20-may – Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan “O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi” jurnali maxsus sonida mamlakatimiz metrologiya sohasining rivoji, o‘lchovlar birliligini ta‛minlashdagi yutuqlar va fidoyi mutaxassislar faoliyatini yoritish alohida ahamiyat kasb etadi.
Zero, metrologiya iqtisodiyotning barcha tarmoqlari – sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun mustahkam poydevor hisoblanadi. O‘lchovlarning aniqligi va bir xilligi mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshiradi, mahsulot sifatini ta‛minlaydi va xalqaro standartlarga moslashishga xizmat qiladi.
Xorazm viloyatida metrologiya sohasining shakllanishi va rivojida ko‘p yillik samarali mehnati bilan alohida o‘rin tutgan mutaxassislardan biri Ro‘zmetov Atanazar Kenjayevichdir. U 1962-yil 6-avgustda Urganch shahrida tug‘ilgan bo‘lib, 35 yildan ortiq vaqt davomida metrologiya tizimida faoliyat yuritgan. Uning mehnat faoliyati viloyat metrologiya xizmati rivojining muhim bosqichlarini qamrab olgan.
1984-yilda Farg‘ona politexnika institutini “Shahar va qishloq xo‘jaligi sanoat korxonalarini elektr bilan ta‛minlash” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyatini muhandis-mexanik sifatida boshlagan, shuningdek, harbiy xizmatni ham o‘tagan. Keyingi yillarda turli muhandislik va rahbarlik lavozimlarida ishlab, amaliyotda boy tajriba orttirgan. 1989-yildan boshlab esa metrologiya sohasida faoliyat yuritib, Xorazm viloyati standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish markazida ish boshlagan. Shu vaqtdan e‛tiboran u o‘lchov vositalarining aniqligini ta‛minlash, davlat metrologiya nazoratini kuchaytirish va mutaxassislar tayyorlashga katta hissa qo‘shgan.
Turli yillarda u birinchi darajali muhandis, yetakchi mutaxassis va bosh mutaxassis hamda bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan bo‘lib, 2020-yildan “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi Xorazm filialida faoliyatini davom ettirgan. 2022-yildan esa “O‘lchash vositalarini metrologik tekshiruvi” bo‘limi bosh mutaxassisi bo‘lib faoliyat yuritgan.
Ro‘zmetov Atanazar Kenjayevich o‘z faoliyati davomida metrologik tekshiruv, kalibrlash va qiyoslash ishlarini takomillashtirishda muhim rol o‘ynadi. Uning ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot ishlari natijasida ko‘plab korxonalarda o‘lchov xatolari kamayib, mahsulot sifati oshdi. Ayniqsa, uning yosh mutaxassislar tayyorlashga qo‘shgan hissasi alohida e‛tiborga loyiq. U 20 nafardan ortiq shogird tayyorlagan bo‘lib, ular bugungi kunda turli hududlarda samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Atanazar Kenjayevichning faoliyati amaldagi qonunchilik ya‛ni “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonun va tegishli qarorlar asosida tashkil etilgan bo‘lib, u jamoada yuqori obro‘-e‛tiborga ega mutaxassis hisoblanadi. Uning mehnat intizomi, mas’uliyati va kasbiga sadoqati ko‘pchilikka ibrat bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘p yillik samarali mehnati uchun u bir necha bor faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2011-yilda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni bilan mukofotlangan. Uning hayot yo‘li yoshlar uchun namunadir. Oddiy muhandisdan bosh mutaxassis darajasigacha bo‘lgan yo‘l – mehnatsevarlik va sabr namunasi hisoblanadi desak, mobolag‘a bo‘lmaydi.
Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan soha fahriysi Ro‘zmetov Atanazar Kenjayevichni hamda barcha soha xodimlarini samimiy tabriklaymiz.