- Журнал "Экономический Вестник Узбекистана" - https://evu.uz -

(O´zbek) MAMLAKATNI BIRLASHTIRGAN ALOQA: O‘ZBЕKISTON RAQAMLI TARAQQIYOTINING 35 YILI

Извините, этот техт доступен только в “O´zbek [1]”. For the sake of viewer convenience, the content is shown below in the alternative language. You may click the link to switch the active language.

Muhim infratuzilma sifatida telekommunikatsiya:

  

telefon tarmoqlaridan raqamli iqtisodiyot poydevorigacha O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik taraqqiyot yo‘liga nazar tashlasak, bu davrni mamlakatning nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki texnologik jihatdan ham tubdan yangilanish davri sifatida baholash mumkin. O‘ttiz besh yil davomida O‘zbekiston zamonaviy infratuzilmani shakl­lantirdi, tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirdi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Bu jarayonda telekommunikatsiya tarmoqlari alo­hida o‘rin egalladi. Chunki bugun aloqa – shunchaki telefon orqali suhbatlashish yoki ma‛lumot uzatish vositasi emas. U bank tizimi, sanoat korxonalari, elektron tijorat, davlat xizmatlari, ta‛lim, tibbiyot, transport, moliya bozori va millionlab raqamli xizmatlarning uzluksiz ishlashini ta‛minlaydigan iqtisodiy infratuzilmaning muhim qismiga aylandi. Shu ma‛noda, O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasining 35 yillik taraqqiyotini mamlakat iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasi tarixi sifatida ham ko‘rish mumkin.

  

Telefon liniyasidan raqamli infratuzilmagacha

  

Bu o‘zgarishlarni milliy telekommunikatsiya operatori Uztelecom misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bir necha o‘n yilliklar davomida an‛anaviy telefon tarmoqlariga ta­yangan kompaniya bugun optik tolali aloqa liniyalari, yuqori tezlikdagi internet, mobil aloqaning yangi av­lodlari, ma‛lumotlar markazlari, xalqaro kanallar va raqamli xizmatlarni qamrab olgan keng infratuzilma tizimiga aylandi. 2026-yil boshiga kelib Uztelecom­ning optik tolali aloqa liniyalari uzunligi 350 ming kilometrdan oshdi. GPON texnologiyasi asosida yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyati mamlakatning barcha aholi punktlarida yaratildi. Bu raqamning o‘ziyoq o‘zgarish ko‘lamini tasavvur qilishga imkon beradi. Ammo optik tolaning har bir kilometri ortida oddiy texnik ko‘rsatkichdan ancha katta iqtisodiy mazmun bor. Chunki zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi orqali insonning ta‛lim olish, tadbirkorlik qilish, ishlash, davlat xizmatlaridan foydalanish va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlari kengayadi. Shuning uchun raqamli infratuzilmaga kiritilgan investitsiyani faqat telekommunikatsiya sohasiga qilin­gan sarmoya sifatida baholash to‘g‘ri emas. Uning ta‛siri iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlariga tarqa­ladi. Raqamli masofa qisqarmoqda Raqamli transformatsiyaning eng muhim natijalaridan biri – internetdan foydalanish imkoniyatining geografik jihatdan kengayishidir. O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchi aholi ulushi 2016-yildagi 46,8 foizdan 2025-yilda 94,2 foizga yetdi. Bu o‘sish ortida optik tolali tarmoqlarni kengaytirish, mobil infratuzilmani modernizatsiya qilish, yangi bazaviy stansiyalar o‘rnatish va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni raqamli tarmoqlarga ulash kabi ko‘p­lab jarayonlar turibdi. Bu yerda masalaning iqtisodiy tomoni ayniqsa muhim. Raqamli infratuzilma qanchalik keng bo‘lsa, inson yoki biznesning imkoniyatlari uning geografik joylashuviga shunchalik kam bog‘liq bo‘­ladi. Tuman markazidagi tadbirkor ham onlayn bozorga chiqishi mumkin. Qishloqdagi o‘quvchi ta‛lim platformalaridan foydalanishi mumkin. Mutaxassis masofadan turib ishlashi, fuqaro esa davlat xizmatlarini elektron shaklda olishi mumkin. Demak, telekommunikatsiya infratuzilmasi nafaqat texnologik taraqqiyot, balki hududiy iqtisodiy ta­fovutlarni qisqartirish vositasi hamdir.

  

Aloqaning yangi avlodi

  

Mobil aloqa sohasidagi o‘zgarish­lar ham ana shu jarayonning muhim qismi bo‘ldi. 2023-yilda Uztelecom keng ko‘­lamli modernizatsiya doirasida 6 mingdan ortiq tayanch aloqa stansiyalarini o‘rnatdi va yangiladi. 2024-yilda mamlakatning barcha viloyat markazlarida 5G texnologiyasi joriy etildi. Toshkent va Samarqand shaharlari esa beshinchi avlod mobil tarmog‘i bilan to‘liq qamrab olindi. Biroq 5Gning ahamiyati faqat yuqori tezlikdagi mobil internet bilan cheklanmaydi. Yangi avlod tarmoqlari sanoat­dagi “Internet of Things” – buyumlar interneti, aqlli transport, Smart City, teletibbiyot, avtomatlashtirish va katta hajmdagi ma‛lumotlarni tezkor uzatishni talab qiladigan texnologiyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. O‘zbekiston bu jarayonda faqat mavjud texnologiyalarni joriy etish bilan cheklanmadi. 2024-yil sentyabr oyida ICTWEEK Uzbekistan doirasida 5.5G yoki 5G-Advanced texnologiyasi sinov tariqasida ishga tushirildi. Bu O‘zbekiston va MDH makonidagi dastlabki shunday sinovlardan biri bo‘ldi. 2025-yilda esa uy interneti uchun 10 Gbit/s gacha tezlikni ta‛minlash imkonini beruvchi XG-PON texnologiyasini joriy etish yo‘lida yangi qa­dam tashlandi. Bu yerda rekord darajadagi tezlikning o‘zi emas, balki yaratilgan raqamli quvvat zaxirasi muhim. Chunki yuqori o‘tkazuvchanlik qobiliyati kelgusida bulutli texnologiyalar, sun‛iy intellekt, katta ma‛lumotlar, masofaviy ish, multimedia xizmatlari va intellektual qurilmalarning rivojlanishi uchun zarur shartlardan biridir.

  

Ko‘zga ko‘rinmaydigan, ammo strategik ahamiyatga ega infratuzilma

  

Raqamli iqtisodiyotning eng muhim qismlaridan ayrimlari oddiy foydalanuvchiga deyarli ko‘rinmaydi. Bular – ma‛lumotlar markazlari, ma‛lumotlarni saqlash tizimlari, rezerv kanallar, tarmoqlarni boshqarish va raqamli xizmatlarning uzluksiz ishlashini ta‛minlaydigan muhandislik infratuzilmasidir. Uztelecom ma‛lumotlar markazlari infratuzilmasini ham bosqichma-bosqich rivojlantirmoqda. 2026-yilda Ohangaron, Qo‘qon va Buxorodagi data-markaz loyihalarining Uptime Institute tomonidan «Tier III TCDD» xalqaro sertifikatiga sazovor bo‘lishi bu yo‘nalishdagi muhim natijalardan biri bo‘ldi. Bunday daraja infratuzilmaning ayrim elementlariga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonida ham ma‛lumotlar markazi faoliyatini uzluksiz saqlab qolish imkonini beradi. Hududiy ma‛lumotlar markazlarining rivojlanishi esa yanada keng strategik ahamiyatga ega. Raqamli resurslarni foydalanuv­chiga yaqinlashtirish, yagona markazga bog‘liqlikni kamaytirish va axborot tizimlarining barqarorligini oshirish raqamli iqtisodiyotning ishonch­liligini ta‛minlaydi. Inqiroz davrida aloqaning haqiqiy qiymati Infratuzilmaning haqiqiy ahamiyati odatda oddiy kunlarda emas, balki favqulodda vaziyatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Bunga pandemiya davri misol bo‘la oladi. O‘sha davrda mamlakat bo‘ylab 300 dan ortiq mobil avariya brigadalari faoliyat olib bordi. 1 401 ta tibbiyot muassasasi uchun 3 625 kilometr, 9 471 ta ta‛lim muassasasi uchun esa 2 213 kilometr optik liniya yotqizildi. Yangi liniyalarning umumiy uzunligi 11 625 kilometrga yetdi. Onlayn darslar, shifokorlar bilan masofaviy maslahatlar, davlat yig‘ilishlari va ishchi uchrashuvlarni tashkil etish uchun milliy videokonferens­aloqa platformasi ishga tushirildi. 6 mingdan ortiq internet-resurs uchun tariflanmaydigan kirish imkoniyati yaratildi. Bu tajriba muhim bir haqiqatni ko‘rsatdi: aloqa infratuzilmasiga qilingan investitsiya – mamlakat barqarorligiga qilingan investitsiya hamdir. Tinch davrda u iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi. Inqiroz paytida esa ta‛lim, tibbiyot, davlat boshqaruvi va biznes kabi muhim jarayonlarning uzluksizligini ta‛minlaydi.

  

Tarmoqdan raqamli ekotizimga

  

Texnologiyalar rivoji bilan birga foydalanuvchining raqamli xizmatlar bilan munosabati ham o‘zgarmoqda. Bunga MyUztelecom misol bo‘la oladi. Dastlab asosan balans va xizmatlarni boshqarish vositasi sifatida qabul qilingan mobil ilova bugun mobil aloqa, uy interneti, telefoniya, to‘lovlar va boshqa xizmatlarni birlashtiruvchi ko‘p funksiyali raqamli platformaga aylandi. Ilovaning Google Play platformasidagi yuklab olishlari 5 milliondan oshgan. Bu faqat bir mobil ilovaning ommalashuvi emas. U raqamli iqtisodiyotda xizmat ko‘rsatish modeli qanday o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Foydalanuvchi endi alohida-alo­hida xizmatlar emas, balki yagona raqamli muhitdan foydalanishni istaydi. O‘zbekiston global raqamli tarmoqda Milliy telekommunikatsiya infratuzilmasining rivojlanishi xalqaro ra­qamli aloqalarning kengayishi bilan bir vaqtda kechmoqda. Uztelecom global internetga ula­nishning 13 ta xalqaro kanaliga hamda Frankfurt-Mayn, Moskva va Gonkongdagi mavjudlik nuqtalariga ega. Bunday infratuzilma O‘zbekistonning jahon raqamli makoniga integratsiyalashuvi uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Xalqaro kanallarning mavjudligi jahon raqamli platformalariga kirish­ni ta‛minlash bilan birga, elektron tijorat, xalqaro biznes, transchegaraviy ma‛lumotlar almashinuvi va ra­qamli xizmatlar eksporti uchun ham muhim shart hisoblanadi. 5Gdan sun‛iy yo‘ldoshgacha Telekommunikatsiya texnologiyalarining keyingi chegaralari ham allaqachon ko‘rina boshladi. 2026-yil may oyida Samarqandda O‘zbekistonda ilk bor sun‛iy yo‘l­dosh va yer usti mobil aloqasini birlashtirish imkonini beruvchi Direct-­to-Device texnologiyasi namoyish etildi. Sinov jarayonida oddiy Android smartfonlari sun‛iy yo‘ldosh va mobil tarmoqlar kombinatsiyasi orqali matnli va ovozli xabarlar almashinuvida ishtirok etdi. Bunday texnologiyaning iqtisodiy ahamiyati, avvalo, yer usti infratuzilmasini qurish qiyin yoki iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lgan hududlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Tog‘li va olis hududlarda aholi, sayyohlik obyektlari, transport tizimlari hamda muhim infratuzilmalarning aloqa imkoniyatlarini kengaytirishda sun‛iy yo‘ldosh texnologiyalari qo‘shimcha yechim vazifasini bajarishi mumkin. Shu tariqa, telekommunikatsiya infratuzilmasi endi faqat yer usti tarmoqlari bilan cheklanib qolmayapti.

  

Xalqaro e‛tirof – natijaning bir ko‘rsatkichi

  

Uztelecomning texnologik taraq­qiyoti xalqaro miqyosda ham e‛tirof etib kelinmoqda. 2022-yilda kompaniya MDH mam­lakatlarining eng jadal rivojla­nayotgan mintaqaviy operatori sifatida e‛tirof etildi. 2023-yilda MDH mintaqaviy operatori unvonini oldi. 2024-yilda 5G loyihasini ishga tushirgani uchun xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi. 2025-yilda Markaziy Osiyodagi texnologik yutuqlari xalqaro mukofot bilan taqdirlandi. 2026-yilda esa CC-Global Awards mukofotining «MDH mamlakatlari orasida yilning eng yaxshi operatori» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishdagi yetakchiligi va O‘zbekistonning raqamli trans­formatsiyasiga qo‘shgan hissasi uchun Brand Awards International mukofotiga sazovor bo‘ldi. Kompaniyaning ESG yo‘nalishi­dagi natijalari ham e‛tiborga loyiq. 2026-yilda Sustainable Fitch tomonidan ESG reytingi doirasida 100 ballik shkalada 77 balllik yakuniy baho berildi. Bunday ko‘rsatkichlar kompaniya faoliyatida texnologik samaradorlik bilan bir qatorda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv omillariga ham e‛tibor kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Asosiy natija – texnologiya emas, imkoniyat Biroq telekommunikatsiya sohasining 35 yillik taraqqiyotini faqat kabellar uzunligi, bazaviy stansiyalar soni yoki internet tezligi bilan baholab bo‘lmaydi. Har bir raqam ortida inson va biznes uchun yangi imkoniyatlar turibdi. O‘quvchi ta‛lim platformasiga kiradi. Shifokor masofaviy konsultatsiya o‘tkazadi. Hududdagi tadbirkor yangi bozorga chiqadi. Kompaniya biznes jarayonlarini bulutli texnologiyalarga o‘tkazadi. Fuqaro davlat xizmatidan masofadan foydalanadi. Mutaxassis o‘z kasbiy salohiyatini mamlakatning istalgan hududidan turib xalqaro bozorga taklif qilishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, telekommunikatsiyani rivojlantirish – inson kapitali, tadbirkorlik va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini rivojlantirish demakdir. 35 yil davomida «masofa» tu­shunchasining o‘zi o‘zgardi. Ilgari jismoniy mavjudlikni talab qilgan ko‘plab jarayonlar bugun raqamli muhitda amalga oshirilmoqda. Bilim, xizmat, hujjat, moliyaviy operatsiya, ishbilarmonlik muloqoti va kasbiy ko‘nikmalar axborot tarmoq­lari orqali bir zumda uzatilishi mumkin. Bu esa iqtisodiy faollikning geografiyasini ham o‘zgartirmoqda. Keyingi 35 yil bugundan boshlanadi Mustaqil O‘zbekistonning texnologik taraqqiyot tarixi bir muhim qonuniyatni ko‘rsatadi: har bir yangi texnologik avlod keyingi bosqich uchun poydevor yaratadi. Mamlakat analog telefon tar­moqlaridan raqamli kommunikatsiya tizimlariga o‘tdi. An‛anaviy liniyalar o‘rnini yuz minglab kilometr optik tolali tarmoq­lar egalladi.  

  

Mobil aloqa 5G va 5.5G texnologiyalari sari rivojlandi.

  

Alohida server maydonchalari o‘rnini zamonaviy ma‛lumotlar markazlari egallay boshladi. Yer usti tarmoqlaridan tashqari, oddiy mobil qurilmalar orqali sun‛iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanish texnologiyalari sinovdan o‘tkazilmoqda. Keyingi bosqich esa yanada mu­rakkab va katta imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Sun‛iy intellekt, bulutli hisoblash, kiberxavfsizlik, IoT, avtomatlashtirish, Smart City va mobil aloqaning yangi avlodlari yuqori sifatli va barqaror raqamli infratuzilmani talab qiladi. Demak, mustaqillikning 35 yilligi telekommunikatsiya sohasi uchun yakun emas. Aksincha, bu – erishilgan natijalarni baholab, keyingi taraqqiyot uchun qanday poydevor yaratilganini anglash nuqtasidir. Bugun O‘zbekistonda bir necha o‘n yil avval tasavvur qilish qiyin bo‘lgan raqamli infratuzilma shakllandi. Ammo uning haqiqiy qiymati texnologiyaning o‘zida emas. Uning qiymati – insonga o‘qish, ishlash, biznes yaratish, tibbiy yor­dam olish, davlat xizmatlaridan foydalanish va yagona iqtisodiy-axborot makonining to‘laqonli ishtirokchisi bo‘lish imkonini berishida. Shu ma‛noda, 35 yil ichida aloqa oddiy ovoz uzatish vositasidan raqamli iqtisodiyotning strategik asosiga aylandi. Telekommunikatsiyalar tarixi – bu faqat tarmoqlar, kabellar va texnologiyalar tarixi emas. Bu o‘z kelajagi infratuzilmasini bosqichma-bosqich barpo etayotgan mustaqil O‘zbekistonning iqtisodiy va texnologik taraqqiyoti tarixidir. Va bu tarixning keyingi bobi allaqachon boshlangan.