Извините, этот техт доступен только в “O´zbek”. For the sake of viewer convenience, the content is shown below in the alternative language. You may click the link to switch the active language.
Har yili Butunjahon metrologiya kuni jamiyat hayotida o‘lchashlar qanday muhim o‘rin tutishini, shuningdek, o‘lchash natijalariga butun dunyo bo‘ylab ishonish, ularni solishtirish va ularga tayanish imkonini beradigan hamkorlikni yana bir bor yodga olish uchun imkoniyat yaratadi.
Xalqaro Metrik Konvensiyasining 150-yilligi nishonlangan tarixiy yildan so‘ng, Butunjahon metrologiya kuni bizni kelajakka nigoh tashlashga chorlaydi. Bu yilgi mavzu – “Metrologiya: Muhim qarorlarni qabul qilishda ishonchni mustahkamlash” – ilm-fan, boshqaruv va jamoatchilik ishonchi o‘rtasidagi bog‘liqlikni, shuningdek, muhim qarorlar ishonch bilan qabul qilinishi uchun zamin yaratadigan ko‘zga ko‘rinmas, ammo muhim mehnatni bevosita aks ettiradi.
Muhim qarorlarni qabul qilishda nega ishonchni ta‛minlash kerak?
Ishonchli o‘lchashlar siyosatchilar va qaror qabul qiluvchilar murakkab masalalarni hal etishda tayanadigan daliliy asosni taqdim etadi – bu aholi salomatligini muhofaza qilish va xavfsizlikni ta‛minlashdan tortib, energetika tizimlarini boshqarish, atrof-muhit monitoringi va kundalik bozor munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan sohalarni qamrab oladi. Ma‛lumotlar aniq, solishtirsa bo‘ladigan va izchil kuzatiladigan bo‘lsa, qarorlar yanada ravshanlik va ishonch bilan qabul qilinadi.
Ishonchli o‘lchashlar nafaqat ilmiy jihatdan asosli, balki aniq va oldindan bashorat qilinadigan qonunlashtiruvchi tizimlar doirasida qo‘llanilganda yanada mustahkamlanadi. Ilmiy metrologiya o‘lchashlarning aniqligi va mamlakatlararo taqqoslanishini ta‛minlaydi; qonuniylashtiruvchi metrologiya esa ularning amaliyotda izchil va adolatli qo‘llanilishini kafolatlaydi. Birgalikda ular siyosat maqsadlarini jamoat manfaatiga xizmat qiladigan amaliy me‛yorlarga aylantirishga yordam beradi.
O‘lchashdan amaliy siyosatgacha
Metrologiyaning siyosatga ta‛siri, masalan, sog‘liqni saqlash sohasida ayniqsa yaqqol ko‘rinadi. COVID-19 pandemiyasi davrida dunyo bo‘ylab metrologiya laboratoriyalari sinovlar, himoya vositalari va vaksina ishlab chiqish uchun ishonchli o‘lchashlarni ta‛minlash yo‘lida ish olib bordi. Taqqoslanadigan va kuzatiladigan ma‛lumotlar sog‘liqni saqlash organlariga xatarlarni baholash, samaradorlikni oshirish va muhim pallada dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini berdi.
Xuddi shuningdek, uzoq muddatli ekologik monitoring ham ishonchli o‘lchashlarga tayanadi. Atmosfera gazlari, suv sifati va ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha xalqaro darajada solishtiriladigan o‘lchashlar vaqt davomida tendensiyalarni kuzatish va inson salomatligi hamda tabiiy resurslarni himoya qiluvchi tartibni o‘rnatishda davlat organlari foydalanadigan ma‛lumotlarga asos bo‘ladi. Bu o‘lchashlar qanday amalga oshirilishi va qanday taqqoslanishiga ishonch bo‘lmasa, bunday qarorlar mustahkam tayanchga ega bo‘lmas edi.
Metrologiya sifatni ta‛minlash va adolatli bozor amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlashda ham asosiy o‘rin tutadi. Masalan, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida metrologiya dasturlari mamlakatlarning ifloslantiruvchi moddalar, qoldiq moddalar va oziqaviy tarkibni o‘lchash salohiyatini mustahkamladi. Bu esa davlat organlari va ishlab chiqaruvchilarga mahsulotlar belgilangan talablarga mos ekanini tasdiqlashga yordam berdi.
Shu bilan birga, qonuniylashtiruvchi metrologiya tizimlari savdoda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalari, jumladan yoqilg‘i tarqatish qurilmalari, suv va elektr hisoblagichlari belgilangan tartibda ishlashini ta‛minlaydi. Bunday o‘lchash vositalari tegishli huquqiy nazorat ostida bo‘lganda, ishonch nafaqat ishlab chiqaruvchilar va iste‛molchilar o‘rtasida, balki davlat organlari bilan ular xizmat qilayotgan jamiyat o‘rtasida ham mustahkamlanadi.
Hamkorlik orqali bunyod etilgan ishonch
Natijada metrologiya siyosatni shakllantiradigan dalillar, jamiyatni himoya qiladigan mexanizmlar, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik uchun tayanch bo‘lib xizmat qiladi.
O‘lchashlar ishonchli va izchil qo‘llanilganda, ishonch faqat ma‛lumotlargagina emas, balki ularga tayanuvchi institutlar, kelishuvlar va qarorlarga ham taalluqli bo‘ladi.
Ushbu Butunjahon metrologiya kunida biz global metrologiya hamjamiyatini ishonchli o‘lchashlarning qarorlar shakllanishidagi o‘rni haqida fikr yuritishga hamda bu ishonchni ta‛minlaydigan hamkorlik va umumiy sadoqatni e‛tirof etishga chorlaymiz.
Siz bilan birgalikda 20-may kuni ushbu sanani nishonlashni intizorlik bilan kutib qolamiz!
Добавить комментарий