Toshkent, Aprel 2026-yil — O‘zbekistonda yer resurslaridan barqaror foydalanishni kuchaytirish hamda Yer degradatsiyasi neytralligiga (LDN) erishish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qarorlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi (Decision Support System, DSS) ga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir GEF tomonidan moliyalashtirilayotgan, FAO va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning qurg‘oqchil ekotizimlarida o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi yer degradatsiyasi, cho‘llanish va qurg‘oqchilik oqibatlarini kamaytirish, yer resurslarini tiklash hamda o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
O‘zbekistonda yer degradatsiyasi, cho‘llanish va qurg‘oqchilik oqibatlari qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslardan foydalanish va ekotizimlar barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikadagi 25,6 million gektar yaylovlarning 2,5 million gektari degradatsiyaga uchragan, yana 6 million gektarida o‘simlik qoplami yo‘qolgan. Shu bilan birga, 1,9 million gektar sug‘oriladigan ekin yerlarining 45 foizi sho‘rlangan, yaylovlar o‘rtacha hosildorligi esa 3,2 sentner/gektardan 2,4 sentner/gektarga tushgan.
Shu nuqtayi nazardan, LDN yondashuvi yerlarni muhofaza qilish, tiklash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishda muhim amaliy vosita sifatida ko‘rilmoqda. Loyiha doirasida yer qoplami, yer unumdorligi va tuproq organik uglerodi kabi LDN ko‘rsatkichlarini baholash, dala tadqiqotlari uchun soddalashtirilgan metodologiyalarni ishlab chiqish, shuningdek, degradatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tavsiyalar va qo‘llanmalar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Seminar davomida “Yer degradatsiyasi” geoportali va unga bog‘langan “Field Maps” mobil ilovasi taqdim etildi. Mazkur vositalar tuproq sifati, sho‘rlanish, agrokimyoviy tahlil va yaylov geobotanikasi bo‘yicha ma’lumotlarni tizimli ravishda yig‘ish, kiritish va tahlil qilish imkonini beradi. Taqdimot materiallariga ko‘ra, geoportalda 17 qatlam asosida ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan bo‘lib, unda qishloq xo‘jaligi, o‘rmon, suv fondi va boshqa toifadagi yerlar bo‘yicha degradatsiyaga qarshi kurashga oid ma’lumotlar jamlanmoqda.
Geoportal turli idora va muassasalardan keladigan ma’lumotlarni birlashtirish orqali qarorlar qabul qilish sifatini oshirishga xizmat qiladi. Tizimga Suv xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘rmon agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamda “O‘zdaverloyiha” instituti kabi tashkilotlarning ma’lumotlari kiritilishi nazarda tutilgan.
Loyiha doirasida amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Xususan, Buxoro viloyatidagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti mintaqaviy bo‘linmasi uchun 110 ming AQSh dollari qiymatidagi 2 dona zamonaviy laboratoriya uskunasi xarid qilingan. Shuningdek, Jondor tumanida 28 100 gektar, Nurota tumanida esa 3 700 gektar maydonda dastlabki baholash va xaritalash ishlari amalga oshirilgan. Buxoro va Navoiy viloyatlarida LDN ko‘rsatkichlarini dastlabki baholash, jumladan yer qoplami, yer unumdorligi va tuproq organik uglerodi bo‘yicha ishlar olib borilgan.
Kun tartibiga muvofiq, sessiyalarda LDN konsepsiyasining O‘zbekiston sharoitida qo‘llanilishi, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishni muvofiqlashtirish, yer degradatsiyasi bo‘yicha faol nuqtalar va xavfli hududlarni aniqlash, shuningdek, milliy hisobotlarni tayyorlashning joriy holati muhokama qilindi. Taqdimotlarda Buxoro va Navoiy viloyatlarida geobotanik tadqiqotlar o‘tkazish, yaylovlarning joriy holatini baholash, masofaviy zondlash va monitoring asosida tahlillar tayyorlash, shuningdek, yaylovlardan foydalanish va takomillashtirish yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi.
“LDN loyihasining ustuvor maqsadlaridan biri – O‘zbekistonning BMTning Cho’llanishga qarshi kurashish Konvensiyasi bo’yicha hisobotlarni tayyorlashni yaxshilashdir. Respublikamizning 44,7 mln gektar hududining 21 mln gektar maydoni yaylovlardan iboratligi va yer hamda o’rmon degradatsiyasi muammolarining ko’payib borishi bugungi tadbirning muhimligini ko’rsatdi. Umid qilamizki, bugungi uchrashuv barcha manfaatdor hamkorlar orasida yer va o’rmon degradatsiyasi bo’yicha ma’lumotlarni shaffof almashuvi uchun asos yaratadi hamda degradatsiyani kamaytirishga hissa qo’shadi.”, – dedi “O‘zbekistonning qurg‘oqchil ekotizimlarida o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasining bosh texnik maslahatchisi Narimon Nishonov.
Mazkur davra suhbati manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ilgari surish hamda O‘zbekistonning LDN bo‘yicha majburiyatlarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Fikr bildirish