O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini qo‘llab-quvvatlovchi loyiha boshlandi

     TOSHKENT, O‘ZBEKISTON – 2026-yil 22-sentabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA), O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) nogironligi bo‘lgan shaxslarni moslashtirilgan issiqxonalar orqali ijtimoiy integratsiya qilish va ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan yangi qo‘shma loyihani rasman boshladi.
     Loyiha hujjati Toshkent shahrida o‘tkazilgan yuqori darajadagi tadbirda imzolandi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori Sabine Machl, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Nuriddin Kushnazarov hamda FAOning O‘zbekistondagi vakili o’rinbosari Sherzod Umarov, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari hamda rivojlanish bo‘yicha hamkorlar vakillari ishtirok etdi.
     Ushbu loyiha 24 oy davomida Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Olmaliq, Farg‘ona va Samarqanddagi oltita ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida amalga oshiriladi. Loyiha mavjud issiqxonalarni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun foydalanishga moslashtirish, ishtirokchilarni ekin yetishtirishning to‘liq ishlab chiqarish sikli davomida qo‘llab-quvvatlash hamda olingan tajribani mamlakat miqyosida qo‘llash mumkin bo‘lgan amaliy modelga aylantirishni nazarda tutadi.
     Ayni paytda issiqxona xo‘jaligi qishloq joylarda kasbiy ko‘nikmalar va daromad manbalarini yaratish imkonini beradi. Biroq tor yo‘laklar, yer sathidagi ekin maydonlari, baland ostonalar va qo‘lda boshqariladigan sug‘orish tizimlari ko‘plab nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim va mehnat jarayonlarida teng ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmoqda.
     Yangi loyiha ushbu muammolarga “SmartGreen Inclusion” modeli orqali yechim taklif etadi. Har bir pilot muassasada agronomik sharoit va foydalanish imkoniyati baholanadi, shundan so‘ng obyektning xususiyatlari va ishtirokchilarning ehtiyojlariga mos issiqxona yechimlari ishlab chiqiladi. Bu jarayonda nogironligi bo‘lgan shaxslar va pilot muassasalarning fikr-mulohazalari loyiha qarorlarining muhim qismi bo‘ladi.
     “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy xizmatlar bilangina cheklanmasligi kerak. Ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, barqaror daromad topishi va iqtisodiy hayotda teng ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratish muhim. Ushbu loyiha moslashtirilgan infratuzilma, amaliy ko‘nikmalar va bandlik imkoniyatlarini yagona modelda birlashtirib, uni boshqa hududlarda kengaytirish uchun asos yaratadi”, dedi Usmon Sharifxo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktor o’rinbosari.
     Loyiha O‘zbekistonda mavjud uchta muhim bo‘shliqni bartaraf etishga qaratilgan: moslashtirilgan issiqxonalarni loyihalash bo‘yicha milliy standartning mavjud emasligi, nogironlik ehtiyojlariga mos qishloq xo‘jaligi ta’lim modelining ishlab chiqilmagani va keng joriy etish uchun amaliyotda sinovdan o‘tgan pilot tajribaning yetishmasligi.
     Pilot muassasalarda to‘plangan tajriba asosida moslashtirilgan issiqxonalarni loyihalash bo‘yicha sinovdan o‘tgan milliy standart hamda IHMAning hududiy tarmoqlarida ushbu yondashuvni keng joriy etish uchun amaliy vositalar to‘plami ishlab chiqiladi. Monitoring va ma’lumotlar jins, nogironlik turi hamda pilot obyektlar kesimida yuritilishi rejalashtirilgan.
     “Qishloq xo‘jaligi har bir inson uchun imkoniyat yaratishi kerak. FAOning texnik tajribasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligining institutsional salohiyati va Qishloq xo‘jaligi vazirligining sohaviy tajribasini birlashtirib, biz nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga mos, amalda ishlaydigan va kengaytirish mumkin bo‘lgan yechimni sinovdan o‘tkazamiz. Loyiha natijasida nafaqat moslashtirilgan issiqxonalar, balki milliy standart, moslashtirilgan ta’lim modeli va ushbu tajribani boshqa hududlarda qo‘llash uchun amaliy vositalar shakllantiriladi”, dedi Sherzod Umarov, FAOning O‘zbekistondagi vakili o’rinbosari.
     Rasmiy taqdimot doirasida hamkor tashkilotlar loyihaning dastlabki olti oyiga mo‘ljallangan ustuvor chora-tadbirlar, mas’ul tomonlar, muvofiqlashtirish mexanizmlari va asosiy muddatlarni muhokama qildi. Shuningdek, oltita pilot obyektni dastlabki baholash jadvali, monitoring, hisobot taqdim etish va ma’lumot almashish tartibini kelishish bo‘yicha ishlar boshlandi.
     Tadbir dasturida International Inclusive Hub ta’lim oluvchilarining ijodiy ishlari namoyish etilgan “Qobiliyatimni ko‘ring: iste’dodlar va yangi imkoniyatlar” ko‘rgazmasi hamda 17 nafar ishtirokchi ijrosidagi “Noto‘g‘ri” gullar bog‘i inklyuziv badiiy chiqishi namoyish etildi. Ushbu dastur har bir insonning qobiliyati, qadr-qimmati va jamiyat hayotida teng ishtirok etish huquqiga e’tibor qaratdi.
     “Ko‘pincha ijtimoiy himoya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va bandlik masalalariga alohida-alohida yondashiladi. Biroq insonlar o‘z hayotini turli institutlarning alohida vakolatlari doirasida emas, yaxlit tarzda kechiradilar. Ushbu tashabbus mazkur tizimlarni inson manfaatlari atrofida birlashtirib, O‘zbekistondagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish, munosib mehnat va yanada mustaqil hayot sari amaliy yo‘l yaratadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti uchun bu — hech kimni ortda qoldirmaslik borasidagi qat’iy majburiyatimizning amaliy ifodasidir”, dedi Sabine Machl, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori.
     TCP/UZB/4101 – “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni moslashtirilgan issiqxonalar orqali ijtimoiy integratsiya qilish va ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish” loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va FAOning qo‘shma tashabbusidir. Loyiha moslashtirilgan infratuzilma, amaliy qishloq xo‘jaligi ta’limi va institutsional mexanizmlarni birlashtirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
 
 

DO'STLARINGIZGA TAVSIYA ETING

Fikr bildirish yopilgan.

  • АФИША

  • PR

  • JURNAL SONLARI ARXIVI

  • Bog’lanish

    O’zbekiston, 100000, Toshkent sh., Oloy , 1

  • Obuna bo’lish

    Obuna bo'lish uchun o'z e-mailingizni kiriting
  • Любое воспроизведение или использование выдержек из публикаций может быть произведено только с письменного согласия редакции; при перепечатке материалов обязательна ссылка на источник.