Jeneva, Shveysariya — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi hamda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakillari Shveysariyaning Jeneva shahrida BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) tomonidan tashkil etilgan 2026-yilgi Barqaror rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy forumda ishtirok etdi.
Forum “Birgalikda transformatsiya sari: Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun innovatsion va inklyuziv harakatlar” mavzusida o‘tkazildi. Tadbir 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibi ijrosini jadallashtirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida amaliy yechimlarni ilgari surish hamda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratildi.
Forum BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi siyosiy forumiga mintaqaviy hissa sifatida xizmat qiladi. U mintaqa mamlakatlari uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosi bo‘yicha erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qilish, shuningdek, ilg‘or tajribalarni almashish uchun muhim platforma hisoblanadi.
Forum doirasida 2026-yilda Barqaror rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi siyosiy forumda ko‘rib chiqiladigan bir qator ustuvor Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, toza suv va sanitariya (BRM 6), arzon va toza energiya (BRM 7), sanoat, innovatsiyalar va infratuzilma (BRM 9), barqaror shaharlar va hamjamiyatlar (BRM 11), shuningdek, maqsadlar yo‘lida hamkorlikni mustahkamlash (BRM 17) masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori darajadagi sessiyalar, yalpi majlislar va davra suhbatlari tashkil etilib, mamlakatlar tajribasi, siyosiy yondashuvlar va Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosini jadallashtirishga qaratilgan amaliy yechimlar ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar tarmoqlararo hamkorlikni kuchaytirish, innovatsion yondashuvlarni kengaytirish hamda mintaqaviy tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston delegatsiyasining forumdagi ishtiroki mamlakatda barqaror rivojlanish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishiga moslashuv hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlaridagi sa’y-harakatlarni xalqaro platformada namoyish etish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
Forum doirasidagi muloqotlar O‘zbekiston uchun xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikda faol ishtirok etish imkonini berdi.
Fikr bildirish