- Журнал "Экономический Вестник Узбекистана" - https://evu.uz/uz -

RAQAMLARDA AKS ETGAN TARAQQIYOT

Milliy statistika tizimidagi yangilanishlar O‘zbekistonning 35 yillik taraqqiyot yo‘lini ochiq, xolis va zamonaviy shaklda aks ettirmoqda  

Behzod HAMRAYEV, Milliy statistika qo‘mitasi raisi

 

  

  Bugun statistika shunchaki raqamlarni jamlash yoki davriy hisobotlarni tayyorlash vositasi emas. U mamlakat hayotida kechayotgan o‘zgarishlarni aniq ko‘rsatib beradigan, davlat boshqaruvida puxta va asoslangan qarorlar qabul qilishga xizmat qiladigan muhim axborot manbaidir. Iqtisodiy chora-tadbirlarning natijadorligi ham, ijtimoiy dasturlarning aholi ehtiyojlariga qay darajada mos kelayotgani ham, avvalo, xolis statistik ma‛lumotlar orqali namoyon bo‘ladi. Zero, har bir statistik ko‘rsatkich ortida mamlakatning bugungi qiyofasi, hududlar va tarmoqlardagi o‘z­garishlar, eng muhimi, insonlarning hayot tarzi mujassam. Mehnat bozoridagi holat, ta‛lim va sog‘liqni saq­lash xizmatlarining qamrovi, infratuzilmaning rivojlanishi yoki aholi turmush sharoitidagi siljishlar qaysi yo‘nalishda o‘sish borligini, qayer­da esa hali qo‘shimcha choralar zarurligini ko‘rsatadi. Shu bois statistik ma‛lumotlar resurslarni to‘g‘ri taqsimlash, hududlar o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash va mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solishda muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtayi nazardan, so‘nggi yillarda milliy statistika tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni faqat bir idora faoliyatini yangilash sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu o‘zgarishlar ma‛lumotlarga asoslangan davlat boshqaruvini qaror toptirishga qaratilgan keng ko‘lamli jarayonning ajralmas qismiga aylan­di. Endilikda rasmiy statistika mavjud holatni qayd etish bilangina cheklanmay, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni chuqur tahlil qilish, erishil­gan natijalarni baholash va kelgusi vazifalarni aniq belgilash uchun ham mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Milliy statistika qo‘mitasida ma‛­lu­motlarni yig‘ishdan tortib, ularni tekshirish, qayta ishlash, tahlil qilish va e‛lon qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar xalqaro standartlar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Bunda ma‛lumotlarni tezkor taqdim etish bilan bir qa­torda, ularning to‘liqligi, o‘zaro taqqoslanuvchanligi, mazmunan tushu­narli va foydalanish uchun qulay bo‘­lishiga alohida e‛tibor qaratil­moqda. Bu yangilanishlar natijasida rasmiy statistika tobora ochiq, qulay va keng foydalaniladigan axborot manbaiga aylanmoqda. Bugun davlat organlari undan boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda, tadbirkorlar bozordagi yo‘nalishlarni baholashda, olim va tahlilchilar tadqiqot olib bo­rishda, ommaviy axborot vositalari esa jamiyatdagi jarayonlarni keng yoritishda foydalanmoqda. Eng muhimi, rasmiy ma‛lumotlar mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarish­larni raqamlar orqali anglash, ularning natijalarini xolis baholash va kelgusi taraqqiyot yo‘nalishlarini bel­gilash imkonini bermoqda.

  

Xalqaro e‛tirof – islohotlarning amaliy natijasi

  

    Milliy statistika tizimidagi yangilanishlar xalqaro baholashlarda ham o‘z aksini topmoqda. Bu natijalar rasmiy statistikaning ochiqligi, sifati, qamrovi va foydalanishga qulayligini oshirish bo‘yicha ishlar samara berayotganini ko‘rsatadi. Jumladan, O‘zbekiston Open ­Data Inventory (ODIN) ochiq ma‛lumotlar reytingida 83 ball bilan 197 ta mamlakat orasida 11-o‘rinni egalladi. Mazkur reyting rasmiy statistik ma‛lumotlarning ochiqligi, qamrovi, davriyligi va qayta foydalanish imkoniyatlarini baholaydi. Erishilgan natija mamlakatda ochiq ma‛lumotlar bilan ishlash tizimli yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. BMTning Barqaror rivojlanish yechim­lari tarmog‘i va xalqaro eks­pertlar shakllantirgan Barqaror rivoj­lanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 72,9 ball bilan 169 ta mamlakat orasida 65-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jarayonlarni xalqaro mezonlar asosida baholash imkoniyatlari kengayganini angla­tadi. Open Data Watch hisobotiga ko‘­ra, O‘zbekiston Ochiq gender ma‛lumotlari indeksida 69,7 ball to‘plab, dunyodagi eng yaxshi 20 ta mamlakat qatoridan joy oldi. Bu jins bo‘­yicha taqsimlangan demografik, ijtimoiy va iqtisodiy ma‛lumotlar qamrovi kengayib, ulardan tahlilda foydalanish imkoniyatlari yaxshilanganini ko‘rsatadi. BMT Statistika bo‘limining rasmiy veb-sahifasida O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha 87 ta ilg‘or tajribaga ega davlat sifatida qayd etildi. Bu BRM ko‘rsatkichlarini shakllantirish, monitoring qilish va jamoatchilikka taqdim etish bora­sidagi milliy tajribaning xalqaro miqyos­da e‛tirof etilganini bildiradi. Londondagi Ochiq ma‛lumotlar instituti baholash tizimida O‘zbekistonning Ochiq ma‛lumotlar portali “Gold level” sertifikatini oldi. Milliy statistika organining stat.uz rasmiy veb-sayti esa eng yuqori – “­Platinum level” sertifikatiga ega dunyodagi sanoqli platformalardan biri sifatida qayd etildi. Ushbu sertifikatlarni berishda ma‛lumotlarning internetda e‛lon qilinishi bilan birga, ularning to‘liqligi, muntazam yangilanishi, qu­lay formatlarda taqdim etilishi, metodologik izohlar bilan ta‛minlanishi va qayta foydalanish imkoniyati ham hisobga olinadi. Muhim natijalardan yana biri – O‘zbekistonning Markaziy Osiyo dav­latlari orasida birinchi bo‘lib 2026–2029-yillar uchun BMT Statistika komissiyasi Byurosiga a‛zo etib saylanishidir. Shuningdek, 2026-yil 15-aprel kuni Jahon banki guruhining Va­shington shahridagi bosh qarorgohida O‘zbekiston statistika tizimidagi islohotlar, innovatsiyalar va amaliy natijalarga bag‘ishlangan xalqaro se­minar o‘tkazildi. Unda ma‛lumotlarni shakllantirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, statistik jara­yonlarni modernizatsiya qilish va davlat boshqaruvida ishonchli ma‛lumotlardan foydalanish bo‘yicha O‘z­bekiston tajribasi muhokama qilindi. Seminar mamlakatdagi islohotlarga xalqaro qiziqish yuqori ekanini ko‘r­satdi. Raqamli transformatsiya: qog‘oz shaklidan intellektual tizimlarga Milliy statistika qo‘mitasida amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya mavjud jarayonlarni shunchaki elektron shaklga ko‘chirishdan iborat emas. U ma‛lumotlarni yig‘ish, tekshirish, qayta ishlash, tahlil qilish va e‛lon qilish bosqichlarini o‘zaro bog‘langan yagona raqamli muhitda birlashtirishga qaratilgan keng qamrovli yangilanish jarayonidir.Siz maqolaning to‘liq matnini jurnalning bosma nashrida o‘qishingiz mumkin. [1]