- Журнал "Экономический Вестник Узбекистана" - https://evu.uz/uz -

O‘ZBЕKISTON TASHQI SIYOSATINING 35 YILLIK TARAQQIYOT YO‘LI: SUVЕRЕNITЕTDAN XALQARO NUFUZGACHA

Mustaqillikning dastlabki yillaridan faol va ochiq diplomatiyagacha O‘zbekiston mustaqilligining o‘t­tiz besh yilligi – bu nafaqat milliy davlatchilikning shakllanishi, balki mamlakatning xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni va rolini bosqichma-bosqich belgilab bergan murakkab tarixiy jarayonning muhim sarhisobidir. 1991-yilda mustaqillikka erishgan O‘zbekiston uchun tashqi siyosatning dastlabki va eng fundamental vazifasi suveren davlat sifatida xalqaro maydonga chiqish, uning hududiy yaxlitligi va siyosiy mus­taqilligini xalqaro-huquqiy jihatdan mustahkamlash, jahon hamjamiyati bilan teng huquqli munosabatlar o‘rnatishdan iborat edi. Bu vazifa Sovet Ittifoqi parchalanishi, yangi mustaqil davlatlarning shakllanishi, mintaqaviy xavfsizlik tizimidagi o‘z­ga­rishlar va xalqaro munosabatlarda yangi geosiyosiy voqelik qaror topa­yotgan murakkab davrda hal etildi. 1992-yil 2-mart kuni O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a‛zo bo‘ldi. Bu voqea yangi davlatning xalqaro tizimga kirib kelishi uchun ramziy emas, balki fundamental siyosiy-huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan bosqich edi. O‘zbekistonning BMTga a‛zo bo‘lishi mamlakatning xalqaro munosabatlarning to‘laqonli subyekti sifatidagi maqomini mustahkamladi va uning global kun tartibida o‘z pozitsiyasi hamda milliy manfaatlarini ifoda etishi uchun institutsional asos yaratdi. Keyinchalik Toshkentda BMTning doimiy vakolatxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ham O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiya tizimidagi ishtirokini yanada mustahkamladi. Xalqaro-huquqiy maqomning mustahkamlanishi Mustaqillikning dastlabki davrida O‘zbekiston uchun dunyo davlatlari bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish, xalqaro tashkilotlarga a‛zo bo‘­lish va mamlakatning tashqi siyosiy manfaatlarini ifoda eta oladigan professional diplomatik tizimni shakllantirish ustuvor vazifaga aylandi. Biroq yangi davlatning xalqaro maydondagi mavjudligi faqat diplomatik aloqalar soni bilan belgilanmas edi. Bu jarayon xalqaro huquqning umum­e‛tirof etilgan tamoyillariga tayan­gan tashqi siyosiy konsepsiyani shakllantirishni ham talab qildi. Bugungi O‘zbekiston tashqi siyosatining konstitutsiyaviy asoslari ham ana shu tarixiy tajriba bilan uzviy bog‘liq. Amaldagi Konstitutsiyaning tashqi siyosatga bag‘ishlangan 17-mod­dasida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyekti ekani belgilangan va davlat tinchlikparvar tashqi siyosat yuritishi, davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga intilishi qayd etilgan. Shu tariqa tashqi siyosat O‘zbekiston uchun faqat tash­qi aloqalar tizimi emas, balki davlat suvereniteti, xavfsizligi va milliy manfaatlarini ta‛minlashning muhim institutsional mexanizmi sifatida shakllandi. BMT va ko‘p tomonlama diplomatiya O‘zbekiston tashqi siyosatida BMT alohida o‘rin egallaydi. Mustaqillikdan keyingi davrda mamlakat BMTning xavfsizlik, barqaror rivojlanish, ekologiya, inson huquqlari, mintaqaviy hamkorlik va gumanitar masalalarga oid kun tartibida tobora faol ishtirok eta boshladi. Bu ishtirokning muhim jihati shundaki, O‘zbekiston nafaqat xalqaro kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishda qatnashib, balki milliy va mintaqaviy manfaatlar bilan bog‘liq tashabbuslarni global darajaga olib chiqishga ham intildi. Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hududga aylantirish, Afg‘o­nistonda tinchlik va barqarorlikni ta‛minlash, Orolbo‘yi ekologik inqirozining oqibatlarini yumshatish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratil­gan tashabbuslar ana shu siyosatning muhim yo‘nalishlarini tashkil etdi. Ayniqsa, Orol muammosining xalqaro kun tartibiga olib chiqilishi O‘zbekiston diplomatiyasining ekologik va gumanitar yo‘nalishdagi imkoniyatlarini namoyon etdi. 2021-yil 18-may kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e‛lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. BMTning keyingi hujjatlarida ham mazkur rezolyutsiya Orolbo‘yida ekologik muammolarni hal etish va barqaror rivojlanishni ta‛minlash bo‘­yicha xalqaro hamkorlikning muhim asoslaridan biri sifatida qayd etilgan.   Siz maqolaning to‘liq matnini jurnalning bosma nashrida o‘qishingiz mumkin. [1]