Aydarko‘l, O‘zbekiston — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi jamoasi Butunjahon atrof-muhit kuni munosabati bilan Aydarko‘l hududida ekologik hashar o‘tkazdi.
Har yili iyun oyida nishonlanadigan Butunjahon atrof-muhit kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining ekologik muammolar haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan amaliy harakatlarni rag‘batlantirish bo‘yicha asosiy global platformalaridan biridir.
Mazkur xalqaro sana 1972-yilda Stokgolmda o‘tkazilgan Inson atrof-muhiti bo‘yicha BMT konferensiyasi bilan bog‘liq bo‘lib, ilk bor 1973-yilda nishonlangan. Bugungi kunda Butunjahon atrof-muhit kuni hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va mahalliy hamjamiyatlarni tabiatni muhofaza qilish yo‘lida birlashtiradi.
Aydarko‘l O‘zbekistonning noyob tabiiy hududlaridan biri bo‘lib, uning betakror landshaftlari, suv havzasi va tabiiy muhiti aholining maroqli hordiq chiqarishi hamda mamlakatda ichki turizm va ekoturizmni rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, dam oluvchilar tomonidan plastik idishlar, polietilen paketlar, oziq-ovqat qadoqlari va boshqa maishiy chiqindilarning tabiat qo‘ynida qoldirilishi hududning ekologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday chiqindilar tuproq va suv resurslarini ifloslantirishi, tabiiy landshaftlarning jozibadorligini kamaytirishi, shuningdek, qushlar va boshqa yovvoyi hayvonlarning yashash muhitiga zarar yetkazishi mumkin.
Ekologik hashar davomida FAO jamoasi Aydarko‘l bo‘yidagi dam olish hududlarini maishiy va plastik chiqindilardan tozaladi. Ushbu jamoaviy tashabbus orqali atrof-muhitni asrash, tabiiy resurslardan mas’uliyatli foydalanish va ekologik madaniyatni kundalik hayotda mustahkamlash muhimligiga e’tibor qaratildi. “Butunjahon atrof-muhit kuni tabiatni muhofaza qilish faqat yirik tashabbuslar bilan cheklanmasligini, balki har birimizning kundalik mas’uliyatli harakatlarimizdan boshlanishini ko’rsatadi. Aydarko‘l kabi noyob tabiiy hududlarning tozaligini saqlash barchamizning umumiy vazifamizdir. Har bir dam oluvchi o‘zidan keyin chiqindi qoldirmasligi va tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi orqali ushbu bebaho maskanlarni kelajak avlodlar uchun asrashga hissa qo‘sha oladi”, — dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov.
Mazkur tadbir FAO faoliyatining tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, ekotizimlarni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash va ekologik mas’uliyatni oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlariga hamohangdir.
FAO fuqarolar, sayyohlar va barcha dam oluvchilarni Aydarko‘l hamda mamlakatimizning boshqa tabiiy maskanlarida tozalikka rioya qilishga, chiqindilarni o‘zidan keyin qoldirmaslikka va ularni faqat belgilangan joylarga tashlashga chaqiradi.
Tabiiy maskanlardan bugun bahramand bo‘lar ekanmiz, ularni kelajak avlodlarga ham toza, sog‘lom va asrab-avaylangan holda qoldirish barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir.
