- Журнал "Экономический Вестник Узбекистана" - https://evu.uz/en -

(O´zbek) O‘zbekiston metrologiya tizimining strategik transformatsiyasi: infratuzilmadan kvant texnologiyalari sari

Sorry, this entry is only available in O´zbek [1]. For the sake of viewer convenience, the content is shown below in the alternative language. You may click the link to switch the active language.

 
     Metrologiya – har qanday davlatning ilmiy-tex­nikaviy salohiyati, iqtisodiy xavfsizligi va xalqaro savdodagi raqobatbar­doshligini belgi­lovchi fundamental asosdir. Bugungi kunda Oʼzbekistonda metrologiya sohasi shunchaki texnik xizmat koʼrsatishdan yuqori texno­logik ilmiy sohaga aylanish bosqichini boshdan kechirmoqda.
 
     Erishilgan yutuqlar
 
     So‘nggi yillarda O‘zbekiston milliy metrologiya tizi­mida tub burilish yuz berdi. Metrologiya tizimining eng muhim yutuqlaridan biri – Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi (BIPM) bilan hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganidir. Milliy metrolo­giya instituti (OʼzMMI) to­monidan xalqaro darajada tan olingan CMC (Calibration and Measurement Capabilities) imkoni­yatlarining eʼlon qilinishi, milliy oʼlchov natijalarining dunyo miqyosida tan olinishiga zamin yaratdi.      Shuningdek, milliy etalonlar bazasining 20 dan ortiq zamonaviy qurilmalar bilan boyitilishi sanoatning yuqori aniqlikdagi oʼlchovlarga boʼlgan ehtiyojini ichki imko­niyatlar hisobidan qoplash imkonini bermoqda. Kimyoviy va fizik-kimyoviy oʼlchovlar yoʼnalishida davlat standart namunalarining yaratilishi esa oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik monitoring sohasida mustaqillikni taʼminladi.      Bugungi kunda metrologiya faqat oʼlchash vositalarini tekshirish yoki etalonlarni saqlash bilan cheklanmaydi. U sanoat, tibbiyot, energetika, telekommunikatsiya, transport, atrof-muhit muhofazasi, raqamli iqtisodiyot va xalqaro savdo uchun ishonchli ilmiy asos yaratadigan strategik sohaga aylanmoqda. Har qanday ilmiy tadqiqot yuqori texnologiyali ishlab chiqarish yoki xalqaro bo­zorga chiqish jarayonida oʼlchash natijalarining aniqligi, taqqoslanuvchanligi va xalqaro tan olinishi muhim aha­miyatga ega.      Oʼzbekiston milliy metrologiya instituti faoliyati mi­solida, zamonaviy metrologiya bir necha ilmiy bosqichlar orqali rivojlanishini (milliy etalonlar bazasini shakllantirish, xalqaro tan olinishga erishish, normativ-huquqiy asos­larni takomillashtirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilgʼor texnologiyalar va kvant metrologiyasini joriy etish ham­da mintaqaviy metrologiya markaziga aylanish) koʼrish mumkin. Institut 2017-yilda Milliy etalonlar mar­kazi va Metrologiya xizmatlari markazi negizida tashkil etilgan boʼlib, qisqa muddat ichida milliy met­rologiya tizimining markaziy ilmiy-institutsional boʼgʼi­niga aylangan.      Ushbu 7 ta bosqichni aynan shu ketma-ketlikda koʼr­satishning ilmiy va mantiqiy asoslari mavjud. Bu tizim metrologiyaning oddiy oʼlchov xizmatidan yuqori texno­logik ilm-fan sohasiga aylanish evolyutsiyasini ifodalaydi.
 
     Birinchi bosqich: milliy metrologiya infratuzilmasini shakllantirish
 
     Metrologiya davlat nazoratisiz va laboratoriyalar bazasisiz mavjud boʼla olmaydi. Bu bosqich milliy oʼlchov birligini saqlash va tarqatish imkoniyatini yaratadi. Busiz keyingi bosqichlarga oʼtib boʼlmaydi.      Zamonaviy metrologiyaning birinchi ilmiy bosqichi – milliy etalonlar bazasini yaratish va oʼlchashlar birliligini taʼminlashdir. Har bir davlatning texnik taraqqiyoti, sanoat raqobatbardoshligi va mahsulot sifati, avvalo, oʼlchash natijala­rining ishonchliligiga bogʼliq. Shu bois milliy metrologiya instituti mamlakatda oʼlchash eta­lonlarini yaratish, saqlash va ular orqali barcha sohalarga metrologik kuzatuvchanlik zanjirini yetkazish vazifasini bajaradi.      Quyida keltirilgan maʼlumotlarga koʼra Oʼzbekiston milliy metrologiya instituti mam­lakatning Milliy met­rologiya instituti sifatida oʼlchash standartlarini yaratish va saqlash, respublika miqyosida oʼlchashlar birliligini taʼminlash hamda xalqaro va mintaqaviy metrologik tashkilotlarda davlat manfaatlarini ifodalash vazifalarini bajaradi. Bu esa metro­logiyaning ilmiy bosqichi amaliyot bilan uzviy bogʼlanganini koʼrsatadi: etalonlar faqat laboratoriyada saqlanadigan texnik vosita emas, balki iqtisodiyot tar­moqlari uchun ilmiy asoslangan ishonch zanjiridir.
 
     Ikkinchi bosqich: xalqaro tan olinish va CMC imkoniyatlari
 
     Metrologiya – global tizim. Agar mamlakat oʼlchovlari xalqaro darajada (BIPM tomonidan) tan olinmasa, ma­halliy sanoat mahsulotlari eksport qilinganda qayta sinovdan oʼtishiga toʼgʼri keladi. CMC imkoniyatlari mamlakatning ilmiy “vizitkasi” hisoblanadi.      Metrologiyaning keyingi muhim bosqichi – milliy oʼlchash natijalarini xalqaro darajada tan oldirishdir. Bu bosqichda davlatning metrologik imkoniyatlari xalqaro taqqoslashlar, auditlar, akkreditatsiya va CMC – Calibra­tion and Measurement Capabilities orqali tasdiqlanadi.      Oʼzbekiston bu yoʼnalishda muhim natijalarga erish­gan. Institut 2018-yilda CGPMning assotsiatsiya­langan aʼzosi boʼlgan, CIPM MRA kelishuviga qoʼshilgan, APMP, COOMET, EURAMET, EASC va SMIIC kabi tash­kilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. Hujjatda Institut 38 ta xalqaro va mintaqaviy taqqoslash loyihasida ish­tirok etayotgani, yil oxirigacha bu koʼrsatkichni 45 tadan oshirish reja­lashtirilgani, shuningdek, ionlashtiruvchi nurlanish, foto­metriya va radiometriya, vaqt va chastota, elektr va magnit kattaliklari sohalarida 19 ta CMC eʼlon qilingani qayd etilgan.      Bu bosqichning ilmiy ahamiyati shundaki, milliy etalonlar boshqa davlatlar etalonlari bilan taqqoslanadi, oʼlchash natijalarining noaniqligi baholanadi va mam­lakatda bajarilgan kalibrlash natijalari xalqaro miqyosda ishonchli, deb qabul qilinadi. Natijada sanoat mahsu­lotlari, tibbiy oʼlchashlar, energetika hisob-kitoblari va ilmiy tadqiqotlar xalqaro standartlar bilan uygʼunlashadi.
 
     Uchinchi bosqich: qonunchilik va huquqiy metrologiyani takomillashtirish
 
     Texnik imkoniyatlar paydo boʼlgach, ularni huquqiy tartibga solish lozim. Bu bosqich isteʼmolchilarni notoʼgʼri oʼlchovlardan himoya qilish va sohaning huquqiy ma­qomini mustahkamlash uchun xizmat qiladi.      Ilmiy metrologiya huquqiy asoslarsiz samarali ishlay olmaydi. Shu sababli zamonaviy metrologiyaning yana bir bosqichi – qonunchilik, normativ hujjatlar va huquqiy metrologiya tizimini takomillashtirishdir. Bu jarayonda OIML tavsiyalari, xalqaro amaliyot va milliy iqtisodiyot ehtiyojlari asos qilib olinadi.      Bu bosqichning ilmiy-amaliy mohiyati shundaki, metrologiya davlat boshqaruvi, bozor iqtisodiyoti va texnik tartibga solish tizimi bilan bogʼlanadi. Oʼlchash natijalari huquqiy kuchga ega boʼlishi, isteʼmolchi hu­quqlarini himoya qilishi, adolatli savdo va xavfsizlikni taʼminlashi uchun ular qatʼiy normativ asosga tayanishi zarur.
 
     Toʼrtinchi bosqich: ilmiy tadqiqotlar va kadrlar salohiyati
 
     Eng zamonaviy etalon ham bilimli mutaxassissiz shunchaki “temir”. Sohaning barqaror rivojlanishi uchun oʼz ilmiy maktabi va kadrlar tayyorlash tizimi boʼlishi shart. Bu bosqich sohani tashqi bogʼliqlikdan xalos qiladi.      Metrologiyaning barqaror rivojlanishi yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy tadqiqotlarsiz mumkin emas. Eng zamonaviy etalonlar ham ularni boshqaradigan, tadqiq qiladigan va noaniqlikni baholay oladigan mutaxassislar boʼlmas ekan, kutilgan natijani bermaydi.      Institutda Ilmiy va Ilmiy-texnik kengashlar faoliyat yuritayotgani, 3 nafar doktorant, 69 nafar xodim mus­taqil izlanuvchi sifatida ilmiy faoliyat olib borayotgani, kelgusida ular oʼz dissertatsiya ishlarini Oʼzbekiston milliy metrologiya instituti negizida Ihtisoslashtirilgan Ilmiy kengashini tashkil etish uchun asos boʼladi. Shuningdek, 200 nafardan ortiq yosh mutaxassis xalqaro seminar va oʼquv dasturlarida malakasini oshirdi, yana 100 nafar xodimni oʼqitish rejalashtirilgan.      Bu bosqich metrologiyani klassik texnik xizmatdan ilmiy-innovatsion faoliyat darajasiga olib chiqadi. Ilmiy kadrlar yangi etalonlarni yaratish, oʼlchash usullarini takomillashtirish, noaniqlik byudjetlarini hisoblash xal­qaro taqqoslashlarda ishtirok etish va yuqori texno­logiyali tarmoqlarga metrologik yechimlar taklif qilish imkonini beradi.
 
     Beshinchi bosqich: yangi etalonlar, standart namunalar va ixtisoslashgan laboratoriyalar
 
     Sanoat rivojlangani sari oddiy oʼlchovlar kamlik qi­ladi. Endi kimyoviy tarkib, nanooʼlchamlar va spetsifik laboratoriyalarga ehtiyoj tugʼiladi. Bu bosqich sanoatning eng nozik tarmoqlarini (farmatsevtika, mikroelektronika) qoʼllab-quvvatlaydi.      Bugungi metrologiyaning yana bir muhim bosqichi – yangi milliy etalonlarni yaratish, standart namunalar ishlab chiqarish va ixtisoslashgan laboratoriyalarni tashkil etishdir. Milliy davlat dasturlari asosida yangi etalonlar yaratilgan, sertifikatlangan standart namunalar ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyilgan va yettita etalon yaratish loyihasi mamlakatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgani buning yaqqol dalilidir.
 
 
Ma‛ruf AZIMOV, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori vazifasini bajaruvchisi
 
 
Siz maqolaning to‘liq matnini jurnalning bosma nashrida o‘qishingiz mumkin. [2]