2025-yil 27-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xalqaro Metrik konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonun imzolangan edi. Mazkur hujjat O‘zbekistonning xalqaro metrologiya tizimiga integratsiyalashuvida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi. Ushbu qadam orqali mamlakatimiz 1875-yilda tashkil etilgan nufuzli Xalqaro metrik konvensiyasining to‘laqonli ishtirokchisiga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ushbu qonun qabul qilinishi natijasida 2026-yil 13-aprel kuni mazkur muhim jarayon o‘zining mantiqiy yakuniga yetdi va O‘zbekiston rasman Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosining (BIPM) to‘laqonli a‛zosi bo‘lgani e‛lon qilindi. Bu voqea mamlakatimiz metrologiya sohasi uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, xalqaro o‘lchov standartlarini shakllantirishda ishtirok etish, BIPM va uning konsultativ qo‘mitalari faoliyatida to‘laqonli qatnashish, milliy mutaxassislarning xalqaro darajada malaka oshirishi, o‘lchashlar birligini xalqaro talablar asosida ta‛minlash, mahsulot va xizmatlarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirish, investorlar ishonchini mustahkamlash va eksport salohiyatini kengaytirish, xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarni yaxshilashga zamin yaratadi.
O‘zbekiston BIPMning konsultativ qo‘mitalari (CCs) yig‘ilishlarida ishtirok etish, ovoz berish va saylovlarda o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega bo‘ldi. Konvensiyaga qo‘shilish mamlakatimizda aniq, ishonchli va xalqaro talablarga javob beradigan o‘lchash tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, xalqaro hamkorlar, investorlar va tashkilotlarning O‘zbekiston mahsulotlari, xizmatlari va sertifikatlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi.
Shuningdek, mamlakatimizdagi o‘lchashlar birligini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, Jahon savdo tashkilotiga a‛zo bo‘lish jarayonida texnik to‘siqlarni kamaytirish va milliy sifat infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishda muhim qadam hisoblanadi.
Bugungi kunga qadar O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan xalqaro darajada solishtirishlar o‘tkazilib, BIPM ma‛lumotlar bazasida O‘zbekistonning kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlari (CMC-qatorlar) soni yetdi hamda zamonaviy laboratoriyalar ishga tushirildi.
2026-yil 13-aprel – O‘zbekiston metrologiyasi tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan kun. Bu nafaqat muhim voqea, balki mamlakatimizning ilmiy-texnik taraqqiyoti va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash yo‘lidagi katta yutuqdir.
Fikr bildirish