- Журнал "Экономический Вестник Узбекистана" - https://evu.uz/uz -

FAO Farg‘ona vodiysida dehqon va tomorqa xo‘jaliklarining texnik imkoniyatlarini kengaytirmoqda

     Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi dehqon xo‘jaliklari hamda shaxsiy tomorqa yer egalariga qishloq xo‘jaligi ishlarini yengillashtirish va ishlab chiqarish imkoniyatlarini mustahkamlash maqsadida 12 ta motokultivator va 12 ta qo‘l purkagichni topshirdi.
     Mazkur ko‘mak FAO tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish uchun Janub–Janub va uch tomonlama hamkorlik” (UNUN/SEC/028/UND) loyihasi doirasida taqdim etildi.
     Uskunalar Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Navbahor”, Namangan viloyati Namangan tumanidagi “Beshkapa” va Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi “Sanoat” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi loyiha benefitsiarlariga taqdim qilindi. Har bir hududga to‘rttadan motokultivator va to‘rttadan qo‘l purkagich ajratildi. Shuningdek, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi loyiha benefitsiarlariga bir tonna karbamid mineral o‘g‘iti ham yetkazib berildi.
     Kichik yer maydonlarida agrotexnik ishlarni o‘z vaqtida bajarish dehqon va tomorqa xo‘jaliklari uchun muhim ahamiyatga ega. Taqdim etilgan motokultivatorlar tuproqqa ishlov berishni yengillashtirish va qo‘l mehnatini kamaytirishga, qo‘l purkagichlar esa ekinlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish ishlarini bajarishga yordam berishi kutilmoqda.
     “Tomorqada yer tayyorlash ko‘p vaqt va mehnat talab qiladi. Motokultivatorlar bu ishlarni yengillashtirib, ekishga o‘z vaqtida tayyorgarlik ko‘rishimizga yordam beradi, deb umid qilamiz”, — dedi loyiha benefitsiarlaridan biri Shuhrat Kenjabayev.
     Texnik ko‘mak loyiha doirasida mahalliy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan faoliyatni to‘ldiradi. Sentabr va oktabr oylarida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida tashkil etilgan trenerlar tayyorlash kurslarini 38 nafar ishtirokchi muvaffaqiyatli yakunladi. Mashg‘ulotlar tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish, iqlimga chidamli ekinlarni yetishtirish hamda iqlimga moslashgan aqlli qishloq xo‘jaligi amaliyotlariga bag‘ishlandi.
     “Barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etish uchun bilim bilan birga uni amalda qo‘llash imkoniyatlari ham zarur. Loyiha doirasida o‘quv mashg‘ulotlari va texnik ko‘makni uyg‘unlashtirish orqali iqlim o‘zgarishi sharoitida dehqon hamda tomorqa xo‘jaliklarining ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlashga ko‘maklashmoqdamiz”, — dedi loyiha koordinatori Muhammadjon Qosimov.
     Loyiha Farg‘ona vodiysida iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligi tizimlarini rivojlantirish va qishloq aholisining turmush sharoitini yaxshilashga ko‘maklashishni maqsad qilgan. Kichik fermer xo‘jaliklari, kooperativlar va milliy ekspertlarning bilim hamda texnik salohiyatini mustahkamlash orqali u qishloq xo‘jaligining iqlim o‘zgarishiga chidamliligi, ishlab chiqarish samaradorligi va iqtisodiy natijalarini yaxshilashga qaratilgan.