Sorry, this entry is only available in O´zbek. For the sake of viewer convenience, the content is shown below in the alternative language. You may click the link to switch the active language.
Xorazm filiali
2025-yil O‘zbekiston milliy metrologiya institutining Xorazm filiali faoliyatida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab bergan muhim davr bo‘ldi. Ushbu yil davomida metrologik infratuzilmani modernizatsiya qilish, xalqaro standartlarni joriy etish, ilmiy salohiyatni oshirish hamda hudud iqtisodiyotiga amaliy hissa qo‘shish borasida salmoqli natijalarga erishildi.
Bugungi kunda filial Xorazm viloyatida metrologik xizmatlar ko‘rsatishning yetakchi markazlaridan biri sifatida faoliyat yuritmoqda. Uning tarkibida 10 ta qiyoslash va 6 ta kalibrlash laboratoriyalari mavjud bo‘lib, ular geometrik, massa, bosim, harorat, elektr, fizik-kimyoviy, optik-fizikaviy, vaqt va chastota kabi o‘lchash yo‘nalishlarini qamrab olgan. Bu esa o‘lchashlar birligini ta‛minlashda kompleks va tizimli yondashuv shakllanganidan dalolat beradi.
Mazkur laboratoriyalar orqali o‘lchash vositalari 11 ta yo‘nalish bo‘yicha 145 turda qiyoslashdan o‘tkaziladi, shuningdek 6 ta yo‘nalishda 15 turdagi kalibrlash xizmatlari ko‘rsatiladi. Bunday keng qamrov hududdagi 4 mingdan ortiq sanoat korxonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, 27 mingdan ortiq o‘lchash vositalarining aniq va ishonchli ishlashini ta‛minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Filial tomonidan qiyoslash, kalibrovka, metrologik attestatsiyadan hamda sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, akkreditatsiya doirasi 118 turdagi o‘lchash vositalari va 24 turdagi sinov vositalarini qamrab olgan. Shu bilan birga, 195 ta namunaviy uskuna va o‘lchash vositalaridan iborat texnik baza filialning yuqori salohiyatini namoyon etadi.
2025-yil infratuzilmani modernizatsiya qilishda ham muhim bosqich bo‘ldi. Xususan, bosim, harorat va massa yo‘nalishlaridagi laboratoriyalar energiya tejovchi texnologiyalar asosida ta‛mirlandi, zamonaviy ish muhiti yaratilib energiya samaradorligini oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta‛minlashga ham xizmat qildi.
Filial faoliyatida texnik innovatsiyalar alohida o‘rin tutadi. Jumladan, manometrlarni qiyoslash va kalibrlash uchun mo‘ljallangan bosim kollektori qurilmasi prototipi ishlab chiqildi. Ushbu qurilma bir vaqtning o‘zida to‘rtta manometrni tekshirish imkonini berib, xizmat ko‘rsatish tezligi va samaradorligini sezilarli darajada oshirdi.
Laboratoriyalarning aniqlik darajasini oshirish maqsadida yil davomida qator standart namuna va etalon materiallar xarid qilindi. Xususan, gematologik va peshob analizatorlari uchun maxsus namuna materiallari, shuningdek refraktometrlar va boshqa o‘lchash vositalari uchun zarur komponentlar joriy etildi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida fizik-kimyoviy o‘lchashlar yo‘nalishida O‘zDSt 3444:2020 standarti asosida akkreditatsiya doirasi kengaytirildi, yangi kalibrlash uslubiyatlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Barcha jarayonlar ISO/IEC 17025:2019 xalqaro standarti talablari asosida amalga oshirildi.
Umuman olganda, Xorazm filiali faoliyati hududiy metrologiya tizimini rivojlantirish, o‘lchashlar aniqligi va ishonchliligini ta‛minlash hamda sanoat tarmoqlarini zamonaviy metrologiya xizmatlari bilan ta‛minlashda muhim o‘rin tutadi. 2026-yilda filial oldida turgan asosiy vazifalar erishilgan natijalarni mustahkamlash, yangi xizmat turlarini joriy etish va xalqaro standartlar asosida faoliyatni yanada kengaytirishdan iborat.
Leave a Reply