- Журнал "Экономический Вестник Узбекистана" - https://evu.uz/uz -

BIRINCHI AVTOMOBILDAN O‘Z BRENDIGACHA

Daniyar DAVLETIYAROV, ADM Global bosh direktori xususiy investitsiyalar va texnologik rivojlanish O‘zbekiston avtomobil sanoatini qanday o‘zgartirmoqda   O‘zbekiston avtomobil sanoati tarixi mamlakat mustaqilligi davri bilan chambarchas bog‘liq. Yuksalishlar, muvaffaqiyatsizliklar, iqtisodiyotdagi yutuqlar, murakkab qarorlar – bularning barchasini avtomobil sanoati respublika bilan birga boshdan kechirdi. Bugun O‘zbekiston o‘zining mustaqil tarixida yuqori texnologiyalarga asoslangan, investitsiyalar uchun jozibador yangi sahifani ochmoqda. Bu – hayotni yaxshi tomonga o‘zgarti­rishga tayyor yangi loyihalar va insonlarga boy tarix. Bugun biz O‘zbekiston avtomobil sanoatini, uning bir qismi bo‘lgan ADM‛ni ham aynan shunday tasavvur qilamiz. G‘oyadan sanoatgacha Bu yil biz nafaqat mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini, balki Asakadagi UzAuto Motors zavodida birinchi avtomobil ishlab chiqarilganiga 30 yil to‘lganini ham nishonlamoqdamiz. O‘zbekistonliklar uchun bu haqiqiy voqea bo‘lgan edi. Endigina oyoqqa turishga urinayotgan yosh respublika o‘z avtomobil ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishni maqsad qildi. Ha, yangi kompaniya va umuman avtomobil sanoati uchun mu­rakkab davrlar ham bo‘ldi, biroq aynan UzAuto Motors‛ni bugungi kunda butun bir tarmoq rivojlana­yotgan poydevor deb hisoblaymiz. Birgina dadil g‘oya va ushbu loyihaning bo­shida turgan insonlar tufayli bugun O‘zbekistonda zamonaviy avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, turdosh tarmoqlar rivoj­lanmoqda va jahon darajasidagi mu­taxassislarni tayyorlashning o‘ziga xos maktabi shakllanmoqda. Albatta, bugungi kunda mamlakat avtomobil sanoatining manzarasi 10 yil avvalgidan butunlay bosh­qacha. Agar 2016-yilda O‘zbekistonda 93 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 460 mingtaga yetdi. Avtomobil sanoatining rivojlani­shi har doim multiplikativ ta‛sirga ega. O‘zbekistonda avtomobil sanoatidagi har bir ish o‘rni iqtisodiyotning turdosh tarmoqlarida 10 ta­gacha ish o‘rnini yaratadi. Yangi davr Ushbu sifat o‘zgarishlarining asosiy omili O‘zbekiston Prezidenti tomonidan belgilangan ochiqlik yo‘nalishi tufayli amalga oshirilgan iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘ldi. Biz o‘z faoliyatimizni 2014-yilda boshla­ganimizda, avtomobil sanoatida atigi bitta ishtirokchi mavjud edi va tarmoq investitsiyalar uchun yopiq edi. Bugun shunchaki boshqa iqtisodiyotni emas, balki barchamiz birgalikda yangi O‘zbekistonni yaratmoqdamiz. ADM Jizzakh esa mamlakatdagi xususiy investitsiyalar asosida tashkil etilgan birinchi avtomobil zavodi sifatida milliy avtomobil sanoatining yangi tarixining ramziga aylandi. ADM Jizzakh loyihasi ustida ish boshlaganimizda, O‘zbekistonda xususiy avtomobil zavodini tashkil etish mumkinligiga hech kim ishonmasdi. Bugun korxona faoliyatining natijalari barcha shubha bilan qarovchilarga berilgan to‘g‘­ridan-to‘g‘ri javobdir. ADM Jizzakh – shunchaki zavod emas, balki butun tarmoq rivojlani­shining yo‘nalishlaridan biri va Jizzax viloyatida shakllanayotgan yangi sa­noat klasterining yadrosidir. Ikki yil avval zavod to‘liq ishlab chiqarish sikliga (CKD) o‘tdi, loyihaga kiritilgan jami investitsiyalar haj­mi esa allaqachon 400 million AQSH dollaridan oshdi. 2025-yilda korxonada 45 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarildi, joriy yil uchun reja – 60 ming dona avtomobil va biz ushbu ko‘rsatkichga ishonch bilan intilmoqdamiz. 2030-yilga kelib esa kompaniya yili­ga 120 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarish darajasiga chiqishni rejalashtirmoqda. Faoliyatimiz samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri mahal­liylashtirish darajasining izchil o‘sib borayotganidir. Biz yirik uzelli yig‘ish­dan boshlagan edik, bugun esa ma­halliylashtirish darajasi 40 foizdan oshdi va ayni paytda O‘zbekistonda 700 dan ortiq turdagi detallar ishlab chiqarilmoqda. Mahalliylashtirish – butun dunyoda kuzatilayotgan va kelgusida yana­da kuchayadigan tendensiya. Yirik avtomobil brendlari uchun istiqbolli bozorlarda ishlab chiqarishni joy­lashtirish, logistika va undan kelib chiqadigan to‘lovlar, soliqlar hamda bojlar bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z zimmasiga olib, tayyor mahsulotni u yerga yetkazib berishdan ko‘ra foydaliroq. Yaqin vaqt ichida biz presslash sexini ishga tushiramiz va bu korxona tarixidagi juda muhim bosqich bo‘ladi. Chunki kuzov detallarini ish­lab chiqarish avtomobil yaratish jarayonidagi eng murakkab bosqichlardan biri bo‘lib, bu ishlab chiqarish­ni mahalliylashtirishning yangi dara­jasini anglatadi. Made in Uzbekistan Biz intilayotgan asosiy maqsad – o‘z milliy avtomobil brendimizni yara­tish. Bu shunchaki chiroyli PR qa­dami yoki boshqalardan ajralib turish istagi emas. Bu kompaniyaning bugun erishgan rivojlanish darajasining aksidir. Yildan-yilga ortib borayot­gan mahalliylashtirish, yillar davomida to‘plangan tajriba va texnologik baza bizga yanada ulkan vazifalarni qo‘yish imkonini ber­moqda. Ushbu maqsadlar uchun biz muhandislarning yangi avlodini shakllantirmoqdamiz. Kadrlarga va zamonaviy ishlanmalarga investitsiyalarsiz bunday loyihalarni amalga oshirish­ning imkoni yo‘q. Hozirda ADM Jizzakh O‘zbekistonning 24 ta oliy ta‛lim muassasasi bilan hamkorlik qilmoqda. New Uzbekistan ­University bilan birgalikda biz International ­Business Case Competition tanlovini o‘tkazmoqdamiz. Tanlovga O‘zbekiston, AQSH, Germaniya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Xitoydan qariyb 1200 ta ariza kelib tushdi. Biz tadqiqot va ishlanmalar markazini (R&D) tashkil etdik, Toshkent davlat transport universiteti va InnoTechnoPark huzurida avtomobil muhandisligi maktablarini ochdik. Bir necha yil da­vomida muhandis-konstruktorlar, sinab ko‘ruvchilar va ishlab chiquv­chilarni tayyorlashga qariyb 100 million AQSH dollari investitsiya qilishni rejalashtirmoqdamiz. Bugungi kunda ushbu barcha maq­sad va vazifalar “O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasining bir qismidir. Mazkur doktrina avtomobil ishlab chiqarish haj­mini yiliga 1 million donagacha oshi­rish va respublikani dunyoning eng yirik 15 ta avtomobil ishlab chiqaruvchisi qatoriga kiritishni nazarda tutadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ushbu maq­sadga erishish uchun barcha zarur sharoitlar mavjud: rivoj­lanayotgan bozor va o‘sib borayot­gan aholi, mamlakatning ishlab chiqarish salohiyati, texnologik taraqqiyot va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari uyg‘unligi belgilangan vazifalarni hal etish hamda avtomobil sanoatini milliy iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan va investitsiyalar uchun jozibador sektoriga aylantirish imkonini beradi.