Hack4DigitalVillages xakatoni gʻoliblari eʼlon qilindi

24-26 noyabr kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Fargʻona filialida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (BMT FAO) tomonidan YeXHTʼning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda va IT Park va “CGIAR Accelerate for Impact Platform” koʻmagida tashkil etilgan “Hack4DigitalVillages” mintaqaviy xakatoni boʻlib oʻtdi.

Xakatonda respublikaning barcha hududlaridan xohlovchilar ishtirok etishdi. Ishtirok etish uchun ariza topshirgan 244 kishidan 103 nafari saralab olindi va ulardan 36 ta jamoa shakllantirildi. Har bir jamoa quyidagi toʻrtta yoʻnalishdan biri boʻyicha loyiha ustida ishladilar:

  • Issiqxonalarni boshqarish;
  • Suvdan samarali foydalanish va sugʻorish;
  • Pestitsidlarni boshqarish va nazorat qilish;
  • Agrobiznesni rivojlantirish uchun taʼlim.

36 ta jamoadan 16 tasi final taqdimotiga yetib keldi, bu esa raqobatchilarning yuqori tayyorgarligi va professionalligidan dalolat beradi.

Hakamlar hayʼatining baholash natijalariga koʻra 5 ta jamoa xakaton gʻolibiga aylandi:

  • 1-oʻrin: “Smart Greenhouse” loyihasi bilan qatnashgan “Everest” jamoasi. Ularning gʻoyasi smartfon orqali masofadan boshqariladigan avtomatik shamollatish, sugʻorish va isitish tizimi yordamida issiqxonalardagi jarayonlarni avtomatlashtirishdan iborat. Bundan tashqari, loyihada issiqxonani qoʻshimcha isitish uchun aqlli tizim amalga oshirilgan va kundalik statistik maʼlumotlarni qayd qilib borish koʻzda tutilgan. (Mirjalol Shavkatov, Saidomilxon Saidakbarov);

  • 2-oʻrin: “GreenSpring” jamoasi — bogʻlar, issiqxonalar va dalalarni masofadan turib nazorat qilish, tuproq holati va barcha parametrlarni telefondagi ilova orqali oʻlchash loyihasi. (Ikromjon Moydinjonov, Saidakramxon Saidahmetov, Kamoliddin Nishonov);

  • 3-oʻrin: “Green Guardia” loyihasi bilan qatnashgan “Curved” jamoasi — ekish va yigʻim-terim maʼlumotlarini boshqarish, IoT telemetriya maʼlumotlari, diagnostika uchun oʻsimliklarni suratga olish tajribasiz mutaxassislar uchun dehqonchilik sohasiga kirishni yengillashtirishga yordam beradi. (Feruz Xasanov, Ikrom Haydarov, Aziz Abdurahmonov);

  • 4-oʻrin: “RoboGroup” jamoasi — issiqxonalardagi harorat va namlikni masofadan nazorat qilish, shuningdek, isitish xarajatlarini kamaytirishga yordam beradigan haroratni avtomatik sozlash va ushlab turish loyihasi (Abbosjon Anvarov, Behruzbek Odilov, Ozodbek Rasulov);

  • 5-oʻrin: “Smart Farm” loyihasi bilan qatnashgan “Upgrade” jamoasi — bir necha marta bosish orqali murakkab tahlillarni amalga oshirishi mumkin boʻlgan, tuproq sensorlari oʻrnatilgan sunʼiy intelllekt (Azizjon Rasulov, Bexruz Nodirov, Abdumalik Primov).

Gʻoliblarga “Asus TUF Gaming” noutbuklari, “iPad Pro” planshetlari, “Samsung Galaxy S23” smartfonlari, “HyperX Cloud” quloqchinlari va “Huawei Band” aqlli soatlari topshirildi. Bundan tashqari, gʻoliblar IT Park tomonidan murabbiylik yordami, har bir jamoaning ehtiyojlariga moslashtirilgan individual treninglar, IT Park ofis maydoni, kompyuterlar va 3D printerlaridan olti oy davomida bepul foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar. Ushbu qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadi gʻoliblarga oʻz gʻoyalarini haqiqiy biznesga aylantirishga yordam berish, ularning ishlanmalari asosida yotgan bilimlarni kengaytirish va mustahkamlash imkonini berishdir.

22-noyabr kuni FAO va IT Park mutaxassislari tomonidan xakaton ishtirokchilari uchun vebinar oʻtkazildi, unda ishtirokchilar xakaton haqidagi maʼlumotlar bilan tanishdilar, shuningdek, fermerlarning muammolari boʻyicha birlamchi maʼlumotlarni oldilar. Ishtirokchilarning fermerlar va murabbiylar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyati juda katta afzallik boʻldi. Xakatonning birinchi va ikkinchi kunlarida fermerlar taklif etilgan gʻoyalar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirish va ishtirokchilarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish, yanada aniqroq va foydali yechimlarni shakllantirishga yordam berish uchun maydonchada hozir boʻlishdi. Kelgusida ishtirokchilar YeXHTʼning inkubatsiya dasturi va CGIARʼning akseleratsiya dasturiga taklif qilinadi. Ushbu tashabbuslar haqida batafsil maʼlumot keyinroq eʼlon qilinadi.

Konsalting yordamini koʻrsatish uchun mentorlar sifatida quyidagi mutaxassislar taklif qilindi:

  • Xayrullo Esonov — Issiqxona yaratish boʻyicha katta agronom;
  • Sherzod Suyarqulov — Asalarichi;
  • Abror Mamataliyev — GIS dasturchi, Software Engineer;
  • Muhammadjon Qosimov — Issiqxonalarni boshqarish;
  • Azizbek Nurbekov — resurslarni tejovchi qishloq xoʻjaligi sharoitida suv resurslarini boshqarish usullari;
  • Abdulhamid Urazkeldiyev — “IWMI CGIAR” institutining suv resurslari boʻyicha mintaqaviy eksperti;
  • Abror Joʻrayev — Karantin va oʻsimliklarni himoya qilish agentligi, pestitsidlar va kimyoviy moddalarni roʻyxatga olish va nazorat qilish boʻlimi boshligʻi;
  • Abubakr Abduvohidov — Software Engineer, Hardware Engineer;
  • Abdufotixxoʻja Ravshanxoʻjaev — Backend dasturchi;
  • Saidazimxon Mubarov — Backend dasturchi;
  • Mohirbek Mustaqimov — Frontend dasturchisi, Mobil dasturchi;
  • Sanjar Asrorov — Fullstack dasturchi;
  • Bahodir Oripov — Agrotexnologiya mutaxassisi;
  • Rasuljon Rahmatov — Robototexnika boʻyicha mutaxassis;
  • Azizbek Zulunov — Agrotexnologiyalar boʻyicha mutaxassis;
  • Narqulova Aliya — Agrotexnologiyalar boʻyicha texnik-iqtisodchi;
  • Sardor Sodiqov — OpenAI, biznes tahlilchi.

Har bir loyihani malakali baholash maqsadida xakatonga hakamlar hayʼati sifatida quyidagi ekspertlar taklif etildi:

  • Sherzod Suyarqulov (FAOUZ) — salohiyatni rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi innovatsiyasilari boʻyicha milliy ekspert (AKIS)
  • Katerina Antanevich — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) raqamli qishloq xoʻjaligi boʻyicha eksperti
  • Abdulhamid Urazkeldiyev — “IWMI”, “CGIAR” suv resurslari boʻyicha mintaqaviy ekspert
  • Abror Mamataliyev — GIS dasturchisi, Software Engineer
  • Abdufotixxoʻja Ravshanxoʻjayev — Backend dasturchi

Eslatib oʻtamiz, FAO’ning Oʻzbekistondagi “Digital Villages Initiative” (DVI) tashabbusi qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini oshirish, fermerlarning raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va Fargʻona vodiysining qishloq hududlarida hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan. “DVI” tashabbusi Novkent va Yuksalish aholi punktlarini raqamli rivojlanish bosqichiga yoʻnaltirish maqsadida 2023-yili Oʻzbekistonda ishga tushirilgan. Ushbu tashabbus jamoatchilik ishtirokiga asoslangan boʻlib, qishloq aholisi, ayniqsa, yoshlarning qishloq jamoalari duch keladigan muammolarni birgalikda aniqlash va hal qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Oʻzbekistondagi “DVI” loyihasi bir nechta asosiy elementlarni, jumladan issiqxonalar uchun ochiq kodli IoT-qurilmalarini yigʻishni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, loyiha davomida ushbu qurilmalar “Digital Village Camp” doirasida kichik fermerlar orasida tajriba sifatida joriy etiladi. Bundan tashqari, maqsadli jamoalarda raqamli savodxonlik va tadbirkorlik boʻyicha oʻquv dasturlarini integratsiyalash va “Digital Villages Hub” — hamjamiyatlar oʻrtasida bilim almashish uchun raqamli platformani yaratish, shuningdek Telegram va YouTubeʼda qishloq xoʻjaligi boʻyicha maxsus bilim va tajribalarning raqamli omborini yaratish amalga oshiriladi.

Quyidagi havola orqali “Digital Villages Initiative” tashabbusi haqida koʻproq bilib oling:

https://www.fao.org/digital-villages-initiative/europe/en

“Digital Villages Initiative” tashabbusi Novkent va Yuksalish qishloqlaridagi aqlli sensorlar va jonli laboratoriyalar orqali qanday taʼsir oʻtkazgani haqida koʻproq bilib oling:

https://www.fao.org/fao-stories/article/en/c/1649838/

Источник: it-park.uz

DO'STLARINGIZGA TAVSIYA ETING

  • Buyurtma qilish

    Buyurtma qilish
  • АФИША

  • Реклама

  • JURNAL SONLARI ARXIVI

  • Bog’lanish

    O’zbekiston, 100000, Toshkent sh., Matbuotchilar ko’ch., 32

  • Obuna bo’lish

    Obuna bo'lish uchun o'z e-mailingizni kiriting
  • Любое воспроизведение или использование выдержек из публикаций может быть произведено только с письменного согласия редакции; при перепечатке материалов обязательна ссылка на источник.