Sorry, this entry is only available in O´zbek. For the sake of viewer convenience, the content is shown below in the alternative language. You may click the link to switch the active language.
Tadbirkorlik subyektlari iqtisodiyotda qiymat yaratishning muhim manbai bo‘lib, ularning afzalligi – moslashuvchanlik, bozorga tez kirish, mahalliy ehtiyoj va resurslarga yaqinlik, ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish jarayonlarini qisqa zanjirda tashkil eta olishidadir. Shu sababli tadbirkorlik subyektlarida resurslardan foydalanish samaradorligi nafaqat korxona darajasidagi boshqaruv masalasi, balki makroiqtisodiy barqarorlik, bandlik va hududiy rivojlanish uchun ham strategik ahamiyatga ega.
O‘zbekiston sharoitida iqtisodiy resurslarning katta qismi tadbirkorlik subyektlari orqali taqsimlanadi va qayta taqsimlanadi. Kapital, mehnat, xomashyo, energiya va axborot resurslarining samaradorligi ko‘p jihatdan aynan kichik korxonalar boshqaruviga bog‘liq.
Resurslardan samarali foydalanish mavzusi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan biznes muhitini yaxshilash, ruxsat berish tartib-taomillarini optimallashtirish, soliq ma’murchiligini takomillashtirish va moliyaviy xizmatlar inklyuziyasini kengaytirish kabi islohotlar bilan hamohangdir. Ushbu islohotlarning natijadorligi aynan kichik korxonalar resurslardan qanchalik unumli foydalanishi bilan o‘lchanadi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida resurslardan foydalanish samaradorligini tahlil qilish uchun statistik usullar, jumladan, regressiya va qiyosiy tahlil usullaridan foydalanildi. Bu esa qayd etilmagan iqtisodiy oqimlarni aniqlashga yordam berdi.
Tadbirkorlik subyektlarida iqtisodiy resurslardan foydalanishni boshqarishni takomillashtirish uchun ishlab chiqarish jarayonida texnologik, moddiy va mehnat resurslaridan foydalanish darajasini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyat samaradorligi ulardagi resurslarni boshqarish tizimini takomillashtirishga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu boshqaruv tizimini doimiy ravishda rivojlantirib borish xarajatlarni kamaytirish va iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash imkonini beradi.
Resurslarni oqilona boshqarish korxonalarning yalpi qo‘shilgan qiymat (YAQQ) yaratish qobiliyatini oshiradi va iqtisodiy o‘sishning muhim omiliga aylanadi.
2024-yilda kichik tadbirkorlik subyektlari yaratgan yalpi qo‘shilgan qiymat tarkibida xizmatlar (40,5 %) va qishloq xo‘jaligi (37,1 %) asosiy ulushni egallagan. Bu kichik korxonalar iste’mol bozoriga yaqin segmentlarda ustun ekanini ko‘rsatadi. Sanoat (12,8 %) va qurilish (9,6 %) tarmoqlarining nisbatan past ulushi esa kichik biznesning yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashuvi hali sust ekanligini anglatadi (1-rasm).
O‘zbekiston iqtisodiyotida tadbirkorlik subyektlarining yalpi qo‘shilgan qiymat yaratishdagi hissasi tarmoqlar kesimida notekis taqsimlangan bo‘lib, bu sektorning iqtisodiy samaradorlik profilini belgilaydi. 2024-yilning birinchi yarim yilligi ma’lumotlariga ko‘ra (3-rasm), xizmatlar va qishloq xo‘jaligi tadbirkorlik subyektlarining asosiy iqtisodiy tayanchi hisoblanadi.
O‘zbekiston iqtisodiyotida tadbirkorlik subyektlarining YAIM tarkibidagi ulushi resurslar taqsimoti va qiymat yaratish zanjiridagi samaradorlikni aks ettiruvchi muhim indikator hisoblanadi.
2016–2025-yillar oralig‘idagi dinamika tahlili (1-jadval) mazkur ko‘rsatkichning 66,8 % dan 52,2 % gacha pasayish tendensiyasini ko‘rsatadi. Ushbu holat kichik biznesning raqobatbardoshligi pasayganini emas, balki iqtisodiyotda yirik investitsion loyihalar va bazaviy sanoat tarmoqlarining kengayishi hisobiga YAIMdagi ulushlarning qayta taqsimlanishini anglatadi.
Kichik biznes resurslardan samarali foydalanishining ijtimoiy natijasi bandlikda, tashqi bozor natijasi esa eksportda namoyon bo‘ladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2010–2024-yillarda kichik biznesning jami bandlikdagi ulushi 73,9–78,2 % oralig‘ida bo‘lgan. 2020–2024-yillarda esa mos ravishda 74,5 %, 74,5 %, 73,9 %, 74,0 % va 74,5 % ni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich kichik korxonalar mehnat resurslarini jalb qilishda asosiy institut ekanini ko‘rsatadi.
Statistik tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2010–2024-yillar oralig‘ida kichik biznes mamlakatimizdagi umumiy bandlik tizimining asosiy tayanchiga aylangan. 2020–2024-yillar kesimidagi dinamika (2-rasm) sektorning yuqori darajadagi barqarorligini namoyon etadi.
Eksport bo‘yicha kichik tadbirkorlik subyektlarining jami eksportdagi ulushi 2020-yilda 20,5 %, 2021-yilda 20,0 %, 2022-yilda 31,2 %, 2023-yilda 27,9 % va 2024-yilda 34,1 % bo‘lgan. Eksport ulushining oshishi resurslardan foydalanish samaradorligining amaliy natijasini ko‘rsatadi.
Eksport dinamikasi tahlili 2020- yildagi 20,5 % lik ko‘rsatkichdan 2024-yildagi 34,1 % gacha bo‘lgan o‘sishni namoyon etmoqda. Xususan, 2022-yildan boshlab kuzatilgan keskin o‘sish tashqi bozorlarda sifat, xalqaro sertifikatlash va logistika tizimlarini optimallashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar natijasi sifatida baholanadi.
Bandlik va eksport ko‘rsatkichlarini birgalikda tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, kichik biznes ko‘plab ish o‘rinlari yaratmoqda, biroq eksport ulushi bandlik ulushiga nisbatan ancha past. Bu esa mahsuldorlik, texnologik daraja va standartlarga moslashish masalalarini dolzarb etadi.
O‘tkazilgan tahlillar kichik biznesda resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish nafaqat korxona darajasidagi iqtisodiy vazifa, balki makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlovchi tizimli omil ekanligini ko‘rsatdi.
Birinchidan, raqamli transformatsiya kichik biznesda resurslar noaniqligini kamaytiradi. Biroq ko‘plab korxonalar raqamli texnologiyalarni joriy etishda moliyaviy resurslar tanqisligiga duch kelmoqda. Bu esa davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, resurslarni tejash va eksport hajmini oshirish o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud. Xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlik endilikda mahsulotning ekologik va energiya tejamkorlik darajasi bilan ham belgilanmoqda.
Uchinchidan, klasterli yondashuv kichik korxonalar uchun resurslarni tejashning samarali mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi. Tahlillar klasterlar doirasida resurs almashinuvi logistika xarajatlarini 10–15 % ga qisqartirishini ko‘rsatmoqda.
To‘rtinchidan, inson kapitalining ahamiyati yuqori. Eng ilg‘or texnologiyalar ham xodimlarda resurslarni boshqarish madaniyati shakllanmagan bo‘lsa, kutilgan natijani bermaydi.
O‘tkazilgan tadqiqotlar asosida quyidagi yo‘nalishlar taklif etiladi:
● kichik biznesda resurslar samaradorligini oshirish uchun ekotizimli yondashuvni shakllantirish;
● kichik biznesni ekstensiv rivojlanishdan intensiv rivojlanish bosqichiga o‘tkazish;
● innovatsiyalar va raqamlashtirish orqali sifat ko‘rsatkichlarini oshirish;
● yuqori texnologik sanoat segmentlarida kichik biznesning innovatsion salohiyatini rag‘batlantirish;
● eksportga yo‘naltirilgan samaradorlik mezonlari asosida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish.
Xulosa qilib aytganda, kichik korxonalarda resurslarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning asosiy drayverlaridan biridir. Resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki ijtimoiy farovonlikni ta’minlashning ham muhim omili hisoblanadi.
Ilyos XASANOV, Oziq-ovqat texnologiyalari va muhandisligi xalqaro instituti Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha
falsafa doktori (PhD), dotsent
Leave a Reply