Metrologiya – har qanday davlatning ilmiy-texnikaviy salohiyati, iqtisodiy xavfsizligi va xalqaro savdodagi raqobatbardoshligini belgilovchi fundamental asosdir. Bugungi kunda Oʼzbekistonda metrologiya sohasi shunchaki texnik xizmat koʼrsatishdan yuqori texnologik ilmiy sohaga aylanish bosqichini boshdan kechirmoqda.
Erishilgan yutuqlar
So‘nggi yillarda O‘zbekiston milliy metrologiya tizimida tub burilish yuz berdi. Metrologiya tizimining eng muhim yutuqlaridan biri – Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi (BIPM) bilan hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganidir. Milliy metrologiya instituti (OʼzMMI) tomonidan xalqaro darajada tan olingan CMC (Calibration and Measurement Capabilities) imkoniyatlarining eʼlon qilinishi, milliy oʼlchov natijalarining dunyo miqyosida tan olinishiga zamin yaratdi.
Shuningdek, milliy etalonlar bazasining 20 dan ortiq zamonaviy qurilmalar bilan boyitilishi sanoatning yuqori aniqlikdagi oʼlchovlarga boʼlgan ehtiyojini ichki imkoniyatlar hisobidan qoplash imkonini bermoqda. Kimyoviy va fizik-kimyoviy oʼlchovlar yoʼnalishida davlat standart namunalarining yaratilishi esa oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik monitoring sohasida mustaqillikni taʼminladi.
Bugungi kunda metrologiya faqat oʼlchash vositalarini tekshirish yoki etalonlarni saqlash bilan cheklanmaydi. U sanoat, tibbiyot, energetika, telekommunikatsiya, transport, atrof-muhit muhofazasi, raqamli iqtisodiyot va xalqaro savdo uchun ishonchli ilmiy asos yaratadigan strategik sohaga aylanmoqda. Har qanday ilmiy tadqiqot yuqori texnologiyali ishlab chiqarish yoki xalqaro bozorga chiqish jarayonida oʼlchash natijalarining aniqligi, taqqoslanuvchanligi va xalqaro tan olinishi muhim ahamiyatga ega.
Oʼzbekiston milliy metrologiya instituti faoliyati misolida, zamonaviy metrologiya bir necha ilmiy bosqichlar orqali rivojlanishini (milliy etalonlar bazasini shakllantirish, xalqaro tan olinishga erishish, normativ-huquqiy asoslarni takomillashtirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilgʼor texnologiyalar va kvant metrologiyasini joriy etish hamda mintaqaviy metrologiya markaziga aylanish) koʼrish mumkin. Institut 2017-yilda Milliy etalonlar markazi va Metrologiya xizmatlari markazi negizida tashkil etilgan boʼlib, qisqa muddat ichida milliy metrologiya tizimining markaziy ilmiy-institutsional boʼgʼiniga aylangan.
Ushbu 7 ta bosqichni aynan shu ketma-ketlikda koʼrsatishning ilmiy va mantiqiy asoslari mavjud. Bu tizim metrologiyaning oddiy oʼlchov xizmatidan yuqori texnologik ilm-fan sohasiga aylanish evolyutsiyasini ifodalaydi.
Birinchi bosqich: milliy metrologiya infratuzilmasini shakllantirish
Metrologiya davlat nazoratisiz va laboratoriyalar bazasisiz mavjud boʼla olmaydi. Bu bosqich milliy oʼlchov birligini saqlash va tarqatish imkoniyatini yaratadi. Busiz keyingi bosqichlarga oʼtib boʼlmaydi.
Zamonaviy metrologiyaning birinchi ilmiy bosqichi – milliy etalonlar bazasini yaratish va oʼlchashlar birliligini taʼminlashdir. Har bir davlatning texnik taraqqiyoti, sanoat raqobatbardoshligi va mahsulot sifati, avvalo, oʼlchash natijalarining ishonchliligiga bogʼliq. Shu bois milliy metrologiya instituti mamlakatda oʼlchash etalonlarini yaratish, saqlash va ular orqali barcha sohalarga metrologik kuzatuvchanlik zanjirini yetkazish vazifasini bajaradi.
Quyida keltirilgan maʼlumotlarga koʼra Oʼzbekiston milliy metrologiya instituti mamlakatning Milliy metrologiya instituti sifatida oʼlchash standartlarini yaratish va saqlash, respublika miqyosida oʼlchashlar birliligini taʼminlash hamda xalqaro va mintaqaviy metrologik tashkilotlarda davlat manfaatlarini ifodalash vazifalarini bajaradi. Bu esa metrologiyaning ilmiy bosqichi amaliyot bilan uzviy bogʼlanganini koʼrsatadi: etalonlar faqat laboratoriyada saqlanadigan texnik vosita emas, balki iqtisodiyot tarmoqlari uchun ilmiy asoslangan ishonch zanjiridir.
Ikkinchi bosqich: xalqaro tan olinish va CMC imkoniyatlari
Metrologiya – global tizim. Agar mamlakat oʼlchovlari xalqaro darajada (BIPM tomonidan) tan olinmasa, mahalliy sanoat mahsulotlari eksport qilinganda qayta sinovdan oʼtishiga toʼgʼri keladi. CMC imkoniyatlari mamlakatning ilmiy “vizitkasi” hisoblanadi.
Metrologiyaning keyingi muhim bosqichi – milliy oʼlchash natijalarini xalqaro darajada tan oldirishdir. Bu bosqichda davlatning metrologik imkoniyatlari xalqaro taqqoslashlar, auditlar, akkreditatsiya va CMC – Calibration and Measurement Capabilities orqali tasdiqlanadi.
Oʼzbekiston bu yoʼnalishda muhim natijalarga erishgan. Institut 2018-yilda CGPMning assotsiatsiyalangan aʼzosi boʼlgan, CIPM MRA kelishuviga qoʼshilgan, APMP, COOMET, EURAMET, EASC va SMIIC kabi tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. Hujjatda Institut 38 ta xalqaro va mintaqaviy taqqoslash loyihasida ishtirok etayotgani, yil oxirigacha bu koʼrsatkichni 45 tadan oshirish rejalashtirilgani, shuningdek, ionlashtiruvchi nurlanish, fotometriya va radiometriya, vaqt va chastota, elektr va magnit kattaliklari sohalarida 19 ta CMC eʼlon qilingani qayd etilgan.
Bu bosqichning ilmiy ahamiyati shundaki, milliy etalonlar boshqa davlatlar etalonlari bilan taqqoslanadi, oʼlchash natijalarining noaniqligi baholanadi va mamlakatda bajarilgan kalibrlash natijalari xalqaro miqyosda ishonchli, deb qabul qilinadi. Natijada sanoat mahsulotlari, tibbiy oʼlchashlar, energetika hisob-kitoblari va ilmiy tadqiqotlar xalqaro standartlar bilan uygʼunlashadi.
Uchinchi bosqich: qonunchilik va huquqiy metrologiyani takomillashtirish
Texnik imkoniyatlar paydo boʼlgach, ularni huquqiy tartibga solish lozim. Bu bosqich isteʼmolchilarni notoʼgʼri oʼlchovlardan himoya qilish va sohaning huquqiy maqomini mustahkamlash uchun xizmat qiladi.
Ilmiy metrologiya huquqiy asoslarsiz samarali ishlay olmaydi. Shu sababli zamonaviy metrologiyaning yana bir bosqichi – qonunchilik, normativ hujjatlar va huquqiy metrologiya tizimini takomillashtirishdir. Bu jarayonda OIML tavsiyalari, xalqaro amaliyot va milliy iqtisodiyot ehtiyojlari asos qilib olinadi.
Bu bosqichning ilmiy-amaliy mohiyati shundaki, metrologiya davlat boshqaruvi, bozor iqtisodiyoti va texnik tartibga solish tizimi bilan bogʼlanadi. Oʼlchash natijalari huquqiy kuchga ega boʼlishi, isteʼmolchi huquqlarini himoya qilishi, adolatli savdo va xavfsizlikni taʼminlashi uchun ular qatʼiy normativ asosga tayanishi zarur.
Toʼrtinchi bosqich: ilmiy tadqiqotlar va kadrlar salohiyati
Eng zamonaviy etalon ham bilimli mutaxassissiz shunchaki “temir”. Sohaning barqaror rivojlanishi uchun oʼz ilmiy maktabi va kadrlar tayyorlash tizimi boʼlishi shart. Bu bosqich sohani tashqi bogʼliqlikdan xalos qiladi.
Metrologiyaning barqaror rivojlanishi yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy tadqiqotlarsiz mumkin emas. Eng zamonaviy etalonlar ham ularni boshqaradigan, tadqiq qiladigan va noaniqlikni baholay oladigan mutaxassislar boʼlmas ekan, kutilgan natijani bermaydi.
Institutda Ilmiy va Ilmiy-texnik kengashlar faoliyat yuritayotgani, 3 nafar doktorant, 69 nafar xodim mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy faoliyat olib borayotgani, kelgusida ular oʼz dissertatsiya ishlarini Oʼzbekiston milliy metrologiya instituti negizida Ihtisoslashtirilgan Ilmiy kengashini tashkil etish uchun asos boʼladi. Shuningdek, 200 nafardan ortiq yosh mutaxassis xalqaro seminar va oʼquv dasturlarida malakasini oshirdi, yana 100 nafar xodimni oʼqitish rejalashtirilgan.
Bu bosqich metrologiyani klassik texnik xizmatdan ilmiy-innovatsion faoliyat darajasiga olib chiqadi. Ilmiy kadrlar yangi etalonlarni yaratish, oʼlchash usullarini takomillashtirish, noaniqlik byudjetlarini hisoblash xalqaro taqqoslashlarda ishtirok etish va yuqori texnologiyali tarmoqlarga metrologik yechimlar taklif qilish imkonini beradi.
Beshinchi bosqich: yangi etalonlar, standart namunalar va ixtisoslashgan laboratoriyalar
Sanoat rivojlangani sari oddiy oʼlchovlar kamlik qiladi. Endi kimyoviy tarkib, nanooʼlchamlar va spetsifik laboratoriyalarga ehtiyoj tugʼiladi. Bu bosqich sanoatning eng nozik tarmoqlarini (farmatsevtika, mikroelektronika) qoʼllab-quvvatlaydi.
Bugungi metrologiyaning yana bir muhim bosqichi – yangi milliy etalonlarni yaratish, standart namunalar ishlab chiqarish va ixtisoslashgan laboratoriyalarni tashkil etishdir. Milliy davlat dasturlari asosida yangi etalonlar yaratilgan, sertifikatlangan standart namunalar ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyilgan va yettita etalon yaratish loyihasi mamlakatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgani buning yaqqol dalilidir.
Ma‛ruf AZIMOV, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori vazifasini bajaruvchisi
Fikr bildirish