Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida o‘lchashlarning yagona birlikda amalga oshirilishini ta‛minlash maqsadida “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, o‘lchash vositalarini qiyoslash, kalibrlash hamda metrologik attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlari filial tarkibidagi “O‘lchash vositalarini metrologik tekshiruv” bo‘limi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan.
Filial faoliyati doirasida geometriya, massa, vaqt va harakat, sarf, hajm, zichlik va qovushqoqlik, fizik-kimyoviy, harorat, elektr hamda bosim kabi yo‘nalishlarda qiyoslash va metrologik attestatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, massa, geometriya, bosim va harorat kattaliklari bo‘yicha kalibrlash xizmatlari ham muntazam ravishda ko‘rsatilmoqda. Bundan tashqari respublika bo‘yicha korxona va tashkilotlarga qulaylik yaratish maqsadida logistika xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Hududiy ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, filial laboratoriyalarining akkreditatsiya doirasi izchil kengaytirib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5202-son qarori asosida yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu qaror BMT Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e‛lon qilish to‘g‘_risidagi rezolyutsiyasini amalga oshirishga qaratilgan.
2024-yilda ushbu qaror ijrosi doirasida filial negizida zamonaviy, yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalari bilan jihozlangan laboratoriyalar kompleksi tashkil etildi. Xalqaro talablarga javob beradigan infratuzilmaga ega mazkur laboratoriyalar foydalanishga topshirildi.
Shu yilning o‘zida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda ACWA Power kompaniyasi o‘rtasida umumiy qiymati 1,7 million AQSh dollariga teng investitsiya loyihasi bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu hamkorlik metrologiya sohasini modernizatsiya qilish va xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Filial mutaxassislari tomonidan 2025-yilda yangi o‘lchash vositalarini ishlab chiqarish dasturi doirasida nosimmetrik uch fazali tok o‘zgartkich yaratildi. Mazkur uskuna reaktiv energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va elektr energiyasidan samarali foydalanishni ta‛minlash maqsadida qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida metrologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, zamonaviy laboratoriyalarning tashkil etilishi va innovatsion ishlanmalarni joriy etish hududda o‘lchashlar aniqligi va ishonchliligini ta‛minlashga xizmat qilmoqda.
Fikr bildirish