Bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan shiddatli islohotlar davrida metrologiya sohasi iqtisodiyotning “ko‘rinmas, lekin eng mustahkam” poydevoriga aylandi. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida mahsulotlarimizning xalqaro bozorlarda munosib o‘rin egallashi asosiy maqsad etib belgilangan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 16 fevraldagi PF–25-son “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoni soha rivojini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Farmon nafaqat sohani raqamlashtirish, balki milliy o‘lchov tizimini jahon andozalari bilan to‘liq uyg‘unlashtirishga qaratilgan tarixiy hujjat bo‘ldi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda milliy etalonlar bazasi shakllantirildi va xalqaro miqyosda tan olinishi ta’minlandi. Bugungi kunda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH miqyosida ham yetakchi markazlardan biri hisoblanadi.
Metr konvensiyasiga a’zolik va CIPM MRA bitimi doirasida milliy kalibrlash sertifikatlarining dunyoning 100 dan ortiq davlatlarida tan olinishi iqtisodiyotimiz uchun “yashil yo‘lak” bo‘ldi.
O‘zbekiston milliy laboratoriyalari natijalari Germaniya, Koreya va Yaponiya kabi 37 ta davlat tomonidan tan olina boshlandi.
So‘nggi yillarda massa, harorat, bosim, zichlik va vaqt yo‘nalishlarida eng zamonaviy etalonlar bazasi shakllantrildi. “E-Metrologiya” axborot tizimi orqali inson omili kamaytirilib, sohada shaffoflik va tezkorlik ta’minlandi.
Biz kelajakni kvant va raqamli metrologiyasiz tasavvur qila olmaymiz. Ilgari o‘lchov birliklari moddiy jismlarga bog‘langan bo‘lsa, endilikda Yangi O‘zbekiston metrologlari o‘lchovlarni o‘zgarmas tabiiy konstantalarga bog‘lash va raqamli interfeyslarga o‘tkazish ustida ishlamoqdalar.
Biz doktorantlar, magistrlar va mustaqil tadqiqotchilarni metrologiyaning eng dolzarb muammolari ustida ishlashga chorlaymiz. Institutimiz tomonidan esa ilmiy yordamlar berib boriladi, jumladan:
Kvant va raqamli etalonlarni yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarning konseptual asoslarini ishlab chiqish;
Xalqaro bazalardagi (Scopus, Web of Science) ilmiy maqolalarni tayyorlash va xalqaro metrologik qo‘mitalar (BIPM, CODATA) ma’lumotlaridan foydalanishda maslahatlar berish;
Davlat grantlari va innovatsion loyihalarda birgalikda ishtirok etish, tadqiqot natijalarini amaliyotga (ishlab chiqarishga) joriy etishda o‘z kuchimizni, bilimimizni ayamaymiz.
Biz, metrologiya sohasi olimlari va soha fidoyilari, o‘z oldimizga strategik vazifa qo‘yganmiz: ilm-fanning fundamental yutuqlarini zamonaviy amaliyot bilan uyg‘unlashtirgan holda, yoshlarimiz uchun “Yangi avlod” darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yaratish.Bu shunchaki o‘quv adabiyoti emas, balki:
Bilimlar transferi: Kvant metrologiyasi, raqamli transformatsiya va xalqaro standartlarning eng so‘nggi tendensiyalarini o‘z ichiga olgan metodologik manbalardir.
Ilmiy maktablar davomiyligi: Ko‘p yillik ilmiy izlanishlarimiz va xalqaro tajribamizni sodda, ammo ilmiy mukammal tilda kelajak vorislariga yetkazish vositasidir.
Amaliy yo‘nalish: Nazariy bilimlarni bevosita laboratoriya tajribalari va yuqori aniqlikdagi o‘lchov jarayonlari bilan bog‘lovchi innovatsion qo‘llanmalar majmuidir.
Bizning maqsadimiz – metrolog talabalar va yosh tadqiqotchilar qo‘lida nafaqat ma’lumot beruvchi, balki ularni mustaqil ilmiy izlanishga, yangi ixtirolar qilishga undaydigan intellektual zamin yaratishdir. Zero, sifatli ta’lim va ilg‘or adabiyot – Yangi O‘zbekistonning raqobatbardosh mutaxassislarini tarbiyalashning asosiy mezonidir.
Aziz hamkasblar, O‘zbekiston milliy metrologiya institutining zahmatkash va fidoyi jamoasi!
Sizlarni kasb bayramingiz – Butunjahon metrologiya kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Har bir sohaning asosi aniqlikda, aniqlikning kaliti esa Sizning qo‘lingizda. Mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, mahsulotlarimizning jahon bozorida o‘z o‘rnini topishi va fan-texnika taraqqiyotida Sizning beminnat xizmatingiz beqiyos.
Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman. Yangi O‘zbekistonning o‘lchovlar aniqligi Sizning bilim va tajribangiz bilan yanada mustahkamlanaversin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Kalandarov Palvan Iskandarovich, Texnika fanlari doktori, professor
Fikr bildirish