- Журнал "Экономический Вестник Узбекистана" - https://evu.uz/uz -

O‘zbekiston yoshlari Butunjahon oziq-ovqat forumida: xalqaro muloqot, tajriba va yangi tashabbuslar

     Rim, Italiya, 15-oktabr 2026-yil — Italiyaning Rim shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida Butunjahon oziq-ovqat forumi — 2026 bo‘lib o‘tmoqda. Forum yoshlar, mutaxassislar va hamkorlarni barqaror, inklyuziv va iqlim o‘zgarishiga chidamli agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish yo‘lida birlashtirmoqda.
     Forumda FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov boshchiligida mamlakatdagi bir qator davlat tashkilotlari xodimlari, yosh mutaxassislar va WFF O‘zbekiston milliy yoshlar platformasi vakillari ishtirok etdi. Ular agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro muhokamalarda qatnashib, milliy tajriba va tashabbuslarni taqdim etdilar hamda boshqa mamlakatlar vakillari bilan tajriba almashdilar.
     Forum doirasidagi Global yoshlar forumi ochilish marosimida 35 ta yangi milliy yoshlar platformasi faoliyati rasman yo‘lga qo‘yilib, ularning vakillariga sertifikatlar topshirildi. Tadbirda WFF tarmog‘i dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq milliy platformani birlashtirgani qayd etildi. Forum davomida turli mamlakatlarning yoshlar yetakchilari, jumladan, WFF O‘zbekiston milliy yoshlar platformasi koordinatori Shovkat Xoldorov oziq-ovqat xavfsizligi, barqaror qishloq xo‘jaligi va iqlimga oid mahalliy tashabbuslar bo‘yicha tajriba almashib, xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
     O‘zbekiston WFF milliy yoshlar platformasi 2025-yilda tashabbuskor yoshlar taklifi asosida, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan. U Markaziy Osiyodagi ilk WFF milliy yoshlar platformasi hisoblanadi.
     Forum doirasida FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo hamda Osiyo va Tinch okeani mintaqaviy vakolatxonalari yosh chorvadorlar kelajagiga bag‘ishlangan mintaqalararo muloqot tashkil etdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Nepal va Butanning WFF milliy yoshlar platformalari vakillari milliy maslahatlashuvlar natijalarini taqdim etib, chorvador jamoalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosiy tavsiyalar, hamkorlik va investitsiya imkoniyatlarini muhokama qildilar.
     Muloqotda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi bosh mutaxassisi Axmadjon Nurullayev O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etib, milliy maslahatlashuvlar natijalarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, so‘rovnomada qatnashgan yosh chorvadorlarning 71 foizi mahsuldorlik pasayganini, 58 foizi esa chorva mollarining nobud bo‘lishi bilan bog‘liq yo‘qotishlarga duch kelganini bildirgan. Suv, veterinariya xizmatlari va bozorlardan foydalanish imkoniyatlarining cheklanganligi respondentlarning qariyb 70 foizi uchun jiddiy to‘siq sifatida qayd etilgan. Shuningdek, iqlim o‘zgaruvchanligi, chorva bilan mavsumiy ko‘chib yurishdagi cheklovlar, yaylovlardan foydalanish huquqlarining yetarlicha kafolatlanmaganligi hamda yer va moliyaviy resurslardan foydalanishdagi qiyinchiliklar yosh chorvadorlarning daromadlari va faoliyati barqarorligiga ta’sir qilayotgani ta’kidlangan.
     Ushbu muammolarga javoban O‘zbekiston vakili yosh chorvadorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mintaqaviy dastur ishlab chiqishni taklif etdi. Taklif jamoalar ishtirokida yaylovlardan foydalanish rejalarini ishlab chiqish, yaylovlardan foydalanish huquqlari va mavsumiy ko‘chish imkoniyatlarini mustahkamlash, suv, veterinariya xizmatlari hamda moliyalashtirishdan foydalanishni yaxshilashni qamrab oladi. Shuningdek, yosh ayollar va erkaklarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi rasmiy ishtirokini ta’minlaydigan milliy pilot tashabbuslarni amalga oshirish taklif qilindi. Qurg‘oqchilikka oid ma’lumotlar almashinuvi va yaylovlar holatini monitoring qilish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik ushbu choralarni qo‘llab-quvvatlashi ko‘zda tutilmoqda.
     Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov FAOda stajirovka o‘tayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan ham uchrashdi. Muloqotda xalqaro tajriba va bilimlarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi amaliyotiga tatbiq etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, innovatsiyalarni joriy etish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Vazir yosh mutaxassislarni ilg‘or yechimlarni o‘rganish, ularni mamlakat sharoitiga moslashtirish va agrar sohani rivojlantirishga hissa qo‘shishga chaqirdi.
     Mintaqalararo muloqot BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan 2026-yil — Xalqaro yaylovlar va chorvadorlar yili doirasidagi sa’y-harakatlarga hamohangdir. FAO yetakchiligida amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus yaylovlar va chorvador jamoalarning oziq-ovqat xavfsizligi, biologik xilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikdagi hissasiga e’tibor qaratadi. Yoshlar taqdim etgan tavsiyalar ushbu yo‘nalishlarda milliy va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.