Jizzax viloyatida sun’iy muzliklar yaratish texnologiyasini joriy etish istiqbollari va iqlimga mos bog‘dorchilikni rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama qilindi

     Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi delegatsiyasi Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Sherzod Umarov boshchiligidagi delegatsiya Baxmal tumanida bo‘lib, tuman hokimi Aziz Ergashev bilan uchrashib, iqlim o‘zgarishiga mos, suv resurslaridan samarali foydalanish, bog‘dorchilikni rivojlantirish hamda kichik issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildilar.
     Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilayotgan va FAO tomonidan Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlantirish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan yangi loyiha — “O‘zbekistonda kichik fermerlar uchun aqlli va barqaror bog‘dorchilik” (Smart and Resilient Horticulture for Smallholder Farmers in Uzbekistan) doirasidagi ustuvor yo‘nalishlar ham muhokama qilindi. Loyiha kichik fermerlarni iqlimga chidamli bog‘dorchilik amaliyotlari, zamonaviy agrotexnologiyalar, texnik ko‘mak va amaliy treninglar orqali qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
     Delegatsiya tumanda joylashgan bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishib, fermerlar va issiqxona egalari bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida hududdagi mavjud ehtiyojlar, iqlimga mos texnologiyalarni joriy etish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va kelgusidagi amaliy hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
     Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan yana biri Baxmal tumanida sun’iy muzlik — Ice Stupa texnologiyasini sinov tariqasida joriy etish istiqbollarini o‘rganish bo‘ldi. Delegatsiya tog‘li hududlardagi qator yerlarda hududiy tahlillarni olib bordi, mahalliy aholi bilan muloqot qildi hamda suv tanqisligini yumshatishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan joylarni ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislar fikricha, sun’iy muzlik erishi natijasida hosil bo‘ladigan suv erta bahor va vegetatsiya davrida bog‘lar, tomorqalar hamda boshqa qishloq xo‘jaligi maydonlarini suv bilan ta’minlashga ko‘maklashishi mumkin. Bu esa, ayniqsa, mavsum boshida suvga ehtiyoj kuchayadigan hududlarda mahalliy aholi turmushi va qishloq xo‘jaligi barqarorligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
     Muhokamalar davomida bunday tashabbuslarni amalga oshirishda xotin-qizlar, ayniqsa tomorqa, bog‘dorchilik va kichik issiqxona faoliyatida ishtirok etayotgan ayollar ehtiyojlarini inobatga olish zarurligi ham qayd etildi. Bu esa mahalliy hamjamiyatlarning iqlimga chidamliligini oshirish bilan birga, qishloq joylarda ayollarning tirikchilik imkoniyatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
     Tashrif yakunida kelgusida batafsil texnik baholashlarni davom ettirish, mahalliy hamjamiyatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda Baxmal tumanida iqlimga chidamli bog‘dorchilik va innovatsion suv tejovchi yechimlarni ilgari surishga qaratilgan tashabbuslarni bosqichma-bosqich shakllantirish yuzasidan fikr almashildi.
 

DO'STLARINGIZGA TAVSIYA ETING

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

  • АФИША

  • PR

  • JURNAL SONLARI ARXIVI

  • Bog’lanish

    O’zbekiston, 100000, Toshkent sh., Oloy , 1

  • Obuna bo’lish

    Obuna bo'lish uchun o'z e-mailingizni kiriting
  • Любое воспроизведение или использование выдержек из публикаций может быть произведено только с письменного согласия редакции; при перепечатке материалов обязательна ссылка на источник.