O‘zbekistonda tuyachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha ishga tushirildi

     Toshkent, 16-aprel 2026-yil — O‘zbekistonda tuyachilik sohasini barqaror rivojlantirish, yaylovlardan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish hamda qurg‘oqchil hududlarda oziq-ovqat xavfsizligi va iqlimga chidamlilikni mustahkamlashga qaratilgan “O‘zbekistonda tuyachilikni qo‘llab-quvvatlash va mahsulot yetishtirish” loyihasining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan Xalqaro yaylovlar va chorvadorlar yili (IYRP 2026) doirasida tashkil etildi.
     Yaylovlar muhim ekologik hududlar hisoblanadi. Global miqyosda ular Yer quruqlik yuzasining 54 foizini egallaydi va 200 milliondan ortiq chorvadorlar uchun tirikchilik manbai bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekistonda esa yaylovlar 21,1 million gektardan ortiq maydonni, ya’ni mamlakat hududining qariyb 47–50 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, mavjud yaylovlarning 40–50 foizi turli darajada degradatsiyaga uchragan, chorva bosimi esa ayrim baholashlarga ko‘ra yaylovlarning tabiiy sig‘imidan ikki baravar yuqori.
 
 
     Keng cho‘l va adir hududlariga ega O‘zbekiston uchun tuyachilik sohasi iqlimga moslashuvchan chorvachilikni rivojlantirish, qishloq hududlarida bandlikni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy qiymat zanjirlarini mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Tadbir materiallariga ko‘ra, bugungi kunda respublikada tuya soni 17,6 ming boshni tashkil etadi. Ularning asosiy qismi Buxoro viloyatida — 7,8 ming bosh (44,3 foiz), Navoiy viloyatida — 4,2 ming bosh (24,1 foiz), Qoraqalpog‘istonda — 2,1 ming bosh (11,9 foiz) va Qashqadaryo viloyatida — 1,4 ming bosh (8,1 foiz) to‘plangan.
     Tadbir davomida O‘zbekistonda yaylovlarning bugungi holati, tuyachilikning joriy ahvoli va istiqbollari, tuyachilikda qiymat zanjiri yondashuvi hamda xalqaro tajriba muhokama qilindi. Kun tartibiga muvofiq, loyiha hujjatini imzolash marosimi, mavzuga oid videoroliklar namoyishi va milliy hamda xalqaro hamkorlar ishtirokidagi muhokamalar o‘tkazildi. Sessiyalarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, FAO vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
     Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va FAO o‘rtasida “O‘zbekistonda tuyachilikni rivojlantirish va mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi hujjati imzolandi. Shuningdek, chorvachilik va veterinariya sohalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, ko‘p yillik fidokorona mehnati hamda amaliy tajribasi uchun 15 nafar chorvador va soha vakili O‘zbekiston Respublikasi “Chorvachilik fidoiysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
     Loyiha tuyachilik sektorini barqaror rivojlantirish orqali qurg‘oqchil hududlarda oziq-ovqat xavfsizligi va iqlimga chidamlilikni mustahkamlashga qaratilgan. U naslchilik amaliyotini takomillashtirish, mahsuldorlikni oshirish, institutsional salohiyatni mustahkamlash, shuningdek, Milliy tuya strategiyasini ishlab chiqish uchun dalillar va tavsiyalar tayyorlashni nazarda tutadi. Taqdimot materiallarida qayd etilishicha, O‘zbekistonda asosan bir o‘rkachli arvana (dromedar) va ikki o‘rkachli qozoqi baqtrian zotlari parvarish qilinadi. Arvana zoti kuniga o‘rtacha 12 litr, bir laktatsiyada 3,5 ming litrgacha sut berishi mumkin bo‘lsa, qozoqi baqtrian zotida bu ko‘rsatkich mos ravishda 7 litr va 1,2 ming litrni tashkil etadi.
     Mazkur tadbir O‘zbekistonda tuyachilikni yanada tizimli rivojlantirish, manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda yaylov chorvachiligi salohiyatini barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlari bilan yanada yaqin bog‘lash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.
 

DO'STLARINGIZGA TAVSIYA ETING

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

  • АФИША

  • PR

  • JURNAL SONLARI ARXIVI

  • Bog’lanish

    O’zbekiston, 100000, Toshkent sh., Oloy , 1

  • Obuna bo’lish

    Obuna bo'lish uchun o'z e-mailingizni kiriting
  • Любое воспроизведение или использование выдержек из публикаций может быть произведено только с письменного согласия редакции; при перепечатке материалов обязательна ссылка на источник.