- Журнал "Экономический Вестник Узбекистана" - https://evu.uz/uz -

Barchamizga tegishli soha

 
     Metrologiyaning ahamiyati haqida hamma ham bila­vermaydi. Biroq aslida hayotning o‘zi o‘lchovlar, tenglamalar, hisob-kitoblar, hisob­chilar aytmoqchi, “balans”dan ibo­ratdir.      Metrologiya sohasining Yangi O‘zbekistonda jadallik bilan rivojla­nayotganiga barchamiz guvohmiz. Bu esa har bir mamlakat iqtisodiyoti uchun g‘oyatda oqilona yechim eka­nini anglash vaqtiga yetganimizning belgisi. Ayniqsa, Xalqaro Savdo Tash­kilotiga a‛zolikka intilayotgan mamla­kat sifatida istiqbolimizni belgilashda “yetti o‘lchab bir kesish” amaliyotini joriy etishning ayni fursati ekani ham ayon.      Bu masalaning bir jihati bo‘lsa, undanda muhimroq yana bir tomoni bu – sifat sari jiddiy qadam qo‘yayot­ganimiz, deb o‘ylayman. Ko‘pchilik nazdida «balans» iborasi faqatgina iqtisodchi-yu hisobchilargagina te­gishli so‘zdek tuyuladi. Aslida, naza­rimda bu so‘z o‘ta hayotiy va ham­maga birdek tegishli atamadir.      Nega deng! Keling ijodkorlik bi­lan bog‘liq jihatlariga bir nazar tash­lab ko‘raylik.      She’riyatda bo‘g‘inlarsiz ish bit­maydi. Demak, avvalo, har bir qator­ning o‘z o‘lchovi borki, undan chiqib keta olmaysiz. Yanada muhimrog‘i, fikrning tugallanishi. Bu nafaqat nazmda, balki jurnalistika va badiiy ijodning barcha janrlariga daxldor talablardan hisoblanadi. Olaylik, pub­litsistika jurnalistikaning eng mu­rakkab, takomilga yetgan janri bo‘lsa, unda siz ayni o‘sha balansni ta’min­laydigan darajadagi mavzuning tah­lilini qilib berishingiz zarur. Ko‘tarila­yotgan mavzularning nechog‘li ochib berilishi, muammolarning kelib chi­qish sabablarini tahlil qilish bilan bir­ga, uning xulosasidagi yechimlarini ham ayni o‘sha sabablarni hisobga olib ko‘rsatib berishingiz lozim. Shu ma’noda, balans va o‘lchovlar hamma narsada ehtiyoji barqaror bo‘lgan tushunchaligiga shubha yo‘q. Ol-a, demoqchimisiz? Buning aksini isbot­lab bera olasizmi? Albatta, yo‘q!      Mana shularni e’tiborga olib, bu­gun kasb bayramini nishonlayotgan metrologlarimizga faqat o‘zlari uchun emas, jamiyatning har bir yo‘na­lishidagilarga hushyorlik, be­dorlik, mas’uliyat, talab va ehtiyojlarni teran anglab ish tutishga undab ke­layotganliklari uchun – “Sizlarga ba­rakalla!” deydigan kunimiz deb bi­laman.      Metrologiya qanchalik rivojlansa, jamiyatda odamlar o‘z haddini, bur­chi va mas’uliyatini, huquq va imti­yozlarini yanada teranroq anglay boshlaydi. Men yuqorida keltirgan dalillar balki, bilvositaligi bilan kim­dadir shubha uyg‘otar, biroq naza­rimda har bir so‘zni aytish va yoki yozishdan oldin u qanday oqibatga olib keladi, muammo va qo‘yilayotgan masalaga nechog‘li xizmat qiladi, uning yuki qanday, natijasi nima bo‘­ladi, degan savollarda ham hisob-kitob bor, demak o‘sha “balans” kelib chiqishi lozim. Sabab va oqibat bir-biri bilan mutanosib bo‘lishi darkor. Gap shu haqida edi.      Aziz metrologlar! Sizlar bizga qadrdonsizlar! Sharafli mehnatin­gizda unum bo‘lsin, yuzingiz hamisha yorug‘ bo‘lsin!
Sizlarga hurmat va ehtirom bilan, Husan Ermatov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Oliy Majlis Senati a‛zosi