Qashqadaryo, O‘zbekiston— Global ekologik fondning moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan FAO loyihalari doirasida joriy etilgan iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, suv tejovchi yondashuvlar va o‘rmonlarni barqaror boshqarish amaliyotlari Qashqadaryo viloyatida xalqaro delegatsiyaga namoyish etildi. Delegatsiya tarkibidan Global ekologik fond, FAOning Rimdagi bosh qarorgohi, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari o‘rin oldi.
Tashrif davomida delegatsiya “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” (FOLUR-Oʻzbekiston) hamda “O‘zbekistonning tog‘li va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihalari doirasida joriy etilayotgan iqlim o‘zgarishini yumshatadigan qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish texnologiyalari hamda cho‘llanishga qarshi kurashishda o‘rmonlarni barqaror boshqarish amaliyotlari bilan tanishdi.
Delegatsiyaga tuproqni muhofaza qilish, suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jalgida qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yangi amaliyotlar, degradatsiyaga uchragan landshaftlarni tiklash hamda o‘rmon xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga qaratilgan texnologiyalar va yondashuvlar namoyish etildi.
Tashrifning birinchi manzili Qamashi tumanining Savsan mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi FOLUR–O‘zbekiston loyihasining ko‘rgazmali maydoni bo‘ldi. Bu yerda delegatsiya lalmi sharoitda kuzgi bug‘doyni yerga ishlov bermasdan yetishtirish texnologiyasi tuproqni ortiqcha mexanik ishlovdan himoya qilishi, o‘simlik qoldiqlarini tuproq yuzasida saqlashi, namlik yo‘qotilishini ozaytirishi va suvning tuproqqa singishini yaxshilashi orqali qurg‘oqchil yillarda ham yuqori hosil olish imkonini berishi delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu texnologiya yoki yondashuv ayniqsa suv tanqisligi, qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgaruvchanligi ta’siri kuchayib borayotgan lalmi hududlarda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, ushbu hududda yomg‘ir suvlarini yig‘ish texnologiyasining afzalliklari ham ko‘rsatilib o‘tildi aynan yomg‘ir suvlaridan samarali foydalanish orqali yetishtirilayotgan pista ko‘chatlarining holati to‘g‘risida ma`lumotlar berildi. Qiyalik darajasiga qarab tosh bilan mustahkamlangan va mustahkamlanmagan gradoni terrasalar, yarim oy shaklidagi suv yig‘ish inshootlari hamda suv yo‘naltiruvchi yo‘lakchalardan iborat. Ushbu yangi texnologiyalar tabiatga asoslangan yechimlardan bo‘lib hisoblanadi chunki tuproqdagi namlik yaxshi saqlanadi va suvni bevosita o‘simliklarning ildiz zonasiga yo‘naltirish imkonini berishi orqali ko‘chatlarning yashab qolishiga ijobiy ta`sir ko‘rsatishi tashrif qatnashchilarida ijobiy taassurot qoldirdi.
Keyingi tashrif Shahrisabz tumanining Mo‘minobod mahalla fuqarolar yig’iniga qarashli bo‘lgan fermer xo‘jaligida tashkil qilingan ko‘rgazmali maydonda davom etdi. Bu yerda delegatsiyaga sug‘oriladigan sharoitda bug‘doyni tuproqqa ishlov bermasdan ekish usulida yetishtirish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishga asoslangan “smart water” g‘o‘za maydoni taqdim etildi.
Namoyish davomida qishloq xo‘jaligida an’anaviy hamda tuproqni himoya qiluvchi va resurs tejovchi texnologiyalar usullari o‘rtasidagi farqlar, tuproq unumdorligini saqlash, sug‘orish samaradorligini oshirish, tuproqdagi namlikni boshqarish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini suv bilan bog‘liq xavflarga moslashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Dala tashrifi xalqaro hamkorlarga loyiha doirasida ilgari surilayotgan yondashuvlarning amaliy natijalarini bevosita ko‘rish imkonini berdi. Tuproqqa ishlov bermasdan ekish, yomg‘ir suvlarini yig‘ish va takomillashtirilgan sug‘orish usullari alohida texnologiyalar emas — ular qurg‘oqchil yillarda ham yuqori hosil olish, tuproq salomatligini tiklash, suvdan samarali foydalanish va fermer xo‘jaliklarining iqlim o‘zgarishi mos yangi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan yagona kompleks yondashuvning tarkibiy qismlaridir”, — dedi FOLUR–O‘zbekiston loyihasi koordinatori Aziz Nurbekov.
Tashrifning navbatdagi qismi Kitob tumanidagi “O‘zbekistonning tog‘li va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etilgan o‘quv markazida o‘tkazildi. Markaz o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari va mahalliy manfaatdor tomonlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, texnik treninglar o‘tkazish, o‘rmon va qurg‘oqchil ekotizimlarni tiklash bo‘yicha tajriba almashishni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Delegatsiya, shuningdek, Makrid hududidagi ko‘chatxona va issiqxona majmuasiga tashrif buyurdi. Bu yerda o‘rmonlarni tiklash va landshaftlarni reabilitatsiya qilish uchun sifatli ko‘chat materiallarini yetishtirish, ko‘chatlarni mahalliy iqlim va tuproq sharoitlariga moslashtirish, ularni parvarishlash hamda ko‘chatxona boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi.
Makriddagi obyektlar O‘rmonlarni barqaror boshqarish loyihasining amaliy yo‘nalishlarini, jumladan o‘rmonlarni tiklash, ko‘chat yetishtirish salohiyatini mustahkamlash, degradatsiyaga uchragan hududlarni qayta tiklash va o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislarining texnik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ishlarni namoyon etdi.
Dala tashrifi xalqaro delegatsiya, loyiha guruhlari, mahalliy mutaxassislar va fermerlar o‘rtasida amaliy tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘ldi. Ishtirokchilar namoyish etilgan texnologiyalarning samaradorligi, ularni monitoring qilish, mahalliy sharoitlarga moslashtirish hamda Qashqadaryo va O‘zbekistonning boshqa hududlarida keng joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Global ekologik fond tomonidan moliyalashtirilayotgan FOLUR–O‘zbekiston loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha bug‘doy yetishtirishga asoslangan barqaror va inklyuziv ishlab chiqarish landshaftlari hamda qiymat zanjirlarini rivojlantirish uchun ilg‘or amaliyotlar va innovatsiyalarni keng joriy etishga qaratilgan.
FOLUR–O‘zbekiston va O‘rmonlarni barqaror boshqarish loyihalari doirasidagi ishlar tuproq va suv resurslarini muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmon ekotizimlarini tiklash, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish va qishloq hamjamiyatlarining iqlimga chidamliligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
FAO, davlat tashkilotlari va xalqaro hamkorlar tuproqni muhofaza qiluvchi, suv tejovchi va iqlim o‘zgarishiga mos amaliyotlarni kengaytirish, degradatsiyaga uchragan landshaftlarni tiklash hamda barqaror qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettiradi.
Fikr bildirish