O‘ttiz besh yil avval O‘zbekiston jahon iqtisodiyotiga mustaqil davlat sifatida kirib keldi. Ammo mamlakatimizning chinakam iqtisodiy ochilishi bor-yo‘g‘i to‘qqiz yil avval boshlandi. Bu to‘qqiz yil davomida biz yopiq, taqsimlovchi modeldan investor ishonadigan, tadbirkor o‘sadigan va oddiy odam ham natijasini ko‘radigan ochiq iqtisodiyotga o‘tdik. Bugun bu yo‘lning mantig‘i, uning ortidagi tizimli ishlar va eng muhimi, odamlar hayotiga ta‛siri haqida so‘z yuritmoqchiman.
Burilish nuqtasi
Har qanday islohotning boshlanish sanasi bo‘ladi. 2017-yil 2-sentabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan farmon bilan milliy valyutaning joriy operatsiyalar bo‘yicha erkin konvertatsiyasi ta‛minlandi va yagona bozor kursiga o‘tildi. Bu texnik qaror kabi ko‘rinsa-da, uning ma‛nosi oddiy, ya‛ni davlat o‘z pulining haqiqiy bahosini tan oldi va bozorga ishondi. O‘sha kundan boshlab xorijiy investor o‘z foydasini erkin olib chiqa olishiga, eksportchi esa valyuta tushumini haqiqiy kursda hisoblashiga ishonch hosil qildi.
Natija raqamlarda yaqqol ko‘rinadi. Mamlakat eksporti 2025-yilda 33,8 mlrd. dollarga yetib, mustaqillikning ilk yiliga nisbatan 18,8 barobarga o‘sdi, tashqi savdo aylanmasi 81,2 mlrd. dollarni tashkil etdi. 2017-2025-yillarda iqtisodiyotimizga 156,3 mlrd. dollar xorijiy investitsiya va kreditlar, shu jumladan 131,3 mlrd. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirildi. Yillik hajm 4,5 mlrd. dollardan 43,1 mlrd. dollarga, qariyb 10 barobar oshdi. Joriy yilda esa 53 mlrd. dollar o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Raqamlar ortidagi odamlar
Iqtisodchilar uchun bu – makrostatistika. Ammo biz vazirlikda har bir mlrd. dollar ortida nima turganini aniq bilamiz. Davlat investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 70,6 mlrd. dollarlik 1 823 ta yirik loyiha foydalanishga topshirildi va yiliga 707 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Bu aksariyati poytaxtdan tashqarida bo‘lgan 520 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni degani.
Xususan, umumiy investitsiyalarning 55 foizi aynan hududiy loyihalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Namanganni olaylik, ishlab chiqarish hajmi 6 baravar oshdi, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar 8,3 mlrd. dollarga yetdi. Bu shuni anglatadiki, bir vaqtlar ishlash uchun chet elga ketishga majbur bo‘lgan namanganlik yigit bugun o‘z shahrida zamonaviy korxonada ishlaydi va oilasi yonida qoladi. Qoraqalpog‘iston aholi jon boshiga ko‘rsatkichlar bo‘yicha oxirgi o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tarildi. Investitsiya bu – avvalo yangi ish o‘rni, barqaror daromad va hududlar o‘rtasidagi tafovutning kamayishidir.
Investitsiyalar yana bir narsani o‘zgartiradi – do‘kon peshtaxtasini. To‘qqiz yil avval bozorlarimizdagi qurilish materiallari, elektrotexnika, mebel, dori-darmonlarning katta qismi import edi. Bugun qurilish materiallari eksporti 55 million dollardan 1,2 mlrd. dollarga, elektrotexnika mahsulotlari eksporti 190 million dollardan 1,5 mlrd. dollarga oshdi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulot nafaqat ichki bozorni to‘ldiryapti, balki Yevropa va Osiyo do‘konlarida sotilyapti. Raqobat kuchayganda esa yutadigan birinchi tomon – xaridor, ya‛ni sifat oshadi, narx barqarorlashadi.
Ishonch arxitekturasi
Investor pulini olib keladigan joyda qoidalar aniq, sud adolatli bo‘ladi, davlat esa o‘z so‘zida turadi. Shuning uchun so‘nggi yillarda vazirlik nafaqat kapital jalb qilishga, balki ishonch jalb qilishga alohida e‛tibor qaratdi. 2019-yilda qabul qilingan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun xorijiy investor uchun xususiy mulk daxlsizligi, milliy rejim va barqaror soliq sharoitlarini qonuniy kafolatladi. Toshkent xalqaro arbitraj markazi investorga nizolarni xalqaro standartlar asosida hal etish imkonini berdi.
Biroq ishonch qonun bilan emas, muloqot bilan mustahkamlanadi. Xorijiy investorlar kengashi bir yil ichida 54 tadan 85 ta kompaniyani birlashtirgan, iqtisodiyotning 23 tarmog‘ida
faoliyat yurituvchi mustaqil Assotsiatsiyaga aylandi. Uning ijroiya qo‘mitasida YTTB, Osiyo Taraqqiyot Banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etadi. Kengash yalpi majlislari Prezidentimiz raisligida o‘tkaziladi va har bir taklif aniq ijrochi va muddat bilan hukumat topshirig‘iga aylanadi. Joriy yilgi forum davomida investorlardan kelib tushgan 120 ta taklif asosida bank, energetika, sun‛iy intellekt, kapital bozori va korporativ boshqaruv bo‘yicha islohotlarning yagona yo‘l xaritasi shakllantirilmoqda. Investor uchun bu oddiy, lekin hal qiluvchi signal, ya‛ni uning ovozi eshitiladi va qarorga aylanadi.
Xalqaro hamjamiyat bu tizimli ishni e‛tirof etdi. O‘zbekiston IHTTning Xalqaro investitsiyalar va transmilliy korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilish jarayonini boshladi – bu 50 dan ortiq davlat amal qiladigan, investorga nisbatan milliy rejim va mas‛uliyatli biznes yuritish standartlarini belgilovchi asosiy xalqaro hujjatdir. IHTT bilan imzolangan memorandum doirasida investitsiya siyosatimiz ushbu tashkilotning standartlari asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda.
AQSh Tijorat xizmati bilan memorandum Amerika kompaniyalarining mamlakatimizga kirishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lak yaratdi.
Reyting agentliklarining bahosi ham shuni tasdiqlaydi. Xususan, Fitch Ratings va S&P Global Ratings mamlakat suveren reytingini “BB”, Moody‛s esa “Ba2” darajasiga ko‘tardi, Fitch joriy yil iyun oyida prognozni “ijobiy”ga o‘zgartirdi. Investitsiyaviy darajaga yetish uchun atigi 2 pog‘ona qoldi.
2026-yil 13-mayda Milliy investitsiya jamg‘armasi xalqaro kapital bozorida ilk IPO o‘tkazdi. Ushbu bitim hajmi bo‘yicha joriy yilda Yevropadagi eng yirik joylashtirishlar qatoridan o‘rin oldi. Jahon investorlari O‘zbekiston aktivlarini sotib olayotgani – islohotlarimizga berilgan eng xolis bahodir.
Tezlik – investorning asosiy valyutasi
Ishonchning ikkinchi o‘lchovi bu vaqt. Investor va eksportchi uchun bir oy kutish degani bu yo‘qotilgan shartnoma degani, o‘z vaqtida olingan ruxsatnoma esa, o‘z navbatida, ishga tushgan korxona demakdir. Shuning uchun vazirlik o‘z ishini investor faoliyatining to‘liq hayot sikli – jalb etish, ishga tushirish, kengaytirish va qayta investitsiya qilish – asosida qayta qurdi.
invest.gov.uz yagona investitsiya portali va eksport xizmatlarining yagona raqamli platformasi orqali investor va eksportchi davlat idoralari bo‘ylab yurish o‘rniga “bir murojaat – bir javob” tamoyilida xizmat oladi. Har bir murojaat raqamli tizimda kuzatiladi va muddat buzilishi to‘g‘risida avtomatik tarzda xabar beriladi. Shu o‘rinda, xizmat ko‘rsatish tezligi vazirlik xodimlarining shaxsiy samaradorlik ko‘rsatkichiga aylantirildi.
Va eng muhimi, albatta, biz investorni bir marta jalb qilishni emas, uning uzoq muddat mamlakatda faoliyat yuritishini va loyihasini kengaytirishini maqsad qilamiz. Buni biz islohotlar samaradorligining bosh mezoni deb hisoblaymiz.
Keyingi avlod institutlari
Ishonch tizimini mustahkamlash uchun vazirlik yangi avlod huquqiy asoslarini yaratmoqda. Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi soliq ta‛tillari o‘rniga tayyor infratuzilma, tezkor ishga tushirish va real xarajatlarni natijaga qarab qoplash modelini nazarda tutadi. Bunda, davlat investorning va‛dasidan emas, uning qilgan ishidan manfaatdor bo‘ladi. Muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risidagi qonun loyihasi xususiy va venchur kapitalni jalb etishning xalqaro andozadagi institutini, ya‛ni hamkorlik fondlari, malakali investor rejimini yaratadi. Shuningdek, investitsiya loyihalarini kompleks baholashning yangi tizimi har bir loyihani qo‘shilgan qiymat, eksport salohiyati va ish o‘rinlari bo‘yicha yagona mezonlar asosida o‘lchaydi.
Bu institutlar 2026-yil iyul oyida qabul qilingan Konstitutsiyaviy qonun asosida tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazida birlashadi. Markaz ishtirokchilari uchun soliq rejimi 2076-yilgacha kafolatlangan bo‘lib, 2030-yilgacha mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha 20–25 mlrd. dollar jalb etishi kutilmoqda.
Oddiy odam uchun bu nimani anglatadi? Mahalliy tadbirkor uchun arzon va uzoq muddatli moliya manbaini, yoshlarimiz uchun chet elga ketmasdan, o‘z yurtida yuqori haq to‘lanadigan kasbga ega bo‘lish imkoniyatini anglatadi hamda mamlakat uchun esa mintaqa kapitalining Toshkentda jamlanishiga zamin yaratadi.
Investitsiyalar kelajak tarmoqlariga yo‘naltirilmoqda. Xususan, “yashil” energetikaga qariyb 9 mlrd. dollar jalb qilinib, 2030-yilgacha “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Har bir oila uchun bu barqaror elektr ta‛minoti va toza havo kafolati demakdir.
Dunyoga ochiq savdo
Eksportni rivojlantirish mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun dolzarb masala hisoblanadi. Farg‘onadagi fermer o‘z mevasi Yevropa do‘koniga yetib borishini, Andijondagi ishlab chiqaruvchi kabeli AQSh bozoriga kirishini xohlaydi.
Shuning uchun vazirlik eksportchilarimiz uchun yangi bozorlarni ochish va yangi eksport imkoniyatlarini yaratish bilan shug‘ullanadi. Xususan, Yevropa Ittifoqining “GSP+” tizimi doirasida Ittifoq mamlakatlariga eksport 401,7 million dollardan 1,5 mlrd. dollarga yetdi. Shu o‘rinda, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida AQSh bilan tovar ayirboshlashni 1 mlrd. dollardan oshirishga erishildi.
O‘z navbatida, eksportchilarning hamkor davlatlar bozorlariga kirishida yengilliklar yaratish maqsadida Pokiston va Turkiya bilan imtiyozli, Turkmaniston bilan bojsiz savdo rejimlari joriy etildi.
Jahon savdo tashkilotiga a‛zo bo‘lish bu dolzarb vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Jumladan, ishchi guruhga kiruvchi 34 ta davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi, mart oyidan beri 190 dan ortiq normativ hujjat Tashkilot qoidalariga moslashtirildi. Shu bilan birga, Davlatimiz rahbari joriy yilda a‛zolikni yakunlash vazifasini qat‛iy qo‘ygan. Eksportchi uchun bu 160 dan ortiq bozorga kafolatli va bashorat qilinadigan kirish, iste‛molchi uchun esa raqobatbardosh sifat va narxni anglatadi.
Oldinda
Erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolishga haqqimiz yo‘q. Prezidentimiz haqli ravishda ta‛kidlayotganidek, investitsiyalarning hududlar kesimida notekis taqsimlanishi, boshlangan loyihalarni o‘z vaqtida va to‘liq quvvatda ishga tushirish, eksport tarkibida xomashyo ulushini kamaytirish va investor bilan ishlashda har qanday byurokratik to‘siqni bartaraf etish masalalari kundalik diqqat markazimizda bo‘lib qoladi.
2030-yilga qadar suveren reytingni investitsiyaviy darajaga olib chiqish, Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a‛zolik, “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish – bular “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan aniq maqsadlardir. Ammo bizning asl mezonimiz reyting ham, trln.lar ham emas. Asosiy mezon bu namanganlik yosh mutaxassisning o‘z yurtida qolgani, farg‘onalik fermerning mevasi Berlinda sotilgani va har bir jalb etilgan dollar ortida oddiy inson hayotidagi real o‘zgarish turganidir. Mustaqillikning 35 yilligini qarshilab, biz aynan shunday tizimni – ishonch, tezkorlik va aniq natijalarga asoslangan tizimni barpo etmoqdamiz.