Pestitsid qoldiqlarini tahlil qilishda zamonaviy LC–MS/MS texnologiyasini qo’llash bo’yicha ixtisoslashtirilgan trening boshlandi

     Toshkent, O‘zbekiston — 2026-yil 26-oktabr
     Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO) Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan «Xavfli kimyoviy moddalarni samarali boshqarish uchun texnik ko’maklashish» loyihasi doirasida Toshkentda ixtisoslashtirilgan laboratoriya treningining uchinchi bosqichini boshladi. 2026-yil 26–29-oktabr kunlari Ekologik monitoring milliy markazi (EMMM) binosida o’tkazilayotgan trening xalqaro laboratoriya mutaxassisi Mohammad Nazem Shirazi tomonidan olib borilmoqda. Trening yaqinda laboratoriyaga o’rnatilgan suyuqlik xromatografiyasi va tandem mass-spektrometriyasi (LC–MS/MS) tizimining nazariy asoslari hamda amaliy ishlash tamoyillariga, xususan, pestitsid qoldiqlarini tahlil qilishda undan foydalanishga qaratilgan. Treningda EMMM, Farg’ona, Samarqand, Toshkent, Qoraqalpog’iston, Surxondaryo va Navoiy viloyat ekologiya va iqlim o’zgarishi boshqarmalari, shuningdek, Agrokimyoviy tahlil respublika markazi va Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi laboratoriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
     Pestitsid qoldiqlarini ishonchli tahlil qilish atrof-muhit namunalarida pestitsidlar bilan ifloslanishni aniqlash, tartibga solish bo’yicha qarorlar qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etish va aholi salomatligini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Xodimlarning ilg’or tahliliy uskunalardan foydalanish bo’yicha salohiyatini mustahkamlash O’zbekistonda atrof-muhit monitoringi tizimini rivojlantirishga hamda ishonchli va kuzatuvchanlikni ta’minlaydigan tahliliy natijalarni olishga xizmat qiladi.
     Mazkur trening 2026-yil iyun va avgust oylarida o’tkazilgan sifat menejmenti hamda kimyoviy xavfsizlik bo’yicha treninglarning mantiqiy davomi hisoblanadi. To’rt kunlik dastur uskunaning ishlash tamoyillari bilan tanishish, tahlil usullarini ishlab chiqish va kalibrlash, miqdoriy ma’lumotlarni qayta ishlash va natijalarni talqin qilish, ISO/IEC 17025:2017 xalqaro standartiga muvofiq sifatni ta’minlash va sifat nazorati, nosozliklarni aniqlash hamda profilaktik texnik xizmat ko’rsatish masalalarini qamrab oladi. Nazariy mashg’ulotlar amaliy laboratoriya mashqlari bilan to’ldiriladi. Amaliy mashg’ulotlarni o’tkazish imkoniyati uskunaning ishga tayyorligi, shuningdek, tegishli standart namunalar, reagentlar va sarflanadigan materiallarning mavjudligiga bog’liq. Trening, shuningdek, tizimning amaliy foydalanishga tayyorlik darajasini baholash va keyingi texnik ko’mak uchun zarur ehtiyojlarni aniqlash imkonini beradi.
     Trening yakunida ishtirokchilarning LC–MS/MS tizimidan amaliy foydalanish, pestitsid qoldiqlarini tahlil qilish, shuningdek, sifatni ta’minlash, sifat nazorati va ma’lumotlarni tekshirish tartib-taomillarini qo’llash bo’yicha ko’nikmalarini mustahkamlash kutilmoqda. Keyingi nazorat ostidagi amaliy mashg’ulotlar va texnik ko’mak ishtirokchilarga ushbu ko’nikmalarni yanada rivojlantirish hamda mamlakat bo’ylab laboratoriyalar va idoralar tarmog’ida ekologik monitoring salohiyatini oshirishga yordam beradi.
     «Ilg’or uskunalar laboratoriya xodimlari ulardan ishonch bilan foydalana olgan va ishonchli natijalar olgan taqdirdagina haqiqiy samara beradi. Ushbu trening uskunadan foydalanish ko’nikmalari sifatni ta’minlash tamoyillari bilan uyg’unlashtirib, tahliliy ma’lumotlarni atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qarorlar uchun zarur dalillarga aylantirishga yordam beradi», — dedi xalqaro laboratoriya mutaxassisi Mohammad Hossein Nazem Shirazi.
     «Laboratoriyamizning tahliliy salohiyatini mustahkamlash Ekologik monitoring milliy markazining ustuvor vazifalaridan biridir. LC–MS/MS texnologiyasining joriy etilishi va xodimlarimizning ushbu uskunadan foydalanish bo’yicha malakasini oshirish ekologik namunalaridagi pestitsid qoldiqlari to’g’risida ishonchli va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan ma’lumotlarni olish yo’lida muhim qadamdir. Bu ekologik monitoring sohasidagi vazifalarimizni samarali bajarish imkoniyatimizni kengaytiradi hamda O’zbekistonda kimyoviy moddalarni boshqarish bo’yicha asoslangan qarorlar qabul qilinishiga hissa qo’shadi», — deya ta’kidladi Ekologik monitoring milliy markazi direktori Rustam Ergashev.
     Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan FAOning «Xavfli kimyoviy moddalarni samarali boshqarish uchun texnik ko’maklashish» loyihasi qiymati 3,9 million yevroni tashkil etuvchi tashabbus bo’lib, O’zbekistonda pestitsidlarni boshqarishni takomillashtirish, kimyoviy moddalarni boshqarish tizimini mustahkamlash va barqaror qishloq xo’jaligi amaliyotlarini ilgari surish orqali atrof-muhit degradatsiyasini kamaytirishga qaratilgan.
 

DO'STLARINGIZGA TAVSIYA ETING

Fikr bildirish yopilgan.

  • АФИША

  • PR

  • JURNAL SONLARI ARXIVI

  • Bog’lanish

    O’zbekiston, 100000, Toshkent sh., Oloy , 1

  • Obuna bo’lish

    Obuna bo'lish uchun o'z e-mailingizni kiriting
  • Любое воспроизведение или использование выдержек из публикаций может быть произведено только с письменного согласия редакции; при перепечатке материалов обязательна ссылка на источник.