O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan jurnal tahririyati tomonidan mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti , sanoat va investitsiya sohalarida erishilgan ulkan yutuqlar, yetakchi kompaniyalar va ularning milliy iqtisodiyot rivojiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan “Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot solnomasi” maxsus yubiley interaktiv nashri da kimyo sanoatida amalga oshirilgan islohotlar, tarmoqning transformatsiyasi, investitsiyaviy loyihalar, innovatsion rivojlanish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillari hamda 2030-yilgacha belgilangan istiqbolli vazifalarga alohida e‛tibor qaratildi.
Shu munosabat bilan, «O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil TEMIROV bilan mustaqillik yillarida, ayniqsa keyingi o‘n yilda kimyo sanoatida amalga oshirilgan tub islohotlar, sohaning bugungi qiyofasi va kelgusi taraqqiyot istiqbollari haqida suhbat qildik.
– Mustaqillikning 35 yilligi arafasida keyingi o‘n yilda kimyo sanoatida amalga oshirilgan islohotlarning eng muhim natijalari nimalarda namoyon bo‘ldi? Prezidentimiz rahbarligidagi sanoat siyosati tarmoq qiyofasini qay darajada o‘zgartirdi?
– Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklayman. Bu sana mamlakatimiz taraqqiyotida amalga oshirilgan islohotlarni sarhisob qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Keyingi o‘n yil kimyo sanoati uchun haqiqiy yangilanish va tub transformatsiya davri bo‘ldi. Avval tarmoq asosan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, bugun u yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantiradigan, eksport salohiyatini mustahkamlaydigan strategik tarmoqqa aylandi.
Ochiq iqtisodiyot, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, sanoatlashtirishni chuqurlashtirish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar kimyo sanoatida ham yangi bosqichni boshlab berdi. Tarmoqni rivojlantirishda qisqa muddatli emas, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan sanoat siyosati ustuvor bo‘ldi.
Natijada ishlab chiqarish va boshqaruv yondashuvlari, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari hamda mahsulot ishlab chiqarish falsafasi o‘zgardi. Endi asosiy e‛tibor yuqori texnologiyalar, mahsulot turlarini kengaytirish, qo‘shilgan qiymatni oshirish va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni ta‛minlashga qaratilmoqda.
Tarmoqda inson kapitaliga ham e‛tibor kuchaydi. Zamonaviy texnologiyalar va yirik investitsiya loyihalari bilimli muhandislar, texnologlar, olimlar va malakali mutaxassislarga tayanadi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham sezilarli o‘sdi. «O‘zkimyosanoat» tizimida ishlab chiqarish hajmi 24,4 trln. so‘mga, eksport 197 mln. dollardan 720 mln. dollargacha, investitsiyalar esa ikki barobardan ziyod oshib, 658,5 mln. dollarga yetdi. Avval xorijdan import qilingan 60 dan ziyod turdagi mahsulot o‘zlashtirilib, mahsulot turlari 200 taga yetkazildi.
Shu tariqa kimyo sanoati iqtisodiyotimizning tayanch tarmoqlaridan biriga aylanib, yangi qiyofasini shakllantirdi.
– Keyingi yillarda kimyo sanoatiga jalb qilingan investitsiyalar va amalga oshirilgan yirik loyihalar haqida to‘xtalsangiz. Ular mamlakat iqtisodiyotiga qanday ta‛sir ko‘rsatmoqda?
– Kimyo sanoati yuqori texnologiya, katta kapital va uzoq muddatli rejalashtirishni talab qilgani uchun investitsiyalar uning rivojida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, xorijiy va mahalliy sarmoyalarni jalb qilish hamda sanoat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash natijasida tarmoq investitsiyaviy jozibador yo‘nalishlardan biriga aylandi.
So‘nggi yillarda sohaga 8,3 mlrd. dollar investitsiya jalb qilinib, 87 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Natijada kimyo, polimer va rezinatexnika mahsulotlarini hisobga olgan holda, 2025-yilda umumiy ishlab chiqarish hajmi 65,1 trln. so‘mga yetdi.
«Navoiyazot» AJda polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi, ammiak va karbamid majmuasi hamda azot kislotasi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi. Ular import o‘rnini bosish va yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportini kengaytirish imkonini bermoqda.
«O‘zkimyosanoat» AJ tomonidan 10 yil davomida qiymati 2,7 mlrd. dollarlik 61 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Natijada avval ishlab chiqarilmagan 56 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtirilib, qariyb 4,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bugungi investitsiyalar yangi korxonalar bilan cheklanmay, yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish, zamonaviy sanoat infratuzilmasini yaratish va raqobatbardosh industrial iqtisodiyot uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Bugun kimyo sanoati oldida qanday strategik maqsadlar turibdi?
– Keyingi yillarda yaratilgan poydevor yangi vazifalarni amalga oshirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, jahon iqtisodiyotidagi raqobat tarmoqdan mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar etishni talab qilmoqda.
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohadagi yutuqlar bilan bir qatorda mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
So‘nggi to‘qqiz yilda respublika sanoati o‘rtacha 6,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, kimyo sanoatida o‘sish 3 foizga ham yetmagan. Kimyo mahsulotlari importi 4,5 mlrd. dollargacha oshgani esa tarmoqda katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.
Bugungi asosiy vazifalar – investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishdir.
Davlat va xususiy sektor hamkorligini kengaytirish ham muhim. Bu yangi texnologiyalarni jalb qilish, raqobat muhitini kuchaytirish va talab yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini beradi.
Strategik maqsad – kimyo sanoatini yuqori texnologiyalarga asoslangan, xalqaro bozorlarda raqobat qila oladigan va mamlakat iqtisodiyotiga yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan zamonaviy industrial tarmoqqa aylantirish.
– Kimyo-industrial texnoparklar va kimyo klasterlarining tarmoq rivojidagi ahamiyati nimada?
– Kimyo sanoatini rivojlantirishda hududiy yondashuv asosida kimyo-industrial texnoparklari va ixtisoslashgan kimyo klasterlari tashkil etildi. Ular mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Bugungi kunda «Chirchiq» va «Jizzax» kimyo-industrial texnoparklari, shuningdek, Navoiy, Farg‘ona va Qoraqalpog‘iston kimyo klasterlarida investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bu hududlarda asosiy e‛tibor xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yangi avlod kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan. Natijada mahsulot turlari kengayib, qo‘shilgan qiymat va eksport imkoniyatlari ortmoqda.
«Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkida qiymati 102 mln. dollardan ortiq 23 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 1 577 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 2026-yilda yana 46,1 mln. dollarlik 10 ta yangi loyiha ishga tushiriladi.
Bu loyihalar Prezidentimiz ilgari surgan «xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni yaratish» tamoyilining amaliy ifodasidir. Texnopark va klasterlar kelgusida innovatsiyalar, investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va yuqori qo‘shilgan qiymatning yangi industrial markazlariga aylanadi.
– «Yashil iqtisodiyot» va ekologik barqarorlik borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 2030-yilgacha qanday maqsadlar belgilangan?
– «Yashil iqtisodiyot» tamoyillari bugungi sanoat taraqqiyotining muhim yo‘nalishidir. O‘zbekistonda ham ekologik barqaror rivojlanishga alohida e‛tibor qaratilmoqda.
Chirchiq shahrida Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi bilan hamkorlikda «yashil vodorod» ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Shuningdek, «Navoiyazot» AJda 300 megavattli fotoelektr stansiyasi o‘rnatildi.
2030-yilga kelib kimyo sanoatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 200,7 trln. so‘mga, eksportni 4,5 mlrd. dollarga, yillik investitsiyalarni 3,8 mlrd. dollarga va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni 16,9 trln. so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Bu tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligi, eksport salohiyati va yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarish imkoniyatlarini oshiradi.
– O‘zbekiston neft-kimyo sohasida xomashyo eksporti o‘rniga qanday strategik yo‘lni tanlamoqda?
– Bugun raqobat tabiiy resurslar zaxirasi bilan emas, ularni qanchalik chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish bilan belgilanadi. Shu bois O‘zbekiston xomashyoni eksport qilish o‘rniga uni mamlakat ichida qayta ishlab, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga asoslangan modelni shakllantirmoqda.
Neft-kimyo sanoati bu yo‘nalishdagi muhim drayverlardan biridir. Hozir mamlakatimizda polimer mahsulotlariga bo‘lgan talabning qariyb 70 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Shu sababli 2026–2032-yillarda tarmoq va hududlarda umumiy qiymati 28 mlrd. dollarlik 420 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularning maqsadi yangi quvvatlar yaratish va to‘liq qiymat zanjirini shakllantirishdir.
Siz intervuning to‘liq matnini jurnalning bosma nashrida o‘qishingiz mumkin. [1]