ULAN-BATOR, MO‘G‘ULISTON – 2026-yil 27-avgust – BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 17-sessiyasi (UNCCD COP17) doirasida o‘tkazilgan parallel tadbirda O‘zbekistonning barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tuproq salomatligini tiklash va landshaftlarni kompleks boshqarish borasidagi tajribasini taqdim etdi.
Konferensiyaning “Oziq-ovqat tizimlari va tuproq salomatligi kuni” doirasida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekistonda yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, yer va suv resurslarini barqaror boshqarishni takomillashtirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlari va qishloq aholisining iqlim o‘zgarishi ta’siriga chidamliligini oshirish bo‘yicha amaliy yechimlar va orttirilgan tajriba bilan o‘rtoqlashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.
FAO ekspertlari hamda milliy va xalqaro hamkorlar “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va yerlarni tiklashga ta’sirini baholash dasturi” (FOLUR–O‘zbekiston) doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan yondashuvlarni taqdim etdilar. Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha FAO tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
FAOning FOLUR–O‘zbekiston loyihasi koordinatori Aziz Nurbekov mamlakatda tuproq salomatligini tiklash, yerlar degradatsiyasini kamaytirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining uzoq muddatli barqarorligini oshirish maqsadida ilgari surilayotgan konservatsion va regenerativ qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini taqdim etdi.
FOLUR–O‘zbekiston loyihasi guruhi rahbari va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili Sherzod Nizamov “O‘zbekistonda barqaror bug‘doy yetishtirish uchun landshaftlarni kompleks boshqarish” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. U barqaror bug‘doy yetishtirishni landshaft darajasidagi rejalashtirish bilan uyg‘unlashtirish, yer va suv resurslarini mas’uliyatli boshqarish hamda qishloq xo‘jaligi landshaftlarining chidamliligini oshirishga qaratilgan yondashuvlarni yoritib berdi.
Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) vakili Alexander Iscenko qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlariga biologik xilma-xillikni muhofaza qilish masalalarini integratsiya qilish, barqaror ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va tabiiy ekotizimlarni asrashga qaratilgan yondashuvlarni taqdim etdi.
Muhokamalar davlat tashkilotlari, FAO, texnik hamkorlar va qishloq jamoalari o‘rtasidagi hamkorlik yer resurslarini barqaror boshqarish tamoyillarini amaliy harakatlarga aylantirishga qanday xizmat qilishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ishtirokchilar, shuningdek, qurg‘oqchil hududlarda konservatsion va regenerativ qishloq xo‘jaligi, biologik xilma-xillikni hisobga olgan holda ishlab chiqarish hamda landshaftlarni kompleks rejalashtirish bo‘yicha bilim va tajriba almashdilar.
FAOning UNCCD COP17dagi ishtiroki O‘zbekistonning degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash hamda yanada barqaror va chidamli agro-oziq-ovqat tizimlarini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarini xalqaro miqyosda keng namoyish etishga xizmat qildi. Tadbir, shuningdek, samaradorligi amalda tasdiqlangan yondashuvlarni keng ko‘lamda joriy etish hamda yer va tabiiy resurslarni barqaror boshqarish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari yuzasidan hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatladi.