika va badiiy ijodning barcha janrlariga daxldor talablardan hisoblanadi. Olaylik, publitsistika jurnalistikaning eng murakkab, takomilga yetgan janri bo‘lsa, unda siz ayni o‘sha balansni ta’minlaydigan darajadagi mavzuning tahlilini qilib berishingiz zarur. Ko‘tarilayotgan mavzularning nechog‘li ochib berilishi, muammolarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish bilan birga, uning xulosasidagi yechimlarini ham ayni o‘sha sabablarni hisobga olib ko‘rsatib berishingiz lozim. Shu ma’noda, balans va o‘lchovlar hamma narsada ehtiyoji barqaror bo‘lgan tushunchaligiga shubha yo‘q. Ol-a, demoqchimisiz? Buning aksini isbotlab bera olasizmi? Albatta, yo‘q!
Mana shularni e’tiborga olib, bugun kasb bayramini nishonlayotgan metrologlarimizga faqat o‘zlari uchun emas, jamiyatning har bir yo‘nalishidagilarga hushyorlik, bedorlik, mas’uliyat, talab va ehtiyojlarni teran anglab ish tutishga undab kelayotganliklari uchun – “Sizlarga barakalla!” deydigan kunimiz deb bilaman.
Metrologiya qanchalik rivojlansa, jamiyatda odamlar o‘z haddini, burchi va mas’uliyatini, huquq va imtiyozlarini yanada teranroq anglay boshlaydi. Men yuqorida keltirgan dalillar balki, bilvositaligi bilan kimdadir shubha uyg‘otar, biroq nazarimda har bir so‘zni aytish va yoki yozishdan oldin u qanday oqibatga olib keladi, muammo va qo‘yilayotgan masalaga nechog‘li xizmat qiladi, uning yuki qanday, natijasi nima bo‘ladi, degan savollarda ham hisob-kitob bor, demak o‘sha “balans” kelib chiqishi lozim. Sabab va oqibat bir-biri bilan mutanosib bo‘lishi darkor. Gap shu haqida edi.
Aziz metrologlar! Sizlar bizga qadrdonsizlar! Sharafli mehnatingizda unum bo‘lsin, yuzingiz hamisha yorug‘ bo‘lsin!
Sizlarga hurmat va ehtirom bilan,
Husan Ermatov,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Oliy Majlis Senati a‛zosi