Извините, этот техт доступен только в “O´zbek”. For the sake of viewer convenience, the content is shown below in the alternative language. You may click the link to switch the active language.
O‘lchashlar savdo munosabatlarining deyarli barcha bosqichlarida muhim o‘rin tutadi. Mahsulotning og‘irligi, hajmi, miqdori yoki tarkibini to‘g‘ri aniqlanishi xaridorni ham, sotuvchini ham zarar ko‘rishdan saqlashdir. Shu bois o‘lchash natijalari ishonchli va talab etilgan aniqlikda bo‘lishi zarur. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarida zararli moddalar, pestitsidlar, antibiotiklar, gormonlar yoki toksinlar mavjud emasligini aniqlash mahsulotni to‘g‘ri yorliqlashda hamda uning og‘irligini adolatli belgilash iste‛molchilar huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Yirik savdo operatsiyalarida o‘lchash xatoligi juda katta moliyaviy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, quvur orqali o‘tayotgan neft hajmini o‘lchashda hatto foizning kichik qismiga teng xatolik ham hisob-fakturada ulkan farqni keltirib chiqaradi. Bunday holatda bitim ishtirokchilaridan biri nohaq zarar ko‘radi, davlat esa soliq tushumlaridan mahrum bo‘lishi mumkin. Shu sababli aniq va ishonchli o‘lchash tizimi iqtisodiy adolat, moliyaviy shaffoflik va davlat manfaatlarini ta‛minlashning muhim vositasi hisoblanadi.
Texnik reglamentlar va standartlar ishlab chiqishda metrologik tizim mavjud bo‘lishi, ushbu standart va reglamentlar savdoda texnik to‘siqqa aylanishini, xarajatlarni oshirilishini, tovarlar harakatini cheklanishini yoki qayta-qayta sinovlar o‘tkazilishini oldini oladi.
Shuningdek, turli mamlakatlarda ishlab chiqarilgan detallar va komponentlarni bir-biriga mos holda yig‘ish uchun yagona va uyg‘un o‘lchash tizimi talab etiladi.
Shu bois global savdo, sanoat kooperatsiyasi va mahsulotlar xavfsizligi xalqaro darajada tan olingan yagona o‘lchash tizimiga bevosita bog‘liqdir.
Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkiloti (OIML) – o‘lchash vositalarini davlat tomonidan tartibga solish sohasida xalqaro hamkorlikni ta‛minlovchi tashkilot hisoblanadi. U 1955-yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy maqsadi turli davlatlarda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalari va metrologik talablarni uyg‘unlashtirishdan iborat. OIML bosh vakolatxonasi Fransiyaning Parij shahrida joylashgan.
Dastlab tashkilotga Yevropa mamlakatlari a‛zo bo‘lgan va ular xalqaro savdoda adolatli va aniq o‘lchash tizimini yaratish zaruratidan kelib chiqqan holda birlashgan. Keyinchalik boshqa qit’alardan ham ko‘plab davlatlar qo‘shildi.
Hozirgi kunda OIML tarkibiga 63 ta to‘laqonli a‛zo davlat va 66 ta kuzatuvchi (corresponding) a‛zolar kiradi.
Tashkilotning asosiy vazifalariga:
● metrologiya sohasida xalqaro tavsiyalar ishlab chiqish,
● o‘lchash vositalarining muvofiqligini ta‛minlash,
● savdo va iqtisodiy munosabatlarda ishonchli o‘lchashlarni ta‛minlash kiradi.
Shuningdek, OIML tomonidan qabul qilingan standartlar va tavsiyalar dunyo bo‘ylab milliy metrologiya tizimlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagi ma‛lumotlar asosida OIMLga to‘liq a‛zolikning muhim jihatini rasmiy-amaliy mazmunda shunday shakllantirish mumkin: OIMLga to‘liq a‛zolik uning 1955-yilda imzolangan Konvensiyasini ratifikatsiya qilish orqali ta‛minlanadi.
Korrespondent a‛zolik OIML faoliyatini kuzatish va axborot olish imkonini beradi, to‘liq a‛zolik esa – A‛zo davlat sifatida jarayonlarda ovoz berish, texnik qarorlarni qabul qilish o‘z taklif va tashabbuslarini olg‘a surish va o‘lchash vositalarini sertifikatlashtirish tizimi (OIML- CS) tizimda faol ishtirok etish uchun asosiy shart hisoblanadi. To‘liq a‛zolar Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya bo‘yicha qo‘mita (CIML) va Konferensiya qarorlari bo‘yicha ovoz berish huquqiga ega.
Korrespondent a‛zolik imkoniyatlari cheklangan.
Korrespondent a‛zo OIML hujjatlaridan foydalanishi, texnik ishlarda ishtirok etishi va izohlar berishi mumkin, biroq ovoz berish huquqiga ega emas; OIML texnik qo‘mitalari turli ishchi guruhlari (TK/SC/PG)da asosan kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi. Bu milliy manfaatlarni standart va tavsiyalar ishlab chiqish jarayonida to‘liq himoya qilish imkoniyatini cheklaydi.
Nuriddin RAYMJONOV, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Bosh metrologi
Добавить комментарий