Namangan, O‘zbekiston, 2026-yil 21-may — O‘zbekiston Hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) “Bir mamlakat — bir ustuvor mahsulot” (OCOP) tashabbusi doirasidagi yangi FAO–Xitoy Janub-Janub hamkorlik loyihasi orqali gilos qiymat zanjirini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni kengaytirmoqda.
Mazkur hamkorlikning muhim bosqichi sifatida 2026-yil 18–20-may kunlari Namangan shahrida Yevropa va Markaziy Osiyo uchun OCOP tashabbusi bo‘yicha mintaqaviy seminar va trening o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekistonning gilos sektorini namoyish etgan holda maxsus qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun barqaror qiymat zanjirlarini rivojlantirish salohiyatini oshirishga qaratildi. Unda 65 nafarga yaqin ishtirokchi, jumladan davlat organlari vakillari, mintaqadagi 10 ta OCOP mamlakati vakillari, fermerlar, xususiy sektor vakillari, tadqiqotchilar hamda Xitoy va FAOning qiymat zanjiri bo‘yicha ekspertlari qatnashdi.
Bugungi kunda Yevropa va Markaziy Osiyoning o‘n bir mamlakati OCOP tashabbusida ishtirok etmoqda. Ushbu tashabbus FAOga a’zo davlatlarga o‘ziga xos maxsus qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ilgari surishda ko‘maklashadi. O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan Qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vazirligi orqali moliyalashtirilayotgan ushbu global Janub-Janub hamkorlik loyihasi doirasida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasini ifodalovchi 15 ta global OCOP tajriba mamlakatidan biri sifatida tanlangan. Loyiha ko‘magida va Qishloq xo‘jaligi vazirligi yetakchiligida O‘zbekiston gilos qiymat zanjirining barcha bosqichlarini — ishlab chiqarish va hosildan keyingi ishlov berishdan tortib, qayta ishlash, marketing hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishgacha bo‘lgan jarayonlarni mustahkamlaydi.
O‘zbekistonda har yili 180 ming tonnagacha gilos yetishtiriladi. Qulay iqlim sharoiti, nisbatan past ishlab chiqarish xarajatlari, rivojlangan transport va sovutkichli saqlash tarmoqlari ushbu mahsulotga eksport bozorlarida kuchli raqobat ustunligini beradi hamda gilosni qishloq aholisi daromadlari va iqtisodiy o‘sishning muhim omiliga aylantiradi. Kichik oilaviy fermer xo‘jaliklari ushbu sohaning asosiy tayanchi bo‘lib, mamlakat bog‘dorchilik mahsulotlari umumiy hajmining qariyb 70 foizini ta’minlaydi. Gilos yetishtirish asosan ana shu xo‘jaliklar tomonidan amalga oshiriladi, ayollar esa ishlab chiqarish va qayta ishlash jarayonlarida muhim rol o‘ynaydi. Bu esa qiymat zanjiri yaratadigan iqtisodiy manfaatlarning bevosita mahalliy qishloq jamoalariga yetib borishiga xizmat qiladi.
“Gilos O‘zbekiston bog‘dorchiligida yuqori salohiyatga ega mahsulotlardan biri bo‘lib, fermerlar, qishloq tadbirkorlari va eksportga yo‘naltirilgan qiymat zanjirlari uchun muhim ahamiyatga ega”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirshod Kurbonov. “OCOP tashabbusi ishlab chiqarish amaliyotlarini takomillashtirish, hosildan keyingi yo‘qotishlarni kamaytirish hamda gilos qiymat zanjiri bo‘ylab qo‘shimcha qiymat yaratish uchun bilim, innovatsiya va hamkorlikni birlashtirish imkonini beradi”.
“OCOP tashabbusining bugungi kunda 90 dan ortiq mamlakatni qamrab olgan global harakatga aylanganini ko‘rish quvonarlidir”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Nuriddin Kushnazarov. “OCOP tajriba mamlakatlaridan biri sifatida O‘zbekiston allaqachon muhim natijalarga erishdi. FAO–Xitoy Janub-Janub hamkorligi ko‘magida ushbu loyiha yanada aniq va amaliy natijalar berishiga ishonamiz”.
“O‘zbekistonning Markaziy Osiyo uchun OCOP tajriba mamlakati sifatida tanlangani mamlakatning raqobatbardosh va barqaror bog‘dorchilik qiymat zanjirlarini rivojlantirishdagi kuchli salohiyatini ko‘rsatadi”, dedi FAO ning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. “Gilosga e’tibor qaratish orqali ushbu tashabbus fermerlar, tadqiqotchilar, xususiy sektor vakillari va institutlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi hamda mahalliy salohiyatni yanada keng bozor imkoniyatlari va qishloq aholisi uchun barqaror daromad manbalariga aylantirishga yordam beradi”.
Seminarda mintaqada OCOP tashabbusini amalga oshirishdagi taraqqiyot ko‘rib chiqildi. Texnik sessiyalar barqaror ishlab chiqarish tizimlari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va bozorni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Xitoyning yetakchi ekspertlari O‘zbekiston gilos sektorini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tajriba va ilg‘or texnologiyalar bilan o‘rtoqlashdi. Xitoy Fanlar akademiyasi bosh ilmiy xodimi Chuang Liu Atrof-muhit va barqarorlik uchun geografik ko‘rsatkichlar (GIES) metodologiyasini taqdim etdi hamda mahsulot kuzatuvchanligi va ekologik barqarorlikni oshirishga xizmat qiladigan Farg‘onadagi yangi yerusti stansiyasining ahamiyatini ta’kidladi. Shandong pomologiya instituti vakili, gilos bo‘yicha bosh ekspert Jiawei Wang barqaror yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va standartlashtirilgan ko‘chat tizimlari bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni taqdim etdi.
Ishtirokchilar, shuningdek, mintaqadagi boshqa OCOP mamlakatlari, jumladan Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova Respublikasi, Serbiya, Tojikiston va Turkiya tajribasi hamda ilg‘or amaliyotlari bilan almashdi.
Namangan viloyatida tashkil etilgan maxsus dala tashrifi ishtirokchilarga gilos qiymat zanjiri bo‘ylab innovatsion amaliyotlar bilan bevosita tanishish imkonini berdi. Dastur Chust tumanidagi Varzak qishlog‘ida joylashgan gilos bog‘iga hamda To‘raqo‘rg‘on tumanidagi ilg‘or logistika kompaniyasiga tashrifni o‘z ichiga oldi. Ishtirokchilar barqaror ishlab chiqarish, logistika tizimlari va hosildan keyingi ishlov berish bo‘yicha amaliy misollar bilan tanishdi.
“O‘zbekistonning mazkur loyiha doirasida to‘plagan tajribasi Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun o‘z maxsus qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ilgari surishda foydali namuna bo‘lishi mumkin”, dedi FAOning O‘simlikchilik va o‘simliklarni himoya qilish bo‘limi direktori Yurdi Yasmi. “Mamlakatlar bir-biridan o‘rganishi orqali OCOP fermerlar, qishloq jamoalari va kelajak avlodlar uchun amaliy natijalar bera oladigan kuchli mintaqaviy tajriba almashinuvi platformasini shakllantirdi”.
FAOning Janub-Janub va uch tomonlama hamkorlik bo‘limi direktori Hua Yang loyihani samarali amalga oshirish va natijalarga o‘z vaqtida erishish uchun birgalikda ishlash muhimligini ta’kidladi: “FAO rahbariyati, jumladan FAO Bosh direktori, ushbu loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga katta ahamiyat qaratmoqda. Shu bois loyiha ko‘rinadigan, aniq va kengaytirish mumkin bo‘lgan natijalar berishini ta’minlash uchun birgalikda harakat qilishimiz zarur. Keling, ushbu loyihani Yevropa va Markaziy Osiyodagi fermerlar va jamoalarga foyda keltiradigan amaliy natijalarga aylantiraylik”.
Seminar Yevropa va Markaziy Osiyoda OCOP tashabbusini ilgari surish yo‘lida muhim qadam bo‘lib, bilim almashinuvi va mintaqaviy hamkorlikni O‘zbekiston hamda boshqa ishtirokchi mamlakatlarda fermerlar va qishloq jamoalariga foyda keltiradigan maxsus qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qiymat zanjirlarini barqaror rivojlantirish bo‘yicha aniq harakatlarga aylantirishga xizmat qiladi.
OCOP tashabbusi va FAO–Xitoy Janub-Janub hamkorlik dasturi haqida
FAO tomonidan 2021-yilda boshlangan OCOP tashabbusi mamlakatlarga maxsus qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun barqaror qiymat zanjirlarini rivojlantirishda ko‘maklashadi. OCOP mamlakatlarga tegishli va mamlakatlar yetakchiligida amalga oshiriladigan tashabbus bo‘lib, kamroq resurslar bilan ko‘proq ishlab chiqarishga, shu bilan birga yaxshiroq ishlab chiqarish, yaxshiroq oziqlanish, yaxshiroq atrof-muhit va yaxshiroq hayotga hissa qo‘shishga yordam beradi.
FAO–Xitoy Janub-Janub hamkorlik dasturi rivojlanayotgan mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi dolzarb muammolarni hal etish uchun tejamkor, moslashuvchan va kengaytiriladigan yechimlar hamda texnologiyalardan foydalanadi. Ushbu tashabbus Xitoyning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarini barqaror transformatsiya qilish bo‘yicha keng tajribasiga tayanadi. U FAO va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi strategik hamkorlik natijasida boshlangan.

