Bugungi kunda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar nafaqat savdo va investitsiyalar sohasini, balki ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishning muhim yo‘nalishlarini ham qamrab olmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichga chiqishi alohida e’tiborga loyiqdir.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalar nafaqat ikki tomonlama aloqalarning yanada mustahkamlanishiga, balki mintaqaviy barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mavjud hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yangi loyihalarni amaliyotga joriy etish maqsadida joriy yilning 10-15 fevral sanalarida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurov boshchiligidagi ishchi guruh Koreya Respublikasida bo‘ldi.
Tashrif davomida Janubiy Koreyaning bir qator tashkilot hamda kompaniya rahbarlari bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish borasida muhokamalar olib borildi.
Xususan, Koreya Qishloq xo‘jaligini texnologiyalarini rivojlantirish agentligi (KOAT) vitse-prezidenti Koo Bon Geun bilan uchrashuv doirasida agentlik bilan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida ilm-fan, texnologiya va «know-how» yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr va mulohazalar almashildi. Agentlik tomonidan urug‘chilik, qishloq xo‘jaligida texnologiyalar va mashinasozlik sohalarida yaqindan ko‘mak berishga tayyorligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Koreya Respublikasi Qishloq joylarni rivojlantirish administratsiyasi (RDA) rahbari o‘rinbosari Seo Hyowon bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligida yetishtirilgan mahsulotlarini saqlash, qadoqlash va qayta ishlash, kartoshkachilik va qulupnaychilikni yanada rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi va mazkur yo‘nalishlarda kelgusida Koreya qishloq xo‘jaligi innovatsiyalari bo‘yicha hamkorlik dasturi (KOPIA) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.
Bundan tashqari, COEX konferensiyalar va ko‘rgazmalar markazi prezidenti Dong-Ki Lee bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Markaz rahbari tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi mahsulotlar ko‘rgazmasini mazkur majmuada tashkil etishga tayyor ekanligi bildirildi.
Tashrif davomida ishchi guruh “Farmjoa Inc.” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash va saqlash agrologistika markaziga tashrif buyurdi. Mazkur kompaniya rahbari Eunkyung Hwang bilan Toshkent viloyatida agrologistika markazini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Kompaniya rahbari tomonidan respublika hududida tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va Yevropa davlatlariga eksportini tashkil qilish istagi ma’lum qilindi hamda tomonlar o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha o‘zaro Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, Janubiy Koreyaning bir qator yetakchi kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligida loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Fikr bildirish