Sorry, this entry is only available in O´zbek. For the sake of viewer convenience, the content is shown below in the alternative language. You may click the link to switch the active language.
Hurmatli soha fidoyilari, qadrli metrologlar!
Sizlarni kasb bayramingiz – 20 may Butunjahon metrologiya kuni bilan O‘lchash vositalari va texnik mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasi jamoasi nomidan chin qalbdan samimiy muborakbod etamiz!
Joriy yilda ushbu sana xalqaro miqyosda “Metrologiya: muhim qarorlarni qabul qilishda ishonchni mustahkamlash” shiori ostida nishonlanmoqda. Bu bejiz emas. Zero, har qanday strategik qaror – xoh u davlat boshqaruvi, jamoat xavfsizligi bo‘lsin, xoh energetika, ekologiya yoki iqtisodiy barqarorlik – barchasi aniq o‘lchashlar va ishonchli dalillarga tayanadi.
Laboratoriya faoliyatida tarixiy burilish va zamonaviy bosqich
Laboratoriyamiz faoliyati bugungi kunda sifat va xavfsizlikni ta‛minlashning muhim bo‘g‘iniga aylangan. Agar tarixga nazar tashlasak, avvallari mazkur laboratoriya faqatgina 5 turdagi sinovlarni amalga oshirish bilan cheklangan edi. Bugungi kunda esa tizimli islohotlar natijasida ushbu sinov turlari 14 taga yetkazildi. Jumladan:
1. Og‘irlik sinovlari.
2. Gabarit o‘lchamlari sinovlari.
3. Izolyatsiya mustahkamligini sinash.
4. Elektr izolyatsiyasi qarshiligini sinash.
5. Issiq iqlim sharoitida sinash.
6. Sovuq havo harorati sharoitida sinash.
7. Namlik sharoitida sinash.
8. Birinchi raqamli xavfsizlik darajasida kirish qismlarini sinash (IP1X–IP6X).
9. Ikkinchi raqamli xavfsizlik darajasida o‘tkazuvchanlikni sinash (IPX1–IPX8).
10. Mavjud qopqoq qismlari va bo‘shliqlarni, sizish yo‘llarini tekshirish.
11. Radioxalaqitlar talablariga sinash.
12. Shovqin miqdorini o‘lchash.
13. Iste‛mol quvvatini tekshirish.
14. Tok sizib chiqishini tekshirish.
Yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni yana 2 taga oshirish, ya‛ni 16 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, laboratoriyada avtotransport vositalari oynalarining tusi o‘zgartirilgan qismlarining qoraytirilganlik darajasini (yorug‘lik o‘tkazuvchanligini) aniqlash bo‘yicha yangi turdagi sinov xizmatlari ham yo‘lga qo‘yildi.
Yana bir muhim jihat – laboratoriyaning akkreditatsiya sohasi misli ko‘rilmagan darajada kengaydi. Avvallari 21 ta ko‘rsatkich bo‘yicha sinovlar amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda bu raqam 469 tani tashkil etmoqda. Bu esa xizmatlar ko‘lami va sifatining yuqori darajaga chiqqanidan dalolat beradi.
Qolaversa, laboratoriyaning o‘z shaxsiy logotipiga ega ekani uning brendi va nufuziga bo‘lgan e‛tiborning ifodasidir.
Har qanday texnika va uskuna ortida, shubhasiz, inson mehnati turadi. Ushbu yutuqlarga erishishda laboratoriya xodimlarining hissasi beqiyos. Bugun laboratoriyamizda 6 nafar professional mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Quvonarlisi, jamoada ilmiy salohiyatga ega 2 nafar mustaqil tadqiqotchi, 1 nafar magistrant va 3 nafar yuqori malakali mutaxassis (bakalavr) soha rivoji yo‘lida samarali mehnat qilmoqda.
Inson salomatligi va xavfsizligini ta‛minlash, o‘lchashlardagi xatoliklarning oldini olish yo‘lidagi xizmatlaringiz tahsinga loyiq. Sizlarga mustahkam sog‘liq, sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar va yangi ilmiy yutuqlar tilaymiz.
Sizning bilim va mas’uliyatingiz – mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam kafolatidir!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
O‘lchash vositalari va texnik mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasi jamoasi
Najmiddin NURMUXAMEDOV, O‘lchash vositalari va texnik mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish laboratoriyasi boshlig‘i
Leave a Reply