(O´zbek) MOLIYAVIY QO‘LLAB-QUVVATLASHDAN BARQAROR DAROMAD VA REAL NATIJAGA
Автор: admin - В рубрике: «O‘zIA–ЭВУ» № 3/2026 | Комментарии закрыты
Yangi O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning ustuvor maqsadlaridan biri – aholi bandligini ta‛minlash, daromad manbalarini kengaytirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali inson farovonligini yuksaltirishdir. Bu jarayonda moliyaviy resurslarni manzilli yo‘naltirish, mahalladagi mavjud imkoniyat va ehtiyojlarni aniqlash hamda ularni aniq loyihalarga aylantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun bank tizimi oldidagi vazifa faqat kredit ajratish emas, balki ajratilgan mablag‘ni yangi ish o‘rni, barqaror daromad va real mahsulot yaratishga xizmat qiladigan samarali iqtisodiy mexanizmga aylantirishdan iborat. “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning 2026-yildagi faoliyatida ham ana shu yondashuv – ehtiyojdan natijagacha bo‘lgan yaxlit tizim sifatida namoyon bo‘lmoqda.
2030-yilga borib mutlaq kambag‘allikni bartaraf etishni ko‘zda tutgan holda amalga oshirilayotgan choralar natijasi bugun bo‘y ko‘rsata boshladi. Buni 2023-yilda kambag‘allik darajasi 14 foizdan 11 foizga, 2024-yilda 11 foizdan 8,9 foizga kamayishiga erishilgani hamda o‘tgan – 2025-yilda bu ko‘rsatkich yanada pasayib, 5,8 foizni tashkil etgani yaqqol namoyon etmoqda. Natijalar hech qachon o‘z-o‘zidan yuzaga kelmasligi tarixiy haqiqatdir. Zotan bevosita davlat rahbari tashabbusi bilan amaliyotga joriy qilingan mahallabay ishlash tizimi, xususan mahalla bankirlari faoliyatiga asos solingani sohadagi o‘zgarishlarga asos vazifasi o‘tayotganiga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz.
E‛tiborlisi, mazkur ezgu va ulug‘vor maqsad yo‘lida joriy yilda ham ishlar tadrijiy ravishda davom etmoqda.
Shu o‘rinda alohida ta‛kidlash joizki, aholi bandligini ta‛minlash, yangi daromad manbalarini yaratish, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va hududlarda iqtisodiy faollikni oshirish bugungi kunda moliya tizimi oldida turgan muhim vazifalardan biriga aylandi.
Barchamiz anglab turibmizki, bu jarayonda bankning roli faqat moliyaviy resurs ajratish bilan cheklanib qolmaydi. Zero aholi va tadbirkorlarning ehtiyojini o‘rganish, ular bilan bevosita muloqot qilish, mikroloyihalarni shakllantirish, zarur moliyaviy resursni yo‘naltirish va yakunda real iqtisodiy natija – ish o‘rni, daromad va mahsulot yaratilishini ta‛minlash yaxlit tizimni talab etadi.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATBning 2026-yildagi faoliyatiga oid ko‘rsatkichlar ham ana shu yondashuvning asosiy yo‘nalishlarini qamrab oladi. Shundan kelib chiqqan holda, so‘nggi yillarda bankning bandlik, aholi daromadlari, mikroloyihalar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va ishlab chiqarishni rivojlantirish borasidagi ishlari ham tamomila yangi bosqichga chiqdi.
Bandlik maqsadi – turmush farovonligi
Ma‛lumki, 2026-yil uchun aholi bandligini ta‛minlash bo‘yicha bank tizimi oldiga qo‘yilgan umumiy ko‘rsatkich 107 439 nafarni tashkil etadi.
Shundan 23 228 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, 84 211 nafar aholining daromadlarini oshirish rejalashtirilgan.
Ko‘rinib turibdiki, mazkur raqamlar bankning bandlik masalasiga kompleks yondashuvini ifodalaydi va talab etadi. Ya‛ni vazifa faqat mavjud ish o‘rinlariga fuqarolarni joylashtirish emas, balki mehnat bozorida iqtisodiy faollikni kengaytirish, turli toifadagi aholi uchun barqaror daromad manbalarini shakllantirish va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish bilan uzviy bog‘liq.
Shundan kelib chiqqan holda, bandlik bo‘yicha belgilangan maqsadga erishish uchun amalga oshirilayotgan uchrashuvlar, mikroloyihalar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq vazifalarga asosiy e‛tibor qaratilmoqda. Zero bandlik – farovonlik asosi, demakdir.
Muloqotdan – amaliy natijaga
Davlat rahbari tashabbuslari va takliflari asosida joriy yilda yangi yondashuv amalda qo‘llana boshladi. Ya‛ni avvallari aholi va tadbirkorlar bilan umumiy yig‘ilish shaklida muloqotlar tashkil etilgan bo‘lsa, endilikda ularning real ehtiyojini aniqlash, mavjud muammolarni joyida o‘rganish hamda ularga amaliy yechim taklif etish maqsadida bankning rahbar va mas‛ul vakillari bevosita subyektning o‘ziga borib, muloqotga kirishmoqda. Bu esa, ko‘plab murojaatlarni joyida hal qilishi barobarida aholi va tadbirkorlarning islohotlarga ishonchi ortishiga va bundan ilhomlanib, yangi loyihalarga qo‘l urishlariga sabab bo‘lmoqda.
Shu taxlit, 2026-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, bank tomonidan 840 ta uchrashuv o‘tkazilgan. Ularda jami 3 023 ta murojaat qayd etilgan.
Murojaatlarning 10 tasi respublika miqyosida, 200 tasi viloyat miqyosida, 2 813 tasi tuman miqyosida shakllangan. Ushbu ko‘rsatkichlar aholi va tadbirkorlarning aksariyat masalalari bevosita hududning o‘zida, ya‛ni tuman va mahalla darajasida hal etilishi zarurligini ko‘rsatishidan kelib chiqilsa, 3 006 tasi joyida yechimi topilgani yuqoridagi fikrimizning amaliy isbotidir.
E‛tiborlisi, uchrashuvlar natijasida 3 967 ta ish o‘rni yaratilishiga erishildi.
Bir so‘z bilan aytganda, uchrashuvlar oddiy muloqot maydoni emas, balki aholi va tadbirkorlarning ehtiyojini aniqlashdan tortib, yangi ish o‘rinlarini shakllantirishgacha bo‘lgan amaliy jarayonning muhim qismiga aylanmoqda.
Mikroloyihalar – mahalladagi iqtisodiy faollikning asosiy nuqtasi
Aholi bandligini ta‛minlashda mikroloyihalar muhim amaliy instrument sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bankka biriktirilgan mahallalarda 2026-yil yanvar–avgust oylari davomida 3 779 ta mikroloyihalar amalga oshirilgan bo‘lib, natijada 11 150 ta ish o‘rni yaratildi.
Demak, mikroloyihalar nafaqat aholiga moliyaviy resurs yetkazib berish, balki ularni rasmiy iqtisodiy faoliyatga jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va daromad manbalarini kengaytirishning muhim mexanizmiga aylanmoqda.
Moliyaviy resurs – iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omil
Aholi va tadbirkorlik subyektlarining tashabbuslarini amalga oshirishda moliyaviy resurslarning mavjudligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shundan kelib chiqqan holda, bankning 2026-yil uchun kredit ajratish bo‘yicha rejasi 6 508,9 mlrd. so‘m etib belgilangan.
2026-yil yanvar-avgust oylari uchun reja 3 636,8 mlrd. so‘m bo‘lgani holda, amalda 5 232,6 mlrd. so‘m kredit ajratilgan.
Natijada rejaga nisbatan 1 595,8 mlrd. so‘mlik ijobiy farq qayd etilgan va ushbu oylar rejasining bajarilishi 144 foizni tashkil etgan.
Yillik kredit rejasining asosiy qismini bir nechta muhim yo‘nalishlar tashkil etadi.
Jumladan, PQ-312-sonli qaror doirasida yillik reja 530 mlrd. so‘m, yanvar–avgust oylari rejasi 287,4 mlrd. so‘m, amalda 312,3 mlrd. so‘m kredit ajratilgan. Bajarilish darajasi 109,0 foizni tashkil etgan.
“Biznesga birinchi qadam” yo‘nalishida yillik reja 350 mlrd. so‘m, yanvar–avgust oylari rejasi 213,7 mlrd. so‘m bo‘lib, amalda 281,6 mlrd. so‘m kredit ajratilgan. Bu rejaga nisbatan 132 foizlik natijadir.
“Mahalla loyihasi” dasturi bo‘yicha yillik reja 1 600 mlrd. so‘m, yanvar–iyul oylari rejasi 1 022,2 mlrd. so‘m, amalda 1 238,0 mlrd. so‘m kredit ajratilgan. Bajarilish darajasi 121 foizni tashkil etgan.
Mikro va kichik biznes yo‘nalishida yillik reja 2 201,0 mlrd. so‘m bo‘lib, yanvar–avgust oylari rejasi 1 440,4 mlrd. so‘m qilib belgilangan. Joriy yilning 27-avgust holatiga, amalda 1 604,8 mlrd. so‘m kredit ajratilgan.
O‘rta biznes yo‘nalishida esa, yillik reja 1 830 mlrd. so‘m qilib belgilangan. O‘z navbatida, yanvar–avgust oylari rejasi 886,29 mlrd. so‘m va amalda – 27 avgust holatiga 1 751,20 mlrd. so‘m kredit ajratilgan. Ushbu yo‘nalishda yanvar–avgust rejasiga nisbatan bajarilish darajasi 197,6 foizni tashkil etgan.
Keltirilgan raqamlar bank kredit resurslarini bir vaqtning o‘zida aholi, kichik biznes va o‘rta biznes ehtiyojlariga yo‘naltirishga qaratilgan yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi.
“Bir kontur – bir mahsulot”: moliyalashtirishdan real mahsulotgacha
Bandlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yana bir muhim yo‘nalishi – moliyaviy resurslarni aniq ishlab chiqarish natijasi bilan bog‘lashdir.
Shundan kelib chiqqan holda, joriy yilda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida 415 ta namunaviy loyiha amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalar doirasida jami 5 632,4 gektar yer maydoni qamrab olingan va 18 311 ta dehqon xo‘jaligi ishtirok etmoqda.
Loyihalarning umumiy qiymati 130 268,3 mln. so‘mni tashkil etadi. Shundan 121 197,3 mln. so‘m tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari, 9 071,0 mln. so‘m esa bank krediti hisobidan shakllangan.
Yetishtirilgan hosil hajmi 71 561 tonna, uning umumiy qiymati esa
359 796,0 mln. so‘m sifatida qayd etilgan.
Bu ko‘rsatkichlar “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyilining asosiy mohiyatini ochib beradi: bank mablag‘iga alohida olingan kredit sifatida emas, balki yer maydoni, dehqon xo‘jaligi, ishlab chiqarish va tayyor mahsulotni birlashtiruvchi yagona iqtisodiy zanjirning tarkibiy qismi sifatida qarash shakllanmoqda.
Yagona zanjir: ehtiyoj – loyiha – moliya – natija
Yuqoridagi raqamlarni bir-biri bilan bog‘lab tahlil qilganda, bankning bandlik va tadbirkorlik sohasidagi faoliyati bir nechta o‘zaro bog‘liq bosqichlardan iborat ekani ko‘rinadi.
Avvalo, 107 439 nafarlik bandlik maqsadi belgilangan.
Bu maqsadga erishish uchun aholi va tadbirkorlar bilan bevosita ishlashga urg‘u berilmoqda. 2026-yil 1-sentyabr holatiga o‘tkazilgan 840 ta uchrashuv va qayd etilgan 3 023 ta murojaat hududlardagi real ehtiyojlarni aniqlash uchun muhim baza vazifasini bajarmoqda.
Aniqlangan ehtiyojlar keyingi bosqichda mikroloyihalarga aylanmoqda. Natijada rejadagi mikroloyiha o‘rniga amalda 3 779 ta mikroloyihalar amalga oshirilgan va ular bo‘yicha 11 150 ta ish o‘rni yaratilishiga erishilgan.
Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun moliyaviy resurslar yo‘naltirilmoqda. 2026-yil uchun 6 508,9 mlrd. so‘mlik kredit ajratish rejasi shakllantirilgan bo‘lib, yanvar–avgust oylari rejasi 144 foizga bajarilgan.
Shu bilan birga, kreditlashni real ishlab chiqarish bilan bog‘lash maqsadida 415 ta “Bir kontur – bir mahsulot” namunaviy loyihasi amalga oshirilmoqda. Ularda 18 311 ta dehqon xo‘jaligi ishtirok etmoqda va 71 561 tonna hosil yetishtirilgan.
Shu nuqtayi nazardan, raqamlar bir-biridan alohida ko‘rsatkichlar emas. Ular yagona jarayonning turli bosqichlarini ifodalaydi, ya‛ni aholi ehtiyoji → ochiq muloqot → mikroloyiha → moliyaviy qo‘llab-quvvatlash → ish o‘rni va daromad → real mahsulot. Pirovard natija esa, turmush farovonligi.
Ta‛kidlash joizki, bugun bank faoliyatining samaradorligini baholashda ham aynan shu zanjirning qay darajada ishlayotgani muhim ahamiyat kasb etadi.
Chunki ajratilgan kreditning o‘zi yakuniy natija emas. Uning haqiqiy samarasi yangi ish o‘rni yaratilishi, aholi daromadi oshishi, yangi tadbirkorlik subyekti shakllanishi, ishlab chiqarish hajmi ko‘payishi va bozorga raqobatbardosh mahsulot chiqarilishi bilan namoyon bo‘ladi.
“Biznesni rivojlantirish banki”ning 2026-yildagi mazkur yo‘nalishlardagi faoliyatida esa moliyalashtirish, bandlik va tadbirkorlikni bir-biri bilan bog‘liq holda rivojlantirishga qaratilgan tizimli yondashuv tobora yorqinroq aks etayotganini ko‘rsatmoqda.